Линклар

Шошилинч хабар
12 май 2021, Тошкент вақти: 04:08

YeXHT Belarusda inson huquqlarining buzilishi yuzasidan hisobot tayyorladi


Belarus militsiyasi va OMON Minskda siyosiy mahkumlar bilan birdamlik izhor qilgan talabalarni hibsga olmoqda - 1 - sentabr, 2020

Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga (YeXHT) ko‘ra, Belarusdagi muxolifatning tinch norozilik namoyishlari davomida inson huquqlari mamlakat xavfsizlik kuchlari tomonidan «muntazam ravishda» buzilganini ko‘rsatuvchi «ko‘plab dalillar» mavjud.

5 - noyabr kuni YeXHTning Doimiy kengashiga taqdim etilishi kutilayotgan 58 sahifali hisoboti bilan Ozodlik tanishib chiqdi. Unda asosiy muallif, avstriyalik xalqaro huquq professori Volfgang Benedek Belarusda 9 - avgust kuni o‘tgan prezident saylovlarining «aniq kamchiliklari» bo‘lganini ta’kidlaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «prezident saylovlari shaffof bo‘lmagani, shuningdek, erkin va adolatli o‘tmagani haqidagi da’volar o‘z tasdig‘ini topgan».

Bundan tashqari, inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq iddaolar «keng ko‘lamli va tizimli bo‘lib, ularning chinligi shubhasiz ekanligi isbotlangan».

Hisobotda xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni qiynoqqa tutgani va ularga yomon munosabatda bo‘lganini ko‘rsatuvchi yetarlicha dalil bo‘lishiga qaramasdan, hech kim javobgarlikka tortilmagani xavotirli holat ekani e’tirof etiladi.

Ommaviy namoyishlar bahsli saylovlardan keyin butun Belarusni qamrab oldi va 26 - yildan beri hukmronlik qilib kelayotgan Aleksandr Lukashenkoga nisbatan bosimni kuchaytirdi. Avtoritar prezidentning o‘zi esa, saylov natijalari soxtalashtirilganini rad etib keladi.

O‘tgan haftada Lukashenko Belarus chegarasini qisman yopdi, Ichki ishlar vazirini almashtirdi va xavfsizlik xodimlariga namoyishchilarga qarshi tazyiqni kuchaytirishni buyurdi.

Ammo 1 - noyabr kuni yana o‘n minglab odam poytaxt Minskda navbatdagi norozilik aksiyasiga chiqdi. Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun shovqinli granatalarni ishga soldi va 300 ga yaqin namoyish ishtirokchilarini hibsga oldi.

YeXHT hisobotida Belarusda matbuot erkinligi, tinch yig‘ilishlar va uyushmalar erkinligi, erkinlik va xavfsizlik huquqi hamda jurnalistlarning xavfsizligi «yirik hujumga uchragani» aytiladi.

Avvalroq tashkilotga a’zo 17 davlat Belarusda inson huquqlari toptalayotgani haqidagi ayblovlarni ko‘rib chiqish uchun «Moskva mexanizmini» ishga solgan edi.

Mazkur mexanizm doirasida 10 yoki undan oshiq a’zo davlat mutaxassislar guruhini tuzadi va bu guruh tashkilotga a’zo mamlakatda inson huquqlariga tahdidni ko‘rib chiqadi.

Belarus hukumati «Moskva mexanizmini» ishga solishga asos yo‘qligini aytgan.

Hisobot yakunida Belarus rasmiylariga 65 ta tavsiya yozilgan bo‘lib, ular orasida 9 - avgustda bo‘lib o‘tgan saylov natijalarini bekor qilish hamda yangidan saylov o‘tkazish ham bor. Shuningdek, hisobot mualliflari barcha siyosiy mahbuslar hamda jurnalistlarni ozodlikka chiqarishni tavsiya qilishdi.

Hisobot xalqaro hamjamiyatni qiynoqlarga mas’ul shaxslarni imkon qadar javobgarlikka tortishga ham chaqiradi.

XS
SM
MD
LG