Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:46

Yo‘l harakati qoidalarini buzgan xorijiy haydovchilar Rossiyadan chiqarilmaydi


Yo‘l harakati qoidalarini buzgan xorijiy raqamli avtomobil egalari jarimalarni to‘lamaguncha Rossiya hududidan chiqarilmaydi. Rossiyada qonunga kiritilgan tegishli o‘zgartishlar joriy yilning 7 - iyulidan kuchga kiradi.

Rossiya davlat avtomobil inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, jarimalari to‘lanmagan chet ellik avtomobil egalariga hozirdan Rossiyaga kirishga taqiq qo‘yildi.

Rossiya Federatsiyasining «Xalqaro avtomobillar tashuvlari ustidan davlat nazorati va ularni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida»gi 2020 - yil 8 - dekabrida qabul qilingan qonuniga binoan 2021 - yil 7 - iyuldan haydovchi chegaraga kelgach, unga uch soat muddat beriladi. Bu vaqt davomida jarima to‘lanmasa, unga Rossiyadan chiqib ketishga ruxsat berilmaydi.

Kiritilgan yangi tartib bo‘yicha chet el transport vositalarining 2020 - yil 8 - dekabrdan keyingi jarimalari inobatga olinadi.

Shuningdek, yangi tartibga ko‘ra, Rossiyaga kirib kelayotgan xorijlikka tegishli transport vositasida nazorat punktida oldinroq tayinlangan ma’muriy jarimasi borligi aniqlansa, mamlakatga kirish va mamlakat ichkarisida harakatlanish faqat jarima to‘langandan keyin amalga oshirilishi mumkin.

Jarima to‘lamagunga qadar mashina egasiga ham Rossiyaga kirishga taqiq qo‘yiladi.

Ozodlik murojaat qilgan Rossiya Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasida (GIBDD) ko‘p hollarda avtotransport tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar foto- va videofiksatorlar tomonidan avtomatik tarzda qayd etilishi, jarima esa mashina egasiga yuborilishini ma’lum qilishdi. Qonun tashabbuschisi bo‘lgan avtoinspeksiya mutaxassislari jarima qo‘yilgan avtomashina egasi to‘g‘risida GIBDDda ma’lumot yo‘qligi, chunki avtomobil xorijda qaydga olinganini ta’kidladi.

GIBDD rahbariyati qonunchilikdagi bu kamchilikni bilgan chet ellik haydovchilar Rossiya yo‘llarida istagancha qoidalarni buzib, “o‘zlarini jazosiz his etib kelgani”ni ta’kidladi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan o‘zbekistonlik haydovchilardan biri avtomobil inspeksiyasi xodimlari ilgarittan xorij avtomobillarini trassalarda to‘xtatib, tekshirib kelganini aytadi.

Ismini ochiqlashni istamagan musofir haydovchi rus hukumati joriy etgan yangi tartiblarga javoban “o‘zbek haydovchilari albatta yo‘lini topishadi”,- deydi.

- O‘zbek qayd raqamlariga ega mashinani Rossiyaning biror joyiga biriktirsangiz, shtraf o‘sha yerga kelaveradi. Meni mashinamni o‘zida 600-700 ming rubl jarima yig‘ilib qolgan! Yo‘lda GAI to‘xtatib, tekshirsa albatta bu shtraflar chiqib keladi. Shu uchun ular to‘xtatishi bilan 500-1000 rubl berib, qutulib ketamiz. Men bu jarimalarni to‘lamayman, albatta. Shtraflar chiziq bosganim, tezlik, svetofor, ayniqsa avtobus yo‘lagi bo‘yicha harakatlanganim uchun keladi. O‘zbeklar Rossiya kiritgan bu qonunga javoban ilojini allaqachon topgan - O‘zbekistonga borib mashina nomerini almashtirib, “toza” raqamlar qaytib kiryapti, - dedi o‘zbekistonlik haydovchi.

Xorijlik haydovchi to‘lanmagan jarimalari bor-yo‘qligini Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi inspektsiyasi rasmiy veb-saytidagi (gibdd.rf) “YHXI jarimalarini tekshirish” (“Proverka shtrafov GIBDD”) xizmati orqali mustaqil tekshirib olishi mumkin.

2017 - yildan boshlab Belarus va Qirg‘iziston grajdanlariga Rossiya hududida GIBDDda imtihon topshirmasdan haydovchi bo‘lib ishlashga ruxsat berilgan - ular Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi a’zosi bo‘lgan o‘z davlatlarida olgan haydovchilik guvohnomalari bilan ishlashi mumkin.

Qolgan davlatlardan kelgan muhojirlar, jumladan o‘zbekistonliklar test sinovlaridan o‘tishlari lozim.

XS
SM
MD
LG