Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2021, Тошкент вақти: 09:59

Xitoy yirik Internet shirkatlari ustidan nazoratni kuchaytirdi


Xitoy rahbari Si Szinpin Jahon Internet anjumanida - Xitoy, 23 -noyabr, 2020

Xitoyda hukmron Kommunistik partiya mamlakatdagi yirik Internet shirkatlari ustidan siyosiy nazoratni kuchaytirmoqda. Bu haqda The Associated Press (AP) agentligi xabar berdi. Agentlikka ko‘ra, Pekin AQSh va Yevropa texnologiyalariga bo‘lgan qaramlikka barham berish yo‘lida Internet shirkatlari muvaffaqiyatidan foydalanmoqda.

2020 yil oxirida ko‘rila boshlangan monopoliyaga qarshi va ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha choralar o‘nlab yil mobaynida oz nazorat muhitida gullab-yashnagan shirkatlarga qattiq zarba bo‘ldi. Investorlar xavotirga tushgani uchun Alibaba elektron tijorat platformasi, Tencent o‘yin va ijtimoiy media operatori hamda boshqa texnologiya gigantlarining umumiy bozor qiymati 1,3 trillion dollarga arzonladi.

Kommunistik partiya rasmiylariga ko‘ra, monopoliyaga qarshi kurash 2025 yilgacha ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Partiya rasmiylariga ko‘ra, raqobat ish o‘rinlari yaratish va turmush darajasini oshirishga yordam beradi.

Ishbilarmonlar, huquqshunoslar va iqtisodchilar so‘zlariga ko‘ra, prezident Si Szinpin hukumati bu choralar iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga qaramasdan, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmoqchi emas.

«Bu kompaniyalar o‘z sohalarida innovatsiya bo‘yicha dunyoda yetakchi, ammo rahbariyat ularning barchasini barbod qilishga tayyor», dedi qarorgohi Londonda joylashgan Capital Economics tadqiqot markazining Osiyo bo‘yicha bosh iqtisodchisi Mark Uilyams.

Internet shirkatlarga bosim prezident Cining Kommunistik partiyaning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish sohasida yetakchiligini tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlari bilan bog‘liqdir. Bu fikrni Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabining Xitoy siyosati bo‘yicha mutaxassisi Stiv Sang ilgari surdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Ci kutilganidek uchinchi marta partiya rahbari lavozimini egallash uchun kurashsa, ko‘rilayotgan choralar unga siyosiy jihatdan qo‘l kelishi mumkin.

WilmerHale yuridik firmasining Pekindagi ofisi rahbari Lester Rossning fikricha, Xitoy rahbarlari iqtisodiyotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazoratga olishni xohlamaydilar, shunchaki xususiy sektor shirkatlari hukmron partiya rejalariga mos ish tutishini xohlaydilar.

«Ularni tashvishga solayotgan narsa – shirkatlar o‘ta yirik va partiyadan o‘ta mustaqil bo‘lib ketishi», dedi Ross.

Xitoy Internet shirkatlari va ularning milliarder asoschilari, shu jumladan, Alibaba Group rahbari Jek Ma va Tencent Holdings kompaniyasi rahbari Ma Xuaten (Poni Ma) so‘nggi yigirma yilda global miqyosda eng katta muvaffaqiyat qozongan tadbirkorlar safidadir. Alibaba eng yirik elektron tijorat kompaniyasini, Tencent esa mashhur WeChat messenjerini yuritadi.

Ammo Kommunistik partiya rejalarida robotlar, chiplar va boshqa uskunalarga alohida e’tibor qaratilayotgani uchun bu shirkatlar partiyaga sodiq ekanliklarini ko‘rsatish uchun ushbu texnologiyalarga milliardlab dollar sarflamoqda.

Hukmron partiyaning bu choralar dunyo bir-biriga mos kelmaydigan ikki texnologiya frontiga ajralishi mumkinligi haqida xavotirga sabab bo‘lmoqda. Kelajakda Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlar AQSh va Yevropada va aksincha: AQSh va Yevropa mahsulotlari Xitoyda ishlamay qilishi mumkin. Bu holat innovatsiya va samaradorlikka putur yetkazgan bo‘lardi.

AQSh Xitoyning telekommunikatsiya va boshqa texnologiyalardan foydalanishiga to‘siq qo‘ygani vaziyatni yanada keskinlashtirdi.

Alibaba operatsion tizim dasturiy ta’minoti, protsessor chiplari va tarmoq texnologiyasini ishlab chiqish uchun 28 milliard dollar sarmoya kiritishini bildirgan. Shirkat keyingi uch yil mobaynida 100 ming dasturchi shirkat va texnologik startapni qo‘llash uchun 1 milliard dollar ajratishni va’da qilgan.

O‘tgan yili Tencent shirkati raqamli infratuzilmaga 70 milliard dollar sarmoya kiritishga va’da bergan edi. Meituan platformasi o‘zini-o‘zi boshqaradigan transport vositalari va robotlarni ishlab chiqish uchun 10 milliard dollar mablag‘ to‘pladi.

Tsang Xitoy rasmiylari bu kampaniya iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatishni yaxshi bilishini, ammo buni tan olishmayotganini aytdi.

«Kim o‘rnidan turib Si Szinpinga “siyosatingiz Xitoy uchun zararli bo‘ladi?” deydi?»

Texnologiya shirkatlari aksiyalari arzonlashi ortidan ziyon ko‘rgan investorlar sarmoya yotqizishga oshiqmayapti. Tencent shirkatining bozor kapitallashuvi fevral oyidan beri 350 milliard dollarga qisqardi. Bu raqam Nike yoki Pfizer shirkatlarining umumiy qiymatidan ko‘pdir.

11 - avgust kuni Alibaba shirkatining dastlabki investorlaridan biri hisoblanuvchi Yaponiyaning Softbank Group guruhi bosh direktori Masayoci Son Xitoy bilan yangi bitimlar bekor qilinishini aytdi.

Internet shirkatlariga tazyiqlar o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangandi. O‘shanda Pekin Alibaba shirkatining Alipay onlayn to‘lovlar xizmati asosida yaratilgan Ant Group kompaniyasining Gonkong va Shanxayda fond bozoridagi debyutini kechiktirishni buyurdi. Internetda jamg‘arma va investitsiya xizmatlarini taklif qiladigan shirkatga o‘z rejalarini o‘zgartirish va qarz oluvchilarni tekshirish va kredit riskini boshqarish uchun bank uslubidagi tizimlarni o‘rnatish buyurildi.

Shu bilan birga, Si hukumati xususiy shirkatlar jamoatchilik haqida to‘playotgan ma’lumotlar ustidan nazoratni kuchaytirmoqda, ayniqsa, yuz millionlab foydalanuvchiga ega Alibaba va Tencent saytlari. Xitoy rahbarlari 1,4 milliard aholi haqidagi ma’lumot yordamida jamoatchilik va iqtisodiyotning ahvoli haqida bilib olish mumkinligidan xavotirda.

1 - noyabrda kuchga kiradigan ma’lumot xavfsizligi borasidagi qonunda xavfsizlik standartlari belgilab berilgan. Qonun shirkatlarga xaridor ruxsatisiz u haqda to‘plangan ma’lumotni oshkor qilishni taqiqlaydi. Shuningdek, qonun foydalanuvchilar haqida to‘plash mumkin bo‘lgan ma’lumot ko‘lamini cheklaydi. G‘arb mamlakatlaridagi ma’lumotlarni himoya qilish qonunlaridan farqli o‘laroq, Xitoy qonunlarida hukumat yoki hukmron partiya shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishini cheklash haqida bir og‘iz so‘z yo‘q.

Tanqidchilar Pekinni Shinjon mintaqasida uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchiliklarga qarshi repressiya kampaniyasida jamoatchilik haqida to‘plagan ma’lumotlaridan foydalanishda ayblab keladi.

Aprel oyida Alibaba shirkati o‘z platformalaridan foydalanmoqchi bo‘lgan sotuvchilarga raqobatchilar bilan hamkorlik qilishni taqiqlagani va boshqa qonunbuzarliklarga qo‘l urgani uchun 2,8 milliard dollar jarimaga tortildi.

Pekin, shuningdek, texnologik gigantlarni o‘z boyliklarini xodimlar va iste’molchilar bilan bo‘lishishga majburlab, Xitoyda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovutni qisqartirishga urinmoqda.

May oyida Didi, Meituan va boshqa yetkazib berish va yuk tashish korxonalariga haydovchilardan olinadigan to‘lovlarni kamaytirish hamda ularga beriladigan imtiyozlarni yaxshilash buyurildi. Meituan bosh direktori Van Sin ekologik va ijtimoiy tashabbuslarga 2,3 milliard dollar xayriya qilishga va’da berdi. Tencent shiraki rahbari Ma esa xayriya ishlariga 2 milliard dollar ajratishni va’da qildi.

Alibaba ish o‘rinlarini yaratish, qishloqlarni rivojlantirish va prezident Sining «umumiy farovonlik» kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 15,5 milliard dollar sarflashga va’da berdi.

XS
SM
MD
LG