Saylovchilar Zelenskiy o‘zgarishlar yasashiga umid qilmoqda

Ukraina prezidenti saylovining 21 aprel kuni o‘tkazilgan ikkinchi bosqichi davomida ovoz berish uchastkalari eshigi oldida o‘tkazilgan so‘rov (Exit poll) natijalariga ko‘ra, saylovchilarning 73 foizi ovozini taniqli qiziqchi va shoumen Vladimir Zelenskiy oldi.

Qizig‘i shundaki, aynan amaldagi prezidentdan saylovchilarning keskin o‘zgarishlar qilish talabi bajarilmaganidan hafsalasi pir bo‘lgani komikni prezidentga aylantirdi.

Taqdir hazilini qarangki, Zelenskiy haqiqatan ham amaldagi prezident Petro Poroshenko ustidan 21 aprel kunidagi ikkinchi turda ishonchli g‘alab qozondi.

‒ Ukraina aholisining mutlaq ko‘pchiligi besh yil oldingiday keskin siyosiy o‘zgarishlarni istamoqda. Bu safar Maydon (bundan 5 yil oldin Ukrainada sodir bo‘lgan inqilob - tahr.) saylov ko‘rinishida namoyon bo‘ldi, − dedi ukrainalik siyosiy ekspert Vladimir Fursenko “Ozodlik” radiosi muxbiriga 2013-14 yillarda amaldagi prezident Viktor Yanukovichning hokimiyatdan chetlashtirilishi va Poroshenkoning saylanishiga yo‘l ochgan o‘zgarishlarni nazarda tutib.

Ikki marta vazir lavozimida ishlagan 53 yashar qandolatchi oligarx o‘sha vaqtda hammani qoniqtiradigan nomzod sifatida ko‘rilib, prezident etib saylangan edi. U 13 ming kishining yostig‘ini quritgan urush davri prezidenti bo‘ldi.

Poroshenko ukrain pravoslavlarining Rossiya cherkovidan mustaqil bo‘lishi uchun kurashchi va til himoyachisi sifatida maydonga chiqqan edi. Ammo u iqtisodiy muammolar va korrupsiyaga qarshi kurashda aytarli natijalarga erisha olmadi.

Saylov arafasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari Zelenskiy g‘alaba qozonishini ko‘rsatgani uchun komikning yutib chiqqani kutilmagan hol bo‘lmadi.

Yana shunisi qiziqki, ukraincha gapirmagani uchun tanqidga uchragan Zelenskiy nafaqat mamlakatning rus tilli sharqida, hatto g‘arbida ham g‘alaba qozondi.

Zelenskiyni g‘olib chiqqani bilan Poroshenko ham tabrikladi. Saylovchilar Zelenskiydan lavozimiga kirishganidan so‘ng keskin o‘zgarishlar qilishini kutmoqda.

Ukraina mustaqillikka erishgandan beri faqat Leonid Kuchma 1999 yili qayta saylangan edi.

Joriy yilda Ukraina parlamentiga ham saylov bo‘lib o‘tadi. Shuning uchun saylovchilar undan keskin o‘zgarishlar qilishini kutadi.

Ayni choqda Poroshenko bloki parlamentda ko‘pchilik deputatlik o‘rniga ega. Amaldagi prezident Poroshenko 21 apreldagi xayrlashuv ma’ruzasida siyosatda qolishini hamda Ukrainani Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo qilish yo‘lida harakatlarini to‘xtatmasligini aytdi.

Biroq Poroshenkoning siyosatchi sifatidagi kelajagi noaniqligicha qolmoqda. Lekin ekspertlar, ukrain saylovchilari 21 aprelda ovoz berish bilan uning qilmishlari jazosiz qolmasligini tanladi, deyishmoqda.