Donald Tramp: Biz janob Kim bilan til topishdik

Prezident Donald Tramp "Amerika ovozi” radiosi muxbiri Greta Van Sasteren savollariga javob bermoqda.

Prezident Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan Singapurda o‘tkazgan muzokarasidan so‘ng “Amerika ovozi” radiosi muxbiri Greta Van Sasteren bilan suhbatlashdi. U Kim bilan nimalarni muhokama qilgani va kelgusi kutilmalar haqida so‘zlab berdi.

Van Sasteren: Kim Chen Inning nimasi sizni hayratlantirdi?

Tramp: To‘g‘risi, u – ulkan shaxs. Qiziqarli, o‘ta aqlli kishi va yaxshi muzokarachi ekan. U xalqini yaxshi ko‘radi, bu meni ajablantirgani yo‘q, u chindan ham xalqini yaxshi ko‘radi. Ajoyib ishning boshida turibmiz, deb o‘ylayman. Biz Shimoliy Koreyani yadro qurolidan xoli qilmoqchimiz. Men zudlik bilan ishga kirishmoqchiman, boshqa ko‘plab ishlar ham qilinmoqda, bunga Koreya urushida halok bo‘lgan AQSh askarlari xokini vatanga qaytarish ham kiradi. Hammamiz Shimoliy Koreya bilan ovora bo‘lib qoldik, lekin askarlar xokini qaytarib olib ketish ko‘pchilik uchun muhim ahamiyatga ega. Ular menga qo‘ng‘iroq qilishdi, “Iltimos, shu ish qilsangiz”, deb xatlar yozdi va u bu ishni qilishga rozi bo‘ldik. Bilyapsizmi, urushda qurbon bo‘lgan minglab odamlarning xokini olib ketishga. Bu – juda katta ish.

Van Sasteren: Siz bugun inson huquqlari masalasini muzokara kun tartibiga qo‘ydingiz, uning javobi qanday bo‘ldi?

Tramp: Juda yaxshi. Vaqtimizning 90 foizini yadro qurolidan xoli zona qilish masalasi muhokamasiga sarfladik, lekin boshqa ko‘plab masalalarni ham muhokama qildik. Inson haqlari masalasini ham eslab o‘tdik. Askarlarning xokini qaytarish ajoyib ish bo‘ldi, uni hujjatga ham kiritdik, hujjatga boshqa ko‘plab yaxshi narsalarni ham kiritdik. Ko‘pchilik bunday bo‘lishini kutmagan ham edi.

Van Sasteren: Muzokara chog‘ida nimalar bo‘lganini gapirib bersangiz. Siz unga nima shart qo‘ydingiz, u sizga nima shart qo‘ydi? Qanaqa tortishuvlar bo‘ldi?

Tramp: Hech qanday shart qo‘yishlar bo‘lmadi. Biz bu masalalar bilan uch oy davomida shug‘ullandik, bu ishga turli vakillarni, jumladan davlat kotibi Mayk Pompeoni jalb qildik. U aql bovar qilmas natijalarga erishdi. Muammolar bilan shug‘ullanish uchun vaqt yetarli bo‘ldi. Bugungi uchrashuvimiz boshlangandan beri ko‘p masalalarni muhokama qildik. 25 soatdan beri uxlaganim yo‘q. Ulkan muzokara bo‘ldi va men u bilan faxrlanaman. Jarayon boshlanyapti. U urush bilan tugashi, millionlab odamlarning yostig‘ini quritishi ham mumkin edi. Shimoliy Koreyani o‘zingiz bilasiz, Seulning 28 million aholisi bor. U millionlab odamlar qirg‘ini bilan tugashi mumkin edi, lekin biz uni kelishuv yo‘li bilan tugatmoqchimiz.

Van Sasteren: Qo‘shinlar nima bo‘ladi? Ular Janubiy Koreyada qoladimi?

Tramp: Ha, ular qoladi. Bu masalani muhokama ham qilmadik, u ko‘tarilmadi ham. Biz juda qimmat turadigan urush o‘yinlaridan chiqmoqchimiz. Qaerda ekanimizni bilasiz, birinchi o‘rindamiz, deb hisoblayman, birinchi bo‘lish odamga xush yoqadi. Ular bundan juda xursand, axir bu kimga yoqmaydi? Lekin bu juda qimmat turadi. Yaxshi niyat bilan muzokaraga kirishganimiz uchun bu ishni qilmaymiz.

Van Sasteren: O‘n yillab qilich sermab kelgandan so‘ng janob Kimni endi nima muzokara qilishga undadi?

Tramp: Mendan oldin uni ko‘p qilich sermadi deb ayta olmayman. Pxenyan hukumati tinch munosabat bildirdi, deb ayta olmayman. Ular bu haqda gapirishni istamagandan so‘ng siz ham bir tomonlama ish qila olmaysiz-ku. Nazarimda, dastlabki fikr muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ochig‘ini aytsam, men bu ishni qilishni qanchalik yomon ko‘rgan bo‘lsam, shunchalik ko‘p odamlar meni, yomon ish qilyapti, deb o‘yladi. Shu ishni qilmasam, hozir bu yerda o‘tirmagan bo‘lar edim. Fikrimcha, u ham kelishuvga erishishni istaydi, nimadir qilishni istaydi.

Van Sasteren: Lekin nega?

Tramp: Chunki u biz nimagadir erishmoqchi ekanimizni biladi. U o‘tmishda mana shu narsani his qilmagan. O‘tmishda boshqa odamlar bo‘lgan va bu ish bermagan. Lekin u hozir biz nimagadir erishmoqchi ekanimizni biladi. Biz nimagadir erishishni istaymiz va erishamiz ham. Natijani ko‘rib turibsiz. Bu ishga kirishganimizga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Birinchi kundan boshlab Shimoliy Koreya bilan keskin ohangda gaplasha boshladik. Bugun qo‘l qo‘ygan hujjatimiz odamlar o‘ylaganidan ko‘ra katta va keng qamrovli bo‘ldi. Hech kim shunday bo‘lishiga ishonmagan edi.

Van Sasteren: U ketgandan keyin siz haqingizda nima deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin?

Tramp: Bir-birimizga ma’qul bo‘ldik, shekilli. O‘tmishda nima bo‘lsa, bo‘ldi. Hech kim menga uni, qattiqqo‘l odam, deb aytmasligi kerak. U qattiqqo‘l kishi bo‘lishi yoki bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin biz til topishdik. U juda aqlli, o‘z xalqini, mamlakatini yaxshi ko‘radi. Yaxshi ishlar qilgisi keladi. Hozir qilayotgan ishlaridan maqsad ham shu.

Van Sasteren: Lekin u xalqini och qoldirdi. Unga shafqatsiz muomalada bo‘ladi. Haliyam xalqini yaxshi ko‘radi deng?

Tramp: U qilayotgan ishlarga yaxshilab qarasangiz, ko‘rgan narsasini qilayotganini ko‘rasiz. Lekin mana shu ishlar boshlanganini ko‘rish uchun bugun, kecha, ikki hafta ortga qaytish kerak bo‘ladi. Safsata va sanksiyalarni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib. Ammo tan olish kerak, sanksiyalar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ular kelishgan ishlarimiz amalga oshmaguncha, o‘z kuchida qoladi. Hozir vaziyatni yaxshiroq ko‘rib turibmiz. Sanksiyalar esa yadro qurollarini yo‘q qilishni boshlamagunimizcha yoki yo‘q qilgunimizcha o‘z kuchida qoladi.

Van Sasteren: “Amerika ovozi” radiosini Shimoliy Koreya (KXDR) aholisi ham eshitadi. Shimoliy Koreya vatandoshlariga qanday gaplaringiz bor?

Tramp: Mening ularga aytadigan samimiy gaplarim bor. Janob Kim hoziroq nimadir qilmoqchi, u bilan yaxshi til topishdik. Bir-birimizga ma’qul keldik, men o‘zimga ma’qul kelgan odamga qanday munosabatda bo‘lishimni bilasiz. Bu – juda muhim. Ba’zi odamlarni bilaman, nima ish qilsa ham, o‘rtada iliqlik bo‘lmaydi. Biz esa avvalboshlanoq bir-birimizni tushundik. Men shu gapni aytdim. Nazirimda, Shimoliy Koreyani buyuk ishlar kutmoqda.

Van Sasteren: Janob prezident, suhbat uchun rahmat. Vashingtondan yo‘lga chiqqandan beri dam olmadingiz.

Tramp: To‘g‘ri aytasiz. Vaqt juda cho‘zilib ketdi. Bir oz mizg‘ib olishim kerak. Bir oz dam olish lozim.

Van Sasteren: Albatta. Ortga safaringiz bexatar bo‘lsin.

Tramp: Rahmat, Greta. Xursandman.