Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:54

Narxi arzonlatilgan dorilar savdosi aptekadan “qora bozor”ga ko‘chdi


Narxi davlat tomonidan belgilangan dorilar defitsiti aholining ularga muhtoj qatlamini ancha mushkul ahvolga solib qo‘ymoqda.
Narxi davlat tomonidan belgilangan dorilar defitsiti aholining ularga muhtoj qatlamini ancha mushkul ahvolga solib qo‘ymoqda.

Ozodlik o‘tkazgan kichik surishtiruv davomida aniqlanishicha¸ 7 martdan boshlab davlat tomonidan belgilangan narxdan qimmat sotish taqiqlangan ijtimoiy ahamiyatga ega import dorilar Toshkent shahri va viloyat aptekalaridan birin-ketin g‘oyib bo‘lmoqda. Bu dorilarni o‘zi olganidan arzonga sotishni istamagan xususiy aptekalar¸ ularni peshtaxtalardan olib¸ “qo‘l”da sotishni yo‘lga qo‘ya boshlagan.

Hayot-mamotga aylangan dorilar

Toshkentlik Farhod astma kasaliga chalingan va uning hayot-mamoti xorijdan keltiriladigan salbutamol sepma dorisiga bog‘liq.

Farhodning Ozodlikka aytishicha¸ u 19 mart kuni bu dorini qidirib¸ Toshkentdagi 30 ga yaqin aptekaga kirib chiqqan¸ ammo ularning hammasida bir xil “yo‘q” degan javobni olgan.

Bunday “yo‘q”lar sababi esa juda jo‘n - salbutamol - 7 martdan boshlab hukumat tomonidan belgilangan narxda sotilishi shart qilib belgilangan 227 turdagi import doridan biri.

Hukumat qarori bilan 7 martgacha barcha aptekalarda 15-20 ming so‘m atrofida sotib kelingan bu dorining ulgurji narxi 8012 so‘m qilib belgilandi va ayni kundan boshlab dorixona peshtaxtalaridan g‘oyib bo‘la boshladi.

Bu dorini¸ asosan¸ xususiy kompaniyalar olib kirgan¸ aptekachilar optoviy bazalardan olib¸ sotib kelishgan. Hukumat belgilagan narx¸ dollarning davlat kursi bo‘yicha hisoblangan. Xususiy shirkatlar esa uni qora bozor kursida olib kirib¸ qora bozor narxiga moslab sotayotgan edi. 8000 so‘mga sotish¸ ularni zararga qo‘yadi¸ shuning uchun xususiylar uni sekingina aptekalardan yig‘ishtirib oldi. O‘zi 13 ming so‘mga olgan dorini kim 8 mingga sotadi. Qimmatga sotsa¸ jazosi og‘ir¸ aptekasi bekilib ketadi. Shunga salbutamol¸ yana boshqa bozor ko‘tarmaydigan dorilarni qo‘lga chiqarib yuborishdi”¸ deydi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda dori-darmon savdosiga bevosita aloqador toshkentlik tadbirkor.

Aptekama-apteka yugurib¸ nafasi qisib¸ xirillab qolgan Farhod hayotini ham¸ aytishicha¸ ana shunday “qo‘ldagi dori” saqlab qolgan. Uning hayoti xavf ostida qolganini ko‘rgan aptekachilardan biri “o‘z odami”ga telefon qilib¸ tezda salbutamol olib kelishni so‘ragan.

Chopar olib kelgan sepma dorini Farhod sotuvchidan ko‘chada 7 martgacha bo‘lgan narx – 18 ming so‘mga sotib olgan.

“Bunaqa vaziyatda odam million bo‘lsayam berishga tayyor bo‘p qolarkan¸ pul jondan azizmasku har qalay! Men bitta emasman¸ yana qanchadan-qancha odam zirillab aptekama-apteka chopib¸ onasigami¸ bolasigami import dori izlab yuripti. Narxlarni belgilagan hukumat nimaga uning ta’minotini eplolmayapti?”¸ deydi Farhod.

Rasmiy izoh

20 mart kuni Ozodlik bu savolga javob so‘rab¸ mamlakat dorixonalarini narxi qat’iy belgilangan ijtimoiy ahamiyatga ega 227 turdagi import dori va dori vositasi bilan ta’minlash vakolati yuklatilgan shirkatlardan biri - “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi bilan bog‘landi.

O‘zbekistonda rasmiy bayram kuni bo‘lgani uchun mutasaddi rasmiylarning ish joyida emasligini bildirgan “Dori-darmon” xizmatchisi ayrim import dorilarning aptekalardan yo‘qolib qolganini¸ vaqtincha muammo sifatida talqin qilishga urindi.

“Prezident qarori kuchga kirgandan beri¸ “Dori-darmon” shirkati narxi belgilangan dorilarning yangi partiyasini olib kirgani yo‘q. Hozirgacha faqat omborxonada bor dorilar tarqatildi¸ xolos. Lekin bu bo‘yicha yangi kontraktlar imzolandi¸ yaqin orada 227 turdagi dori kela boshlaydi. Shunda muammo hal bo‘lishi kerak”¸ dedi Ozodlik bog‘langan kompaniya vakili.

Norasmiy izoh

Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston dori-darmon bozoriga bevosita aloqador tadbirkor bunday izohni¸ “kuchli optimizm” deb baholadi.

“Dori-darmon” prezident qarori bo‘yicha aptekalarni 227 turdagi dori-darmon vositasi bilan uzluksiz ta’minlashi kerak. Ularda davlat kursi bo‘yicha konvertatsiya qilish haqqi bor va tashqaridan bu dorilarni ular olib kirsa¸ nisbatan arzonga tushishi aniq. Lekin butun mamlakatdagi 8000 dan oshiq aptekani ta’minlay olishiga ko‘zim etmaydi. Endi yana navbat va norma tizimi paydo bo‘lib¸ har aptekaga 2 tadan ë 10 dan tarqatishni yo‘lga qo‘yishsa kerak. Xususiy kompaniyalar bu dorini olib kelishni to‘xtatadi¸ chunki uni realizatsiya qiladigan joy qolmadi. Aptekalar belgilangan narxdan 100 so‘m qimmatga sotsayam¸ sud qilib¸ jarima solib yopib yuborayapti. “Dori-darmon” butun mamlakatdagi ehtiëjni qondirishiga ko‘zim etmaydi¸ shunga bu dorilar defitsiti paydo bo‘ladi¸ deb o‘ylayman”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan tadbirkor.

Ozodlik bilan suhbatda Toshkentdagi qator aptekalar¸ qolaversa¸ Buxoro¸ Namangan va Farg‘onadagi markaziy apteka xodimalri narxi belgilangan ijtimoiy import dorilar ro‘yxatidagi geparin¸ benzonal kabi dorilar yo‘qligini 20 mart kuni tasdiqlashdi.

Ayni paytda ular bu dorilarning mahalliy analoglari borligi¸ ular narxining esa¸ import doridan ikki baravar qimmatligini qo‘shimcha qilishdi.

1 yanvardan keyin yopilayotgan aptekalar soni keskin ko‘paydi


O‘zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev 2016 yilning 31 oktabrida imzolagan "Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror 1 yanvardan kuchga kirdi.

Bu qaror¸ uning ilk jumlasiga ko‘ra¸ “aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini yanada oshirish, ularning narxini belgilash bo‘yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish, mamlakatimizda arzon va sifatli preparatlar bo‘lishiga qaramasdan tashxis qo‘yish va davolash standartlarida ko‘zda tutilmagan hamda asosan qimmat import dori-darmon vositalarini tavsiya etish kabi nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qabul qilindi.

Mazkur qarorda Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentiga “dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ular narxining davlat tomonidan belgilangan tartibiga rioya etishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda uning buzilishi aniqlanganda qonun hujjatlariga muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallarni, shu jumladan tekshirish uchun xarid qilish va nazorat ostida olish bo‘yicha materiallarni litsenziyalovchi organga kiritish; sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini muomalaga chiqarishga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish” vazifasi yuklatildi.

Ozodlik suhbatlashgan farg‘onalik aptekachilardan biriga ko‘ra¸ 1 yanvardan beri birgina Farg‘onada 18 dorixona faoliyati¸ davlat belgilagan narxlarda sotish talabiga amal qilmaganlik kabi ayblovlar bilan sud qarori asosida to‘xtatilgan va yana 40 ta apteka ustidan surishtiruv jaraëni bormoqda.

“Toshkent shahrida yopilgan aptekalar soni 60 tadan oshdi. Bu jarayon davom etayapti. Prokuratura o‘z odamlarini kiritib¸ ro‘yxatdagi dorini oldirayapti. Agar davlat belgilagan narxdan 200 so‘m qimmatga sotgani aniqlansayam¸ ish ochib¸ xo‘jalik sudiga oshirayapti. Aptekalar litsenziyasi bekor qilinib¸ ularning uch yilgacha bu sohada ishlashi taqiqlanayapti”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan aptekachilardan biri.

Ozodlik ixtiyorida hozircha O‘zbekiston bo‘ylab prezidentning 31 oktabr kungi qarori ijrosi jarayonida yopilgan aptekalar soniga oid aniq ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG