Ko‘krak bezi saratoni rivojlangan davlatlarda o‘rta yoshli ayollar o‘rtasidagi o‘limning asosiy sabablaridan biridir. Amerika saraton jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda yiliga 40 ming ayol ushbu kasallik tufayli vafot etadi.
Ammo davolash va kasallikni erta aniqlashda erishilgan yutuqlar tufayli borgan sari ko‘proq ko‘krak bezi saratoniga chalingan ayol umri saqlab qolinmoqda. AQShda ushbu kasallikni yengib o‘tgan ayollar soni 3 milliondan oshdi.
Quyida Yel saraton markazining ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha mutaxassisi hamda Global onkologiya bo‘limi direktori o‘rinbosari Anis Chagparning ushbu kasallikning oldini olish va o‘z vaqtida davolash bo‘yicha bergan maslahatlari bilan tanishishingiz mumkin.
Xavf omillari
Ko‘krak bezi saratoniga chalinish ehtimoliga ta’sir qiluvchi ikki asosiy omil jins va yoshdir. Bundan tashqari, oila a’zolari orasida ushbu kasallikka chalinganlarning borligi hamda BRCA1 va BRCA2 kabi genlardagi mutatsiyalar ko‘krak bezi saratoniga olib kelishi mumkin.
- Ko‘krak beziga olib keluvchi ushbu xavf omillarini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ammo, siz boshqara olishingiz mumkin bo‘lgan boshqa omillar ham bor. Bular semirishning oldini olish, jismoniy mashq qilish hamda spirtli ichimlik is’temol qilishni cheklashdir, - deydi doktor Chagpar.
Ogohlantiruvchi belgilar
Ko‘krak bezi saratoni belgilari hammada har xil bo‘lishi mumkin. Odatda kasallikning ilk etaplarida uning belgilarini mammogrammasiz aniqlab bo‘lmaydi.
Ammo ayrim belgilar shifokorga ko‘rinish zarurligidan darak beradi. Ko‘krak yoki qo‘ltiq ostida shishlar mavjudligi, ko‘krak yoki ko‘krak uchining shakli, rangi yoki tuzilishining o‘zgarishi, ko‘krak uchidan qon yoki suyuqlik ajralishi kasallikning asosiy belgilaridandir. Doktor Chagparning aytishicha, ko‘krak bezi saratoni ko‘p hollarda hech qanday og‘riqqa sabab bo‘lmaydi, ba’zan esa og‘riydigan shishlar beziyon bo‘ladi.
Mammogramma juda muhim
Mammogramma ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash imkonini beradi. Ammo professional tashkilotlar qachon va necha marta mammogramma qilish kerakligi haqida turli maslahat beradi. Shunday bo‘lsa-da, deyarli barcha mutaxassislar 50 yoshdan o‘tgan ayollarga kamida ikki yilda bir marta mammogramma qilishni tavsiya qiladi.
Yangi izlanishlar umid bag‘ishlaydi
Dunyo bo‘ylab olimlar ko‘krak bezi saratoni oldini olish, uni aniqlash va davolashni yaxshilash ustida tinmay ishlamoqda. Keyingi o‘n yilda erishilgan yutuqlar bemorlar uchun ko‘proq davolash uslublarini yaratdi.
- Yelь saraton markazidagidek olimlar ko‘krak bezi uchun yangi davolash uslublarini yaratish ustida ishlamoqda, - deydi Chagpar.
Ko‘krak bezi saratoni faqat ayollarda uchramaydi
Ko‘krak bezi saratoniga asosan ayollar chalinsa-da, erkaklarda ham bu kasallik uchrab turadi. Erkaklar erta davolansa, butunlay sog‘ayib ketishi mumkin. Ammo aksar erkak o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmaydi.
Doktor Chagpar:
- Ko‘krak saratoni holatlarining 1 foizi erkaklarga to‘g‘ri kelishini utunmaslik kerak. Erkaklar mammogramma qildirmaydi, shuning uchun ularda ko‘krak shishi yoki qon kabi suyuqlik ajralishi kuzatilsa, buni tekshirtirishlari kerak, - deya so‘zini yakunladi.