Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:49

Turkman maxsus xizmatlari O‘zbekistonga borgan fuqarolarni so‘roq qilmoqda


Ashxobod, Turkmaniston. Oktabr, 2022. Illyustrativ surat
Ashxobod, Turkmaniston. Oktabr, 2022. Illyustrativ surat

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonga safar qilayotgan Turkmaniston fuqarolari soni ortgan. Ayni paytda Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligi (MXV) Lebap viloyati boshqarmasi qo‘shni mamlakatga o‘tib kelmoqchi bo‘lgan fuqarolarni suhbatga chaqirayotgani aytilmoqda. Bu haqda Ozodlikning Turkman xizmatiga suhbatga taklif qilingan kishilar so‘zlab berganlar.

“Barcha ma’lumotnomalar tayyor bo‘lgach MXVga suhbatga kirib-chiqish kerak. O‘zbekistondan qaytgandan so‘ng yana chaqirishadi. O‘z fuqarolarini dushman mamlakatga yuborilayotgan ayg‘oqchilar o‘rnida ko‘rishmoqda”, dedi ismini ochiqlashni xohlamagan lebaplik bir kishi Ozodlik muxbiriga.

MXV xodimlari ulardan asosan qo‘shni mamlakatda bo‘lgan chog‘larida Turkmaniston haqida hech bir salbiy fikr bildirmaslikni talab qilishayotgan ekan. Shuningdek, har bir kishiga O‘zbekistonda turkman diasporasi vakillari qanday yashayotganiga doir ma’lumot to‘plash vazifasi yuklanadi.

“MXV O‘zbekistonda harbiylar, bojxonachilar va migratsiya idoralari xodimlari qancha oylik olishini bilib kelishni ham tayinlaydi. Bunaqa ma’lumotlarni qarindosh-urug‘lar orqali qanday yig‘ishni o‘rgatishadi. Bundan tashqari, giyohvandlik moddalari tashimayapsizmi, deb so‘roq qilishadi”, deydi so‘zining davomida Ozodlik suhbatdoshi.

O‘zbekistondan qaytganidan so‘ng har bir fuqaro o‘z safari haqida hisobot berishga majbur ekan. Bundan bosh tortganlar esa bojxona maskanidan o‘tkazilmaydi.

Ozodlik ushbu suhbatlar xususida Turkmaniston MXVdan izoh olishga muvaffaq bo‘lolmadi. Shuningdek, O‘zbekistonga boradiganlar suhbatga yoppasiga chaqiriladimi yoki tanlab-tanlabmi, buni ham aniqlay olmadik.

Dunyoning eng yopiq mamlakatlaridan biri bo‘lmish Turkmaniston chet el safaridan qaytgan fuqarolarini so‘roqqa tutishi yangilik emas. So‘nggi yillarda Ozodlik ushbu mavzuda ko‘p martalab yozgan.

Turkmanistonda 2020-yili koronavirus pandemiyasi boshlanishi munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar yumshatilgach, chegaralar sekin-asta ochilmoqda va qo‘shni davlatlar, jumladan, O‘zbekistonga borib-kelishni istovchi fuqarolar ko‘paymoqda.

“Shu kunlarda O‘zbekistonning Ashxoboddagi elchixonasi oldida yuzlab odam viza olish uchun navbatda turibdi”, deydi Ozodlik muxbiri.

Ayrimlar O‘zbekistonga tijorat qilish yoki bu yerdan boshqa mamlakatga o‘tib ketish uchun kelishadi. Biroq ko‘pchilik chegaradan beridagi viloyatlarda yashovchi qarindosh-urug‘larini ziyorat qilish uchun safarga chiqadi.

“Ular orasida yaqinlarini besh yillab ko‘rmaganlar, to‘y-ta’ziyalarda qatnasha olmaganlar juda ko‘p. O‘n kunlik viza uchun 51 dollar to‘lash kerak, 20 kunlik viza – 71 dollar, bir oylik viza esa 91 dollar turadi. O‘zbekiston elchixonasi bojni manatda, ammo qora bozor kursida oladi”, ta’kidlaydi muxbirimiz.

Chegaraga tutash Farap, Darg‘anat va Dyonev kabi etraplar (tumanlar) aholisi uchun viza olishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan. Ular uch kunlik vizani 850 manat, ya’ni qora bozor kursi bo‘yicha 42 dollarga sotib olishadi.

“Soddalashtirilgan tartibdan foydalanish uchun O‘zbekiston elchixonasiga pasport, tavallud guvohnomasi va qarindoshlik haqida ma’lumotnomadan tashqari, o‘zbekistonlik qarindoshlarning taklifnoma xatini ham topshirish kerak bo‘ladi”, dedi yana lebaplik suhbatdosh.

Отасидан Туркманистон президенти лавозимини олаётган Сардор Бердимуҳамедов ҳақида 5 факт
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:42 0:00

Soddalashtirilgan tartibda viza olgan lebapliklar O‘zbekistonning faqat Buxoro viloyati hududida bo‘lishlari mumkin.

Umumiy uzunligi 1621 kilometrga teng turkman-o‘zbek chegarasi Turkmanistonning Toshhovuz va Lebap viloyatlaridan o‘tadi. Toshhovuzdan O‘zbekiston hududiga ikki chegara maskani – Saparmurat Turkmanboshi etrapida joylashgan “Shovot” hamda Qo‘hna Urganch etrapidagi “Xo‘jayli” maskanlari orqali o‘tiladi.

XS
SM
MD
LG