Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:11

Mirziyoev rahbarlarning qo‘l ostidagilar va fuqarolarni asossiz urib-so‘kishini taqiqladi


Bosh vazir Shavkat Mirziyoev 2 mart kuni imzolagan yangi qarorga ko‘ra¸ O‘zbekiston davlat boshqaruvi va hokimiyat tizimida ishlovchilarning axloqi to‘g‘risidagi Namunaviy qoidalar ishlab chiqildi. Qator qoidalarni o‘z ichiga olgan bu qarorda davlat xizmatchilariga “asossiz holda o‘z qo‘li ostidagilar va fuqarolarga ruhiy va jismoniy ta’sir o‘tkazmaslik” tavsiya etildi.

Mirziyoev qaror qiladi...

Bosh vazir Shavkat Mirziyoev qo‘l qo‘ygan yangi qaror “Davlat boshqaruvi va joylardagi ijroiya hokimiyati organlari xizmatchilarining Namunaviy axloq qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” deb ataladi.

(Hozircha o‘zbek tili yagona davlat tili deguvchi qonun mavjudligiga qaramay¸ O‘zbekiston matbuoti va rasmiy saytlarda hujjatning faqat rus tilidagi matni mavjud¸ xolos.)

Hujjatning kirish qismiga ko‘ra¸ Bosh vazir bu qarorni davlat boshqaruvi va ijroiya hokimiyati vakillarining o‘z xizmat vakolatlarini halol va samarali ado etishi va ularni bu vakolatlarni suiste’mol qilish oqibatlaridan ogohlantirish iddaosi bilan qabul qilgan.

Bosh vazir mazkur qaror bilan boshqaruv tizimlaridagi qonunbuzarliklarni keltirib chiqarayotgan sabablarni yo‘q qilish¸ davlat xizmatchilarini mamlakat konstitutsiya va qonunlari¸ fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya qilish va ularni yuksak vatanparvarlik¸ davlat manfaatlariga sadoqat ruhida tarbiyalashni maqsad qilgan.

Xodimlarga bir-birini “chaqish vakolati” yuklandi...

Mirziyoev tasdiqlagan “Namunaviy axloq qoidalariga” muvofiq¸ davlat boshqaruvi va ijroiya hokimiyati xizmatchilarining pora olishi taqiqlandi – bu tizim xizmatchilari o‘ziga u yoki bu shaklda sovg‘a-salom taklif qilgan jismoniy yoki yuridik shaxslar haqida darhol huquq tizimlariga xabar berishi lozim.

Xuddi shuningdek¸ u yoki bu xodim¸ o‘z hamkasblari va boshliqlarining xizmat vakolatini suiste’mol qilayotgani¸ qarindosh-urug‘chilik¸ mahalliychilikka yo‘l qo‘yayotgani¸ yaqinlari manfaatini himoya qilish yoki bevosita tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani¸ xususan pora olayotgani haqida tegishli joylarga ma’lumot berishi lozim.

Qarorda bunday chaqimchilikning sir qolishi va informatorning tazyiqdan himoyalanishi alohida aytiladi.

Mirziyoevning bu maqsadini amalga oshirish uchun ikki oy ichida nafaqat davlat boshqaruvi va ijroiya hokimiyati tizimlari¸ balki xo‘jalik boshqaruvi organlari (assotsiatsiya va konsernlar¸ bank¸ kompaniya¸ birlashma va fondlar)da ham “tegishli joy” - besh kishilik Axloq komissiyalari tuziladi.

Bu komissiyalar ushbu tizimlarda ishlovchilar faoliyatini kuzatish (xodimlarni Axloq komissiyasiga bir-biri haqida anonim ma’lumot berishni rag‘batlantirish orqali)¸ ularni attestatsiyadan o‘tkazish¸ mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishi¸ ayni paytda¸ ma’muriy va hatto jinoiy javobgarlikka tortish haqida tavsiya berish bilan shug‘ullanadi.

Mirziyoev davlat xizmatchilarining o‘z qo‘l ostidagilar va fuqarolarni asosli urib-so‘kishiga ruxsat berdi

Mirziyoevning 94-qarorida “davlat xizmatchilari xushmuomala¸ xayrixoh¸ baodob va diqqatli bo‘lishi shart¸ fuqarolar va hamkasblari bilan muomalada toqatli va hurmatli bo‘lishga mas’uldir. Davlat xizmatchilari o‘z qo‘l ostidagilar va fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilishlari¸ shaxs qadr-qimmatini haqoratlashi¸ asossiz ruhiy va jismoniy ta’sir ko‘rsatmasliklari lozim”¸ deyiladi.

So‘nngi jumlani sharhlayotgan tahlilchilarga ko‘ra¸ O‘zbekiston boshqaruv tuzumidagi eng zo‘ravon va so‘kong‘ich rahbar hisoblanuvchi Shavkat Mirziyoev 94-qarori 2-bobining 12-bandida hokimiyat vertikalida o‘tirganlarga qo‘l ostingdagilar va fuqarolarni urmagin¸ so‘kmagin¸ demayapti¸ balki asos bo‘lmasa¸ urma-so‘kma¸ deb maslahat berayapti.

O‘zbekiston konstitutsiyasi va qonunchiligiga asos qilib olingan shaxs daxlsizligi prinsipi¸ qolaversa¸ mamlakat Jinoyat-protsessual kodeksidagi ko‘plab moddalarga mutlaq zid bo‘lgan bunday "tavsiya"¸ kuzatuvchilar ta’kidicha¸ O‘zbekistonda shakllangan zo‘ravon boshqaruv tuzumini legallashtirish urinishidir.

Mamlakat qishloq xo‘jaligini boshqarish asosan fermerlar¸ ayni paytda¸ sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimiga nisbatan hukumat tashabbusi bilan qilinadigan zo‘ravonlikka asoslangan sharoitda¸ kuzatuvchilarga ko‘ra¸ planni bajarmagan fermer va boshqalarni urib-so‘kish¸ Mirziyoev tuzgan axloq qoidalariga ko‘ra¸ asosli deb topilishi va bunday zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikdan himoya qilishi mumkin.

Korrupsiya va zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi yana bir zo‘ravon korruptsion tizim?

Mirziyoev qarorini Ozodlikka sharhlagan tahlilchilar buni Toshkent hukumatini korrupsiyaga qarshi kurashaëtgan qilib ko‘rsatish uchun qilinayotgan navbatdagi tomosha akti deb talqin etmoqda.

O‘zbekistondagi Demokratik tashabbus guruhi yetakchisi Iskandar Xudoyberganov¸ konstitutsiya va qonunlar ishlamaydigan mamlakatda Bosh vazirning bu kabi qarorini faqat askiya sifatida qabul qilish mumkinligini aytadi:

- Bu qaror nimaga qabul qilindi? O‘zlarini korrupsiyaga qarshi kurashayotgan qilib ko‘rsatish uchun. Lekin hozirgi davlat boshqaruvi tuzumining o‘zi korrupsiyani yaratayotgan bir paytda¸ vazirlik yoki bankda o‘tirganni qanday o‘zgartirasiz? O‘tirgan stuli¸ egallagan mansabidan keladigan daromad insonni boqar ekan¸ korrupsiyani yo‘q qilib bo‘lmaydi. Korrupsiya va zo‘ravonlikni yo‘qotishning yo‘li aniq – uni tug‘dirayotgan tuzumning o‘zini yo‘q qilish. Buning yo‘lini qidirib¸ uzoqqa borishning keragi yo‘q. Bu ishni Saakashvili qildi¸ ammo haqsizlik va korrupsiyani yo‘qotishdan oldin¸ tuzumni isloh qildi va demokratik boshqaruvni yo‘lga qo‘ydi. Korrupsiyani fosh qiluvchi asosiy kuch bu matbuot erkinligi. Matbuotni erkin qilsin¸ hech qanaqa komissiyaning keragi yo‘q¸ o‘zi kimning kimligini ochiq ko‘rsatib beradi¸ deydi o‘zbekistonlik tahlilchi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG