Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2021, Тошкент вақти: 03:51

Tramp maslahatchisi: Jahon demokratik va avtoritar davlatlarga bo‘linmoqda


AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O’Brayen

AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O’Brayen tobora ko‘proq davlatlar Xitoy soladigan tahdidni anglab yetarkan, jahon bir tomonda demokratik, boshqa tomonda esa avtoritar davlatlarni qo‘llovchi mamlakatlarga bo‘linayotganini ta’kidladi.

«Menimcha, jahon demokratik hamda dunyoga boshqacha yondashuvchi avtoritar davlatlarga bo‘lina boshlaydi», - deb aytdi O’Brayen 28 oktabr kuni Vashingtondagi Hudson Institute tahlil markaziga bergan intervyusida.

2019 - yilda Jon Bolton o‘rniga milliy maslahatchi etib tayinlangan O’Brayenning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaziyat sovuq urush yillaridagi vaziyatdan farq qiladi, chunki sovuq urush davrida ayrim mamlakatlar na AQShni, na Sovet Ittifoqini qo‘llagan.

O’Brayen Rossiya, Eron va Xitoyni avtoritar davlatlar qatorida tilga oldi va boshqa davlatlar «ularga o‘xshab borayotganini» ta’kidladi. Prezident maslahatchisi ayrim avtoritar davlatlar bir partiya yoki bir yetakchi boshqaradigan «chala» demokratiya ekanligini ta’kidladi.

Xususan, O’Brayen Rossiya, Belarus va Markaziy Osiyo davlatlarida saylovlar kabi demokratiya elementlari borligi, ammo hukmron elita g‘alabasini ta’minlash uchun saylovlar natijalari muntazam ravishda soxtalashtirilishini aytdi. «O‘ylaymanki, Braziliya, Hindiston, AQSh va boshqa mamlakatlar yetakchiligidagi demokratiyalar bir guruh bo‘ladi, avtoritar mamlakatlar esa boshqa guruh bo‘ladi», - dedi maslahatchi.

O’Brayen Xitoy o‘z aholisini nazorat qilish va boshqa mamlakatlarda josuslik qilish uchun foydalanayotgan texnologiyalarni tilga olib, Pekin global miqyosda solayotgan tahdid haqida ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar dunyo mamlakatlari o‘z tarmoqlarida Xitoyda ishlab chiqarilgan 5G texnologiyasidan foydalanadigan bo‘lsa, Pekin jahon bo‘ylab odamlar shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritadi va natijada «o‘z xalqini nazorat qilgandek, boshqalarni ham nazorat qila boshlaydi».

O’Brayen Tramp ma’muriyati hamkor mamlakatlarni Xitoyning 5G texnologiyasini xarid qilmaslikka undayotganini va bu borada allaqachon muayyan yutuqlarga erishganini aytdi. O’Brayenning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Xitoy asta-sekinlik bilan iqtisodiy va siyosiy jihatdan erkinlashmasligini anglab yetgan ilk yetakchidir.

Aslida AQSh siyosati bir necha o‘n yildan beri Xitoy haqida shunday fikrlab keladi. «Xitoy tobora millatchi, manfaatparast va avtoritar davlatga aylanayotganiga hammamiz guvohmiz», - dedi O’Brayen.

Tramp 2017 - yilda prezidentlik kursisiga o‘tirganidan keyin Xitoyni savdo bitimlarini suiiste’mol qilishda ayblab, Xitoydan keladigan ko‘plab mahsulotlarga tariflar joriy qildi. Shu yil yanvarida Tramp ma’muriyati va Xitoy Pekinni keyingi ikki yil davomida 200 milliard dollar qiymatga ega qo‘shimcha AQSh mollarini xarid qilishga majburlovchi kelishuvning ilk bosqichini imzoladi.

«Xitoyga qarshi qat’iy turish bilangina Qo‘shma Shtatlar savdo sohasida real yutuqlarga erishdi», - dedi Tramp maslahatchisi.

XS
SM
MD
LG