Линклар

Prezident Shavkat Mirziyoevning 4 may kungi qarori ​“Toshkent shahridagi xalqaro aeroportga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomini berish to‘g‘risida» deb nomlansa-da¸ uning asosiy qismi mamlakatning markaziy havo darvozasi bo‘lgan Toshkent aeroportida “yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash” yo‘l-yo‘riqlariga bag‘ishlangan.

Qarorda “xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi”ni ishlab chiqish uchun Maxsus komissiya tashkil etish buyurildi.

Bosh vazir Abdulla Aripov rais bo‘lgan bu komissiya tarkibiga "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, MXX ga qarashli Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi, Ichki va Tashqi ishlar vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Toshkent shahri hokimligi rahbarlari kiritildi.

Aeroportda hozircha hech nima o‘zgarmadi¸ boshliqlar majlis bilan band

Mazkur komissiya ishiga bevosita aloqador mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ prezident qarori O‘zAda e’lon qilinishi bilan¸ bu vazirlik va qo‘mitalarning har birida ishchi guruhi tuzilib¸ ular 4 mayning o‘zidaëq birinchi yig‘inini o‘tkazgan.

“Prezident qarori chiqishi bilan ishchi guruhi tuzildi. Bu guruhga aeroport faoliyati bilan bog‘liq hamma strukturalar kirdi. Kecha kechki soat 6 da prezident qarorida tilga olingan slujbalarning hammasi birinchi majlisga o‘z odamlarini yubordi. Har bir struktura qarorni bajarish bo‘yicha o‘z taklif va rejasini beradi¸ keyin umumiy reja tuziladi. Birinchi vazifa¸ kim¸ nima qilishiga oid tadbirlar rejasini Kabminga topshirish. Bugun qaror ijrosiga aloqador struktura rahbarlari Kabminda yig‘ilishadi. U yerda nima gap bo‘lishidan kelib chiqib¸ har bir struktura o‘z ishini belgilab oladi”¸ dedi 5 may kuni Ozodlik suhbatlashgan bu mulozim.

Toshkent aeroportining bitta qaror chiqarib¸ ertasigayoq hamma yoqni yaxshilash mumkin kichik xo‘jalik emasligini ta’kidlagan bu suhbatdosh¸ aeroport xizmatiga aloqador yetti struktura ishini yaxshilashni muvofiqlashtirish tez va oson bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.

Toshkent aeroporti binosi tepasiga yoziladigan nom ustida bosh qotirmoqdalar

Toshkent aeroporti boshqaruviga yaqin mulozim bino tepasiga peshlavha ilish ustida boshqotirma boshlanganini aytadi.

“Aeroportda Islom Karimov degan yozuv qachon osilishi hozircha aniq emas. Chunki hali nomning o‘zi aniq emas. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti deyiladimi¸ Islom Karimov nomidagi aeroport deyiladimi¸ yoki Islom Karimov nomidagi Toshkent aeroporti deyiladimi¸ bunisi noma’lum. Bu masalalar ustida bosh qotirilayapti. Qarorda bu haqda aniq gap yo‘q. Kabmin hal qiladi buni. Keyin¸ aeroportlarni nomlash bilan bog‘liq xalqaro standartlar bor¸ aeroport nomlarining kodlanishi bor. Buni bugun nomlab¸ ertaga o‘zgartirib bo‘lmaydi. Oldin juda ko‘p nyuanslarni hal qilib¸ yozuvni keyin osamiz”¸ dedi Toshkent aeroporti faoliyatiga bevosita aloqador mulozim.

Bojxonadan o‘tish tezlashadimi?

Prezident qarorida Toshkent “aeroportida zamonaviy, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga yo‘lovchilarning bojxona, chegara va immigratsiya tartibotlaridan o‘tish vaqtini qisqartirish” “ustivor vazifa”lardan biri qilib belgilangan.

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining mazkur qaror ijrosiga aloqador rasmiysi¸ Karimov nomi berilgan Toshkent aeroportida bu ishni qilish oson kechmasligini aytadi.

“Biz hozir ham imkon darajasida ishlayapmiz. Bitta reys bilan¸ deylik¸ 200 ta pasajjir keldi. Reyslar ketma-ket kelsa¸ 1000 tayam bo‘p ketishi mumkin. Jami lentamiz 11 ta. Inspektor tezroq o‘tkazishga harakat qiladi. Yo‘lovchini falon minutda o‘tkaz¸ degan norma yo‘q¸ bizda. Reysning qaerdan kelganiga bog‘liq¸ kimlar kelganiga bog‘liq.

Biz o‘z Kodeksimiz¸ ichki instruksiyalar bo‘yicha ishlaymiz. Hammani totalniy tekshirib chiqargin¸ degani uchun¸ tekshiramiz. Valyuta¸ qimmatbaho metallar va boshqa cheklovlar borligi uchun¸ bunaqa narsalar bor-yo‘qliginiyam tekshiramiz. Hozir "yashil koridor" joriy qilish mexanizmi ishlab chiqilayapti. Lekin bu masalada aniq qaror chiqmaguncha¸ "qizil koridor" (hammani yoppasiga bojxona tekshiruvidan o‘tkazish – tahr.) qanday ishlagan bo‘lsa¸ shunday ishlaydi”¸ dedi Bojxona qo‘mitasi mutasaddisi.

“Islom Karimov aeroportidan ko‘p narsa kutmanglar”

Prezident qaroriga munosabat bildirgan mulozimlar Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda yo‘lovchilarga xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatish vazifasini Toshkentda qurilayotgan yangi aeroport ishga tushmaguncha uddalab bo‘lmasligini e’tirof qildilar.

“Hozirgi aeroport maydoni cheklangan. Ayniqsa¸ kelayotgan yo‘lovchilarni tez va sifatli qabul qilishga hudud tor. Chegarachi¸ bojxonachilarni ko‘paytirgan bilan¸ yuklar aylanadigan lentalar¸ tamojenniy lentalar sonini ko‘paytirish¸ kuzatuvchilarga normal sharoit qilib berishga joy yo‘qku! Bu muammolarni 2-3 yil ichida ishga tushadigan yangi aeroport hal qiladi. Ungacha ko‘p narsa o‘zgarmaydi”¸ dedi xususan bojxonachilar vakili.

Prezident Mirziyoev joriy yilning 10 fevral kuni chiqargan qarori bilan Toshkent-4 yangi xalqaro aeroporti qurilishiga oid investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosini tasdiqlagan edi.

2019 yilgacha bitkazilishi belgilangan bu loyihani «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi amalga oshiradi¸ uni Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Koreya agentligi va Koreya Eksimbanki moliyalaydi.

Umumiy maydoni Islom Karimov nomi berilgan hozirgi aeroportdan ikki baravar katta¸ yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish hududi¸ hozirgisidan uch marta katta bo‘lgan 4 qavatlik yangi aeroportda 36 ta samolyot uchun perron¸ bir soatda 1¸5 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoni bo‘ladi.

“Yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish muammosi ana shu yangi aeroport bitsa¸ hal bo‘ladi. U yerda ishlaydigan pasport tekshiruvchilar¸ bojxona va boshqa xizmatchilar yaxshilab tanlab olinadi. "Yashil koridor" ham shu aeroportda bo‘ladi. Faqat xorijiy turistlar emas¸ o‘zizmiznikilarga ham "yashil koridor" berilishi mumkin (yoppa bojxona tekshiruvi olib tashlanishi nazarda tutilmoqda – tahr.) Ungacha aeroportdagilar qo‘pollik qilsa¸ qonunni buzsa¸ ishonch telefoni¸ virtual qabulxonaga yozib turishsin¸ aeroport xizmatchilari bilan tushuntirish ishlari¸ profilaktika olib boramiz”¸ dedi Islom Karimov nomi berilgan Toshkent aeroportidagi xizmatlarga bevosita aloqador mulozim.

XS
SM
MD
LG