Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:49

17 yilga cho‘zilgan ziyorat: Xitoy qamog‘idan qutulgan etnik qozoq tarixiy vataniga qaytdi


58 yoshli etnik qozoq Raqijan Zeynolla 17 yil deganda Xitoy qamog‘idan qaytdi.
58 yoshli etnik qozoq Raqijan Zeynolla 17 yil deganda Xitoy qamog‘idan qaytdi.

58 yoshli etnik qozoq Raqijan Zeynolla 17 yil deganda Xitoy qamog‘i va “qayta tarbiyalash” lageridan qutulib, Qozog‘istonga – oilasi bag‘riga qaytdi.

9 - aprel kuni Olmaota xalqaro aeroportida Zeynollani oila a’zolari, shu jumladan, rafiqasi va umrida ko‘rmagan nabiralari kutib olishdi.

Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Shinjon mintaqasida millionlab musulmon Pekinning ommaviy qamash va majburiy assimilyatsiya kampaniyasi qurboniga aylangan.

Qatag‘on dahshatini yodga solish uchun bir guruh shinjonliklar aeroportda Xitoyda qamalgan yoki tazyiqqa uchragan qarindoshlari fotosuratlarini qo‘lda tutib turdilar. Zeynollaning taqdiri ularning qalbida umid uyg‘otdi.

Aybsiz aybdor

Qozog‘iston fuqaroligini olgan Zeynolla 2004 - yilda qarindoshlari va do‘stlaridan xabar olish uchun Olmaotadan Shinjonga borgan. Ammo qisqa muddatli safar o‘laroq rejalashtirilgan sayohat u va uning oilasi uchun uzoq yillik mashaqqatli sinovga aylandi.

“Xitoy hukumati uni josuslikda aybladi va 13 yilga ozodlikdan mahrum qildi”, – deydi Zeynollaning rafiqasi Farida Qabilbek Ozodlik radiosining qozoq xizmati bilan suhbatda.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, eri oddiy savdogar bo‘lib, hech qachon davlat idorasida ishlamagan yoki siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanmagan. Ma’lum bo‘lishicha, Zeynolla Qozog‘istonda tahsil olish umidida bo‘lgan 20 ga yaqin shinjonlik o‘smirga hujjat tayyorlashda yordam bergani sabab josuslikda ayblangan.

Zeynolla 13 yil davomida qamoqda o‘tirgan. 2018 - yilda qamoqdan “siyosiy qayta tarbiyalash” lageriga olib ketilgan. Bir yarim yilga cho‘zilgan “tarbiya mashg‘ulotlari”dan keyin uy qamog‘ida o‘tirgan. Nihoyat, 17 yil deganda Qozog‘istonga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

Kurashchan ayol

Zeynollaning Olmaotada qolgan rafiqasi Farida Qabilbek eri qamoqdan chiqqach, uni vataniga qaytishiga yordam berishlarini so‘rab Qozog‘iston vakolatli idoralariga qayta-qayta murojaat qilgan. Qozog‘iston rasmiylari Xitoyga so‘rov yuborilganini bildirgan, ammo jafokash oila boshqa ijobiy javob ololmagan.

2020 - yilga kelib umidsizlikka tushgan ayol Olmaotadagi Xitoy konsulligi va Nur-Sultondagi Xitoy elchixonasi oldida muntazam ravishda norozilik aksiyalarini o‘tkazadi. Xususan, u bir nechta marta yolg‘iz o‘zi piket qiladi. Shuningdek, u qarindoshlari va yaqinlari Xitoy lagerlarida ushlab turilgan boshqa shinjonliklar bilan yelkama-yelka norozilik namoyishlarida qatnashadi.

2020 - yil 14 - yanvar kuni Farida Qabilbek Xitoy konsulligi oldida piket uyushtiradi. Olmaota shahri hokimligi mulozimi esa ayolga norozilik aktsiyasi noqonuniy ekanini aytib tanbeh beradi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, 2017 - yildan beri musulmon aholiga qarshi shafqatsiz tazyiq siyosati doirasida rasmiy Pekin Shinjonda yuzlab hibsxona qurdi. Ular orasida “qayta tarbiyalash” lagerlaridan tortib rosmona qamoqxonalargacha bor. Huquq faollarining xavotir bilan ma’lum qilishicha, Shinjondagi qamoqxona va lagerlarda asosan etnik uyg‘urlardan iborat kamida 1 million musulmon tutqunlikda saqlanmoqda. Guvohlar u yerda saqlanayotganlar muntazam ravishda qiynoq, zo‘rlash va majburiy mehnat qurboni bo‘layotgani haqida so‘zlab bergan. Ayrim ayollar majburan sterilizatsiya qilinayotganida haqida xabarlar ham mavjud.

Xitoyning Shinjondagi harakatlari Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlarning yahudiy va lo‘lilarga qarshi qatag‘onidan keyingi diniy yoki etnik ozchilikka qarshi eng yirik repressiya kampaniyasi o‘laroq baholanmoqda.

2021 - yil yanvarda prezident Donald Tramp ma’muriyati Xitoy Shinjonda uyg‘urlarga nisbatan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etmoqda, deya xulosa berdi.

Xitoy rasmiylari esa ushbu lagerlar bo‘lginchilik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan qayta tarbiyalash markazlari ekanini iddao qilmoqda.

Ayni choqda, Shinjonda qamoqqa olinmagan musulmonlarning ham huquq va erkinliklari jiddiy ravishda cheklangan. Ko‘plab masjidlar vayron qilingan, jamoa yetakchilari hibsga olingan. Rasmiy Pekin assimilyatsiya kampaniyasi doirasida Shinjondagi musulmon oilalarga ko‘z-quloq bo‘lishi uchun 1 milliondan ortiq etnik xan davlat xizmatchilarini mintaqaga safarbar qilgan.

Nur-Sultonning serma’no sukuti

Qozog‘iston ota-bobolari yurtiga qaytgan etnik qozoqlarga fuqarolik beradi.

Zeynolla, rafiqasi va ikki farzandi bilan Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin Xitoydan Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgan. Olmaotada yashay boshlagan oila 2003 - yilda mamlakat fuqaroligini olgan. 2004 - yilda esa u taqdir sinovlaridan bexabar holda Shinjonga yo‘l olgan.

Zeynolla Xitoyga ketayotganida to‘ng‘ich farzandi 14, kenjasi esa 5 yoshda edi. Bu orada ikki farzandi ham maktabni tamomlab turmush qurdi, farzandli bo‘ldi. Sobiq mahbus kelini, kuyovi va nevaralarini ilk marotaba Olmaota aeroportida ko‘rdi.

Zeynolla oilasini qo‘llab-quvvatlash uchun aeroportga kelgan boshqa shinjonlik qozoqlar bilan ko‘rishdi. Zeynolla ularning qarindoshlari ham tez orada ozod qilishiga umid bildirdi, ammo boshqa tayinli gap ayta olmadi.

“Vatanimga qaytganimdan baxtiyorman! Yashasin ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik!” – dedi u.

Xitoy rasmiylari uni jurnalistlar bilan suhbatlashmaslik haqida ogohlantirdimi yoki yo‘qmi degan savolga Zeynolla inkor mazmunida javob berdi.

Farida Qabilbekning aytishicha, uning norozilik aksiyalari tugadi. Ammo boshqa qozoq oilalari bedarak yo‘qolgan yaqinlari uchun kurashni davom ettirmoqda.

Shinjondagi qamoqxona va lagerlar to‘g‘risida ma’lumot to‘plab kelayotgan “Real Atajurt” ko‘ngilli guruhi rahbari Bekzat Maqsutxonning so‘zlariga ko‘ra, Zeynollaning qaytishi mazlum oilalar uchun umid baxsh etadi.

“Zeynolla xalqaro huquq himoyasi tashkilotlari va boshqa institutlarning Xitoyga bosimi tufayli ozod qilindi deb hisoblaymiz. Bu esa Xitoyga qarshi sanksiyalar haqiqatan ham natija berishini isbotlaydi”, – deydi Maqsutxon.

O‘tgan oy AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va Yevropa Ittifoqi Shinjondagi jinoyatlar tufayli bir qator xitoy amaldoriga qarshi sanksiya joriy qildi. Avvalroq esa Vashington Xitoy ma’muriyati uyg‘urlar va boshqa musulmon etnik ozchiliklarga nisbatan repressiyalar davomida genotsid sodir etgani to‘g‘risida deklaratsiya e’lon qilgan edi.

Qozog‘iston hukumati mamlakat iqtisodiyotining asosiy sarmoyachisiga aylangan rasmiy Pekinni tanqid qilishdan o‘zini tiyib keladi. Hukumat Xitoyning o‘z fuqarolari, jumladan, Shinjonda yashovchi 1,5 milliondan ortiq etnik qozoqqa nisbatan munosabatiga aralashmasligini bildirgan.

XS
SM
MD
LG