Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:29

Navro‘zni tanqid qilgan Ishoqjon domla “siyosiy sabab bilan” imomlikdan chetlatildi


"To‘xtaboy" masjidi imomi Ishoq Begmatov
"To‘xtaboy" masjidi imomi Ishoq Begmatov

Toshkentdagi mashhur “To‘xtaboy” jome masjidining ishdan bo‘shatilgan imom-xatibi Ishoqjon Begmatov, Ozodlik manbalariga ko‘ra, diniy ta’lim yoshini 18 yoshga ko‘tarish taklifiga qarshi chiqqani uchun bosimga uchragan. Bu haqda aniq javob bermagan Musulmonlar idorasi munozaraga sabab bo‘layotgan diniy ta’limga oid taklif bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmaganini bildirdi.

90-yillarning o‘rtalarida taniqli ulamo Obid qori Nazarov imomlik qilgan Toshkentdagi mashhur "To‘xtaboy" masjidining imom-xatibi Ishoq Muhammad domla - Ishoqjon Begmatovning yaqinlari Ozodlik bilan suhbatda¸ uning ishdan olinishiga Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Diniy qo‘mita va diniy idora bosimi sabab bo‘lganini iddao qildi.

Navro‘z bayrami va uning tegrasidagi urf-odatlarni keskin tanqid qilgani uchun ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in munozara uyg‘otgan Ishoqjon domla iyun oyining oxirgi kunlarida ishdan olindi. O‘zbekistondagi Internet nashrlari imomning "sog‘ligi to‘g‘ri kelmagani bois, o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shagani"ni xabar qildi.

Musulmonlar idorasining masjidlar bo‘limi va idoraning Toshkent shahar vakillik idorasining Ozodlik gaplashgan xodimlari Ishoqjon domlaning ishdan bo‘shashi sabablarini "noma’lum", deb izohladi.

Imomni yaqindan tanigan manbalarning yozishicha, “Ishoqjon domla O‘zbekistonda diniy ta’lim yoshini 15-16 yoshdan 18 yoshga ko‘tarish taklifiga qarshi chiqqani uchun” bosimga uchragan va shu bosim tufayli ishdan bo‘shashga majbur bo‘lgan.

"Diniy qo‘mita ma’had ustozlarini, Toshkent Islom universitetini¸ hatto diniy idorani ham kuchli bosim ostiga olibdi. +18 diniy ta’lim diniy qo‘mitaning topshirig‘i bo‘lgan. Masalan¸ Ishoqjon domlani ishdan olishdi¸ diniy idoraga chaqirib¸ so‘kishibdi. Bu odam "To‘xtaboy ota" masjidi imomi. Bu Obid qorining masjidi. Diniy qo‘mitaning maxsus komissiyasi davlatga qarshi¸ deb xulosa bergan¸ shunga ishdan olingan. 6 oydan beri tekshiruv bo‘lgan¸ hammasini tekshirgan ekan. Bir oy oldin zo‘rg‘a jarima bilan qutulgan ekan"¸ deb yozdi ismi sir saqlanishini so‘ragan Ozodlik manbasi.

O‘tgan oy O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Vazirlar Mahkamasiga mamlakatdagi o‘rta maxsus diniy bilim yurtlariga 9-sinf bitiruvchilarini qabul qilmaslik haqida taklif kiritdi.

Bu taklif¸ kollej-litseylarga tenglashtirilgan o‘rta-maxsus islom bilim yurtlariga kollej-litseylarni bitirganlarni qabul qilishni ko‘zda tutadi.

Toshkent Islom instituti o‘qituvchilari jamoasiga tegishli, deyilgan norozilik maktubining mamlakat ichkarisidagi Internet nashrlarida chop etilgani¸ bu taklifning e’tirozlarga sabab bo‘layotganini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda mustaqil ravishda diniy ta’lim berish taqiqlangani bois, rasman faoliyat yurg‘izuvchi 9 dona madrasaga shu vaqtgacha 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinar edi.

Shu tartib saqlanib qolishi tarafdori bo‘lgan Ishoqjon Begmatov, Ozodlikning yana bir manbasiga ko‘ra, bu fikrini prezident Shavkat Mirziyoevga ham ochiq aytgan.

"Yaqinda Shayhontohur tumani imomlari bilan bo‘lgan uchrashuvda Ishoqjon domla Mirziyoevga bolalarga yoshlikdan islomiy bilimlar berishni taklif qilgan. Mirziyoevga bu taklif ma’qul kelgan. Lekin kimlargadir bu fikr yoqmagan va imomlar bilan uchrashuvga Ishoqjon domlani taklif qilishmagan va qisqa vaqt ichida u kishini ishdan olib tashlashgan. Diniy idoraga prezident devonidan domlani ishdan olish haqida topshiriq berilgan", deb yozdi Ishoq Begmatov bilan bir mahallada yashashini aytgan yana bir toshkentlik manba.

Ozodlikka bir-biridan mustaqil holda kelgan bu jarayonga oid xabarlarda yana bir imom - o‘g‘il farzandlarini ginekolog kasbiga o‘qitmaslikka chaqirib, jamoatchilik orasida shov-shuv uyg‘otgan Rahmatulloh Sayfitdinov nomi ham tilga olingan. Bu imomning ham ta’lim yoshini 18 ga ko‘tarish taklifiga qarshi chiqqani uchun Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari qo‘mitasi bosimiga uchrayotgani iddao qilinmoqda.

Ozodlik bu iddaolar ortidan nomi tilga olingan ikkala imom bilan bog‘lanishga urindi, ammo hozircha bunga muvaffaq bo‘lmadi. Shuningdek, bu borada Diniy qo‘mitadan ham biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Diniy idora raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur bu boradagi savolga qisqa javob berdi:

"Diniy idora boshqaruv organi bo‘lgani uchun o‘zining imomlari, xodimlariga har qanday masalada maslahat, buyruq berishi mumkin, tavsiya beradi. Sal chalg‘ib ketsa, to‘g‘irlab qo‘yadi. Lekin, men diniy ta’limga oid takliflar bilan shug‘ullanmayapman. Juda ko‘p narsadan xabarim yo‘q. Ammo, bu taklif bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q", dedi shayx Abdulaziz Mansur.

Bosimga uchragani aytilayotgan Ishoqjon Begmatov va Rahmatulloh Sayfitdinovlar o‘z vaqtida marhum prezident Islom Karimov nazariga tushgan imomlardir.

Rahmatulloh Sayfutdinov marhum prezident Islom Karimovning chap yonida, 2014 yil, oktyabr oyi
Rahmatulloh Sayfutdinov marhum prezident Islom Karimovning chap yonida, 2014 yil, oktyabr oyi

Ikkala imomning ham taqiqlangan diniy oqimlarga qarshi qattiq kurashgan va bu borada hukumat siyosatini ma’qullab kelgan shaxslar ekani aytiladi.

Shavkat Mirziyoev prezidentlikka kelishidan ko‘p o‘tmay bu imomlarning juma ma’ruzalarida, diniy idora beradigan tezisdan chiqib, erkin fikr bildirgani ijtimoiy tarmoqlarda munozaralar uyg‘otdi.

Ishoqjon Begmatovning Navro‘z bayrami bilan bog‘liq urf-odatlarni keskin tanqid qilgani, Rahmatulloh domlaning esa o‘g‘il bolalarni doyalikka o‘qitmaslik chaqirig‘i tarmoqlarda yoyildi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG