Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 07:24

30 kunga qamalgan Navalniy o‘z tarafdorlarini kurashni to‘xtatmaslikka chaqirdi


Moskva sudi muholifatchi Aleksey Navalniyni miting o‘tkazish tartibini qayta buzganlikda aybdor deb topib 30 kunlik hibsga hukm qildi. Bu namoyishlarda 1500ga yaqin odam hibsga olindi. Dunyo hukumatlari bu hibslarni qoralab, tinch namoyishchilarni zudlikda ozod qilishga chaqirmoqda.

Hukumatdagi korrupsiyaga qarshi muxolifat namoyishi Rossiyaning 12 ta shahrida o‘tkazildi va unda qatnashgan yuzlab odam qo‘lga olindi.

Hibsga olingan jami 1560 nafar namoyishchidan 866 nafarining Moskvada¸ 548 nafarining esa¸ Sankt-Peterburgda ushlangani aytilmoqda.

Namoyishlar politsiyaning qattiq nazorati ostida o‘tkazildi. Ba’zi joylarda mitingchilarga nisbatan kuch qo‘llangani aytilmoqda.

Norozilik namoyishlarining asosiy tashabbuschisi Aleksey Navalniyning o‘zi esa¸ 12 iyun kungi tadbirlar boshlanmay turib¸ ruxsat berilmagan namoyish o‘tkazishda ayblanib¸ hibsga olindi va sud hukmi bilan 30 kunlik qamoqqa hukm qilindi.

Simonovskiy tuman sudidan turib yozilgan videoblogida Navalniy navbatdagi videomurojaati 30 kundan keyin bo‘lishini aytib¸ 12 iyun kuni namoyishga chiqqanlar bilan birga bo‘la olmaganidan afsus bildirdi:

- Afsuslarkim¸ men hammani bu mitingga chiqishga chaqirdim¸ ammo o‘zim bu paytda sudda bo‘lganim bois¸ unda qatnasha olmadim. Suratlarni ko‘rdim¸ hammangiz zo‘rsiz¸ men sizlar bilan bitta harakatda bo‘lganimdan faxrlanaman. Men kelasi 30 kun ichida ko‘p kitob o‘qiyman¸ narda o‘ynab¸ uxlayman. Lekin siz ishni davom ettiring¸ korrupsiyaga qarshi kurashing¸azamatligingizcha qoling¸ dedi 12 iyun kungi sud hukmidan so‘ng qilgan videomurojaatida Aleksey Navalniy o‘z tarafdorlariga qarata.

Moskva hukumati muxolifatga mitingni Saxarov shohko‘chasida o‘tkazishga ruxsat bergan edi. Navalniy 11 iyun kuni hukumat miting o‘tkazishga turli to‘sqinliklarni qilayotgani uchun namoyishni Moskva markazidagi Kremlga eltuvchi Tver ko‘chasida o‘tkazilishini e’lon qildi.

Norozilik namoyishlari paytidagi politsiya hatti-harakatini monitoring qiluvchi OVD-Info xalqaro nohukumat tashkiloti¸ ushlanganlar aksarining 13 iyun tongida qo‘yib yuborilganini bildirdi.

AQSh¸ YeI va xalqaro huquq guruhlari Rossiya bo‘ylab o‘tkazilgan tinch norozilik chiqishlarida yuzlab odamning hibsga olinganini qoraladi.

Jumladan, Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser tinch namoyishchilarning qo‘lga olinishini "demokratik qadriyatlarga nisbatan haqorat" deb baholadi va Rossiya hukumatidan ushlanganlarni ozod qilishni so‘radi:

- AQSh 12 iyun kuni yuzlab tinch namoyishchining Rossiya bo‘ylab hibsga olinishini keskin qoralaydi. Tinch namoyishchilar, inson huquqlari himoyachilari va jurnalistning qo‘lga olinishi demokratik qadriyatlar mohiyatiga ziddir. AQSh vaziyatni kuzatishda davom etadi va biz Rossiya hukumatini tinch namoyishchilarni zudlikda ozod qilishga chaqiramiz, dedi Oq uy matbuot kotibi.

YeI tashqi siyosati mutasaddisi Federika Mogerini tinch namoyishchilarning ushlanishini so‘z erkinligiga tahdid deb atagan bo‘lsa¸ Amnesty International tashkiloti namoyishlar bostirilishini Rossiya hukumatining fundamental inson haqlaridan hazar qilishi ifodasi sifatida baholadi.

Shu yilning 26 martida ham 41 yashar Aleksey Navalniy yetakchiligidagi Rossiya bo‘ylab o‘tgan korrupsiyaga qarshi namoyishlarda o‘n minglagan odam ishtirok etgan va ulardan 1000 nafari qo‘lga olingan edi.

41 yashar Navalniy 26 mart kuni ham ruxsat berilmagan miting o‘tkazishda ayblanib¸ 15 kunlik qamoqqa hukm etilgan edi.

U keyingi yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida qatnashish niyatini bildirgan.

1999 yildan beri prezident va bosh vazir sifatida hokimiyatni qo‘lida tutib turgan Vladimir Putinning ham to‘rtinchi marta prezident saylovida nomzodini qo‘yishi kutilmoqda.

Rossiya hokimiyat idoralarining Navalniy bir necha bor sudlangani uchun unga prezident saylovida nomzodini qo‘yishga ruxsat bermasligi kutilmoqda. Ammo tarafdorlarining aytishicha, mavjud qonun-qoidalarda bu narsa aniq ko‘rsatilmagan. Qolaversa, Rossiya hukumati vakillari uning saylovda qatnashish-qatnashmasligi xususida hanuz aniq bir bayonot bergani yo‘q.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG