Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 01:28

Taniqli brendlar “otkat va dolya”ni o‘ylab, O‘zbekistonga kelishga qo‘rqayapti


O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqayotgan Daniya brendlari.

Ozodlik bilan suhbatda P. Jahn General products ltd shirkati asoschisi Paul Jahn prezident Mirziyoevning xorij investorlariga qilayotgan taklifi Daniyaning dunyoga mashhur kompaniyalari tomonidan o‘rganilayotgani¸ biroq hozircha na moliyaviy va na huquqiy xavfsizlik kafolatlari ko‘rinmayotgani uchun¸ ular o‘zbek bozoriga kirish qarorini paysalga solayotganini aytdi.

Taraddud

Ozodlik bilan suhbatda daniyalik tadbirkor¸ P. Jahn General products ltd shirkati asoschisi Poul Jahn Daniyada O‘zbekiston kabi 31 million iste’molchisi bor yangi bozorlarga kirishga qiziqayotgan yirik shirkatlari borligini e’tirof qildi:

- Men sizga bir necha misol keltirishim mumkin. Daniyaning Jysk shirkati hozirda dunyoning 52 davlatida ishlayapti. Bu daniyaliklarning IKEAsi. IKEA juda katta kompaniya va u yaqin kelajakda O‘zbekistonga bormaydi. Lekin 200 dan 1600 kvadrat metrgacha bo‘lgan hududda asosan uy-joy jihozlari¸ ko‘rpa-to‘shak sotadigan Jysk O‘zbekistonga kirishga anchadan beri qiziqmoqda. Kuni-kecha ular menga yana kelishdi maslahat so‘rab. Mendan oldin PWC (Price Waterhouse Cooper) konsalting kompaniyasidan maslahat so‘rashibdi. PWC ularga hozircha O‘zbekistonga sarmoya kiritmaslikni maslahat bergan¸ men ham xuddi shu fikrdaman¸ deydi Paul Jahn.

PWC – O‘zbekistondagi biznes iqlimiga oid yangi xulosasini hozircha ochiqlamadi

Daniyalik tadbirkor bilan suhbat ortidan Ozodlik dunyo mamlakatlaridagi biznes muhiti¸ xususan¸ investitsiya imkonlari haqida biznes guruhlari va tadbirkorlarga masalaht berish bilan shug‘ullanuvchi PWC shirkati vakillari bilan bog‘landi.

Shirkatning Londonda joylashgan global kommunikatsiya idorasi mutasaddisi¸ qolaversa¸ uning Toshkentdagi vakolatxonasi vakili Ozodlik savollariga maxsus hozirliksiz javob bera olmasliklarini ta’kidladilar. Ozodlikning elektron pochta orqali yuborgan yozma savollariga¸ shirkat ekspertlarining tez orada javob qaytarishlari va’da qilindi.

(Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelgandan beri xorij investitsiyalari uchun muhit yaxshilandimi¸ bugun O‘zbekistonga sarmoya kiritishga ikkilanib turgan G‘arb shirkatlariga bu borada qanday maslahat berasiz¸ degan savollarga javob kelishi ularni jamoatchilikka taqdim etamiz -tahr.)

O‘zbekistondagi biznes iqlimi haqida 2016 yil yakunlaridan kelib chiqib qilingan xulosasining indallosidaëq PWC ehtimoliy sarmoyadorlar diqqatini O‘zbekiston iqtisodidagi fundamental muammolarga qaratadi.

“O‘zbekiston Respublikasidagi iqtisodiy vaziyatda ayrim yaxshilanishlar bo‘lganiga qaramay¸ bu iqtisod endigina rivojlanib kelayotgan bozor xususiyatlariga egaligicha qolmoqda. Bu jihatlar mamlakat tashqarisida erkin konvertatsiya qilinmaydigan pul birligining mavjudligi¸ qarz va qimmatbaho qog‘ozlar bozoridagi likvidlikning past darajada qolayotgani kabilarni o‘z ichiga oladi. Umumiyatla¸ biznes iqlimi barqaror deb tasvirlansa-da¸ bozor iqtisodiga o‘tishga qaratilgan keskin islohotlar qilinib¸ davlatning iqtisodni boshqarishdagi roli kamaytirilsa¸ O‘zbekiston iqtisodida tez o‘sish potensiali mavjud”¸ deyiladi PWC konsalting shirkati 2016 yil e’lon qilgan hisobotda.

“Bizning ko‘rguliklarimiz boshqa havasmandlarni cho‘chitmoqda”

Daniyalik tadbirkorning o‘z vatanidagi biznes shirkatlariga hozircha O‘zbekistonga sarmoya yotqizishga shoshilmaslik haqida maslahati uning o‘z achchiq tajribasiga asoslangan.

90-yillarda O‘zbekistonga kirgan dastlabki Yevropa shirkatlaridan biri bo‘lgan P.Jahn General Products Limited 2000-yillar o‘rtalariga kelib¸ hukumat tepasida o‘tirganlar qo‘ygan “og‘ir shartlar” – muntazam “otkat va dolya” to‘lab turish talabini bajara olmaganidan ortidan o‘z biznesini tashlab ketishga majbur bo‘lgan edi.

O‘zbekiston Milliy bankining birgina qarori bilan 1 million 800 ming dollaridan ajrab¸ O‘zbekiston Oliy Xo‘jalik sudigacha bo‘lgan uch instansiyada Milliy bank bilan sudlashib¸ o‘z pulini ola olmagan janob Jahn¸ bugungi kunda mamlakatdagi sarmoya iqlimi jiddiy o‘zgarganiga shubha bilan qaraydi:

- Xorij investori O‘zbekistonga borar ekan¸ birinchi navbatda¸ o‘z puli¸ o‘z daromadini olib chiqib ketishiga ishonchi komil bo‘lmog‘i kerak. Daniyadek uzoq bir joydan O‘zbekistonga borgan sarmoyador¸ daromad qilib¸ topganini Daniyaga olib kelishni xohlaydi. Investor istaydigan eng oddiy va eng muhim xavfsizlik kafolati shudir. Lekin O‘zbekistonda hali ham konvertatsiya yo‘q. Demak¸ u pulini rasmiy kursda valyutaga aylantirish uchun yana kimlargadir yalinib-yolvorishi¸ pora berishi¸ homiylik so‘rashi kerak bo‘ladi.

Ikkinchisi¸ O‘zbekistonda do‘kon yoki zavod ochar ekan¸ sarmoyador uni ertaga kimdir kelib yopib qo‘ymasligi uchun kafolat istaydi. O‘zbekistonda o‘t o‘chiruvchiyam xohlasa¸ mana bu devoring qiyshiq ekan¸ buzib¸ boshqadan qurasan¸ deb tahdid qiladi¸ pora so‘raydi. Agar bugun O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi sarmoya iqlimi yaxshilanganini namoyish qilmqochi bo‘lsa¸ umumiy muhitni shaffoflashtirishi kerak – biznes boshlash¸ yokiki biznesini davom ettirish uchun hech kimga otkat yokiki pora berishga joy qolmasin¸ deydi ayni shaffoflik yo‘qligi ortidan urchigan davlat korrupsiyasi bois O‘zbekistondan chiqib ketgan daniyalik tadbirkor.

Dunyoga mashhur shirkatlar O‘zbekistonga kirsa¸ bu boshqa investorlarni rag‘batlantiradi

Suhbatdosh ta’kidicha¸ JYSK O‘zbekistonga kirishga qiziqayotgan yagona Daniya shirkati emas. U qatori jahonga sifatli oyoq kiyimlari bilan tanilgan ECCO, zargarlik mahsulotlari bilan mashhur Pandora shirkatlari ham yangi bozor ilinjida O‘zbekistonga kirishni rejalamoqda.

Agar bu taniqli brendlar O‘zbekistonda ish boshlasa¸ bundan ham o‘z mahsulotiga yangi bozor qidirayotgan bu shirkatlar¸ ham o‘zbek iqtisodi yutishiga shubham yo‘q¸ deydi Jahn:

- Ertaga Jysk borib Toshkent va boshqa katta shaharlarda¸ deylik¸ birinchi uchta do‘konini ochsin. Agar biznes iqlimi yaxshilangan bo‘lsa¸ tez orada O‘zbekiston bo‘ylab bu shirkat bemalol 30 ta do‘kon ocha oladi. O‘zbekistonda arzon ish kuchi¸ o‘z paxtasi borligini inobatga olsak¸ Jysk o‘z do‘konlarida sotadigan tekstil mahsulotlarning asosiy qismini O‘zbekistonda ishlab chiqarishga o‘tishi mumkin. Qarabsizki¸ ichki ishlab chiqarish¸ ish o‘rinlari ochiladi. Muhimi¸ bunaqa tanilgan shirkatning O‘zbekistonda ishlashi¸ boshqa sarmoyadorlarga ham bu mamlakatda endi normal biznes qilish mumkin¸ degan signal bo‘ladi va ishonchim komilki¸ ehtimoliy investorlar sonini oshirmay qolmaydi¸ deydi daniyalik tadbirkor.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG