Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 15:01

“O‘zbekiston 24” o‘z ishini Mirziyoev tug‘ilgan kunda boshladi


"O‘zbekiston 24" telekanali ijodiy xodimlari kanalning birinchi ish kunidagi efirida.
"O‘zbekiston 24" telekanali ijodiy xodimlari kanalning birinchi ish kunidagi efirida.

Aholiga ob’ektiv va ishonchli xabar etkazish vazifasi yuklatilgan yangi “O‘zbekiston 24” telekanalbning birinchi ish kuni uni tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni bundan qariyb 3 oy muqaddam imzolagan prezident Mirziyoevning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri keldi.

365/7/24 formatida ishlashga bel bog‘lagan yangi axborot vositasining birinchi ish kunida efirga uzatilgan informatsion dastur prezident Mirziyoev nomiga kelgan tabriknomalar ro‘yxatini o‘qish bilan boshlandi.

24 iyul, ertalab soat 10 da ish boshlagan “O‘zbekiston 24”ning efiri davlat gimni sadolari ostida mamlakatning diqqatga sazovor joylari tasviri namoyishi bilan boshlandi.

So‘ng tabriklarga o‘tildi. Rossiyalik kardioxirurg Leo Bokeriya (Islom Karimov o‘lim bilan kurashayotgan paytda uni davolashga aynan shu vrach taklif qilingani aytilgan edi), Hindiston va Qozog‘iston elchilari, sportchilar, olimlar, jurnalistlar va oddiy tomoshabinlar telekanal jamoasini tabrikladi.

"Axborot 24" Mirziyoevga tabriklar bilan boshlandi

24 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 60 yoshga to‘ldi va bu voqea kanalning “Axborot 24” informatsion dasturida o‘z aksini topdi.

Dasturning Ozodlik muxbiri ko‘rgan rus tilidagi varianti Mirziyoevni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan prezidentlar ro‘yxatini o‘qish bilan boshlandi.

Olib boruvchi tabriknomalar matnlari kanalning kechki ko‘rsatuvlarida o‘qib eshittirilishini e’lon qildi.

"Yuz ochdi"

“Axborot 24” dasturining ko‘p vaqtini “yuz ochdi” syujetlari - "O‘zbekiston 24" kanali to‘g‘risidagi materiallar egalladi. Bunday syujetlar to‘plamiga so‘zboshi o‘qir ekan, boshlovchi “O‘zbekiston 24” kanalining ochilishini “mamlakat tarixida teleradioeshittirishlarda burilish yasagan voqea”, sifatida baholadi va darhol bu voqea tashabbuschisi “Shavkat Mirziyoevning o‘zi” ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Bunday e’tirofdan so‘ng berilgan qator syujetlarda “O‘zbekiston 24” qanday kanalu u qanday maqsadlarga xizmat qilishi, kanal imkoniyatlari, jurnalistlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida hikoya qilindi.

Qisqa va lo‘nda syujetlar

“Axborot 24”ning 10-inchi daqiqasi boshlanganidan so‘ng dastur telekanal haqidagi syujetlardan mamlakat hayotidagi yangiliklarga o‘tdi va Gazlida yangi gaz koni ochilgani to‘g‘risidagi reportajni ko‘rsatdi. Syujet muallifi yangilik janriga sodiq qoldi: xabarini nima, qaerda, qachon degan savollarga javob berishdan boshladi.

Gazli mavzui uzoq davom etmadi va syujet o‘z-o‘zidan Qoraqalpog‘istonda polimer mahsulotlar zavodi ochilgani to‘g‘risidagi syujetga ulanib ketdi. Bu syujetda ham Shavkat Mirziyoev chetlab o‘tilmadi: kadrda zavod qurilishiga birinchi g‘ishtni prezident qo‘yib bergani yo‘nib yozilgan marmar lavhani ko‘rish mumkin.

Ketma-ket uzluksiz davom etgan syujetlarning uchinchisida Mo‘ynoqda bolalar bog‘chasi qurilgani to‘g‘risida xabar berildi va shu bilan mamlakat yangiliklari tugab, Xalqaro yangiliklarga o‘tildi.

Yonarqurtlar

Germaniyadagi avtosanoatida chiqqan janjal, Afg‘oniston poytaxtida amalga oshirilgan terroristik huruj, AQShning Meksika bilan chegarasi yaqinida avtomashinadan 9 migrantning jasadi topilgani, Italiya poytaxtiga suv taqchilligi tahdid solayotgani, Meksikadagi shtatlardan biriga sayyohlar ataylab yonarqurtlarni ko‘rish uchun borishlari to‘g‘risida hikoya qilindi "Axborot 24"ning "Xalqaro hayot" ruknida.

Desert

Xalqaro hayotdan O‘zbekistonga qaytgan “Axborot 24” O‘zbek-Yapon markazi bilan bog‘liq, an’anaviy "Axborot" usulidagi bir syujet berildi va nihoyat informatsion "menyu"ning deserti taqdim etildi: tez damlanar qahva ixtiro qilinganiga 74 yil to‘lgani munosabati bilan "Axborot 24" qahva to‘g‘risida tayyorlangan syujetni efirga uzatdi.

Ko‘pni ko‘rganlar nima dedi?

Ozodlik “O‘zbekiston 24” telekanalining birinchi ish kuni to‘g‘risidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashishni so‘rab, ikki tajribali jurnalistga murojaat qildi.

Jurnalist Sharof Ubaydullaev ham, jurnalist Tursun Qoratoev ham gapni telekanal jamoasini tabriklashdan boshladi.

Ubaydullaevning fikricha, “syujetlar, nisbatan yangiroq bo‘ldi, juda ham mayda chaynashlar bo‘lmadi, xabarlar qisqa, lo‘nda bo‘ldi, lekin kecha “Axborot”da tahlil etishmadi".

Jurnalist Tursun Qoratoev Ozodlikning “O‘zbekiston 24”ning ochilishi Shavkat Mirziyoevning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri kelishi tasodifmi, degan savoliga bunday javob berdi:

- Bu tasodif emas. Bu - biz hali ham oldingi odatlarimizdan qutula olmayotganimiz belgisi. Mamlakat rahbariga sovg‘a qilganga o‘xshab qoldilar. Men kechadan beri kasbdoshlar, fikrdoshlar bilan bu haqda gaplashdim. Ko‘pchilikning fikri bir joydan chiqdi. Ko‘pchilik shunday qilmaslik kerak edi, degan fikrni bildirdi, - Tursun Qoratoev.

Maxsus mehmonlar?

“O‘zbekiston 24”ning birinchi efirida tomoshabin e’tiborini o‘ziga tortgan yana bir jihat: “Axborot 24” dasturi telekanalga “Rossiya 24” telekanali ijodiy guruhi mehmonga kelgani, guruh “O‘zbekiston 24” haqida maxsus syujet tayyorlaganiga alohida e’tibor qaratdi.

Shu kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Rossiya 24” telekanaliga intervyu ham berdi.

Hammasi bo‘lib 251 mutaxassis ishlashi, chet davlatlarda ham muxbirlik punktlari ochilajagi aytilayotgan “O‘zbekiston 24” telekanali o‘z ko‘rsatuvlarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boradi.

XS
SM
MD
LG