Линклар

Mehnat vazirligi Rossiyaga ketayotgan mehnat muhojirlari guruhini rasman kuzatdi


So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, shu kunda Rossiyada 1,7 mln. nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojiri bor.

O‘zbekiston yangi sharoitlarda mehnat migrantlari muammolariga nisbatan o‘z munosabatini tubdan o‘zgartirmoqda hamda mehnat migrantlarining O‘zbekiston iqtisodiyoti hamda ular ishlayotgan mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan ulushini e’tirof etadi. O‘zbekiston hukumati bundan keyin ham ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda davom etadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida e’lon qilingan xabarda aytildi.

Portal xabarida 2017 yil 26 iyulda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi binosida Rossiya Federatsiyasiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining bir guruhi Mehnat va bandlik munosabatlari vaziri A.Abduhakimov bilan uchrashgani bildirilgan.

Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan jadal ishlar amalga oshirilmoqda. Rekruting faoliyati to‘g‘risidagi, mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi, yangi qonunlar ishlab chiqilmoqda, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilmoqda hamda litsenziya va ruxsat berish hujjatlari soddalashtirilmoqda.

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari manfaatlarini himoya qilish uchun mamlakatimiz fuqarolari eng ko‘p mehnat qilayotgan davlatlarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Agentlikning vakolatxonalarini ochish masalasi ishlab chiqilayotgani, jumladan, Rossiya Federatsiyasi va Koreya Respublikasida. O‘zbekistonning Samarqand va Farg‘ona shaharlarida mehnat migrantlariga hamkorlikda ko‘maklashishga qaratilgan turli markazlar ochilayotgani aytilgan Portal xabarida.

"Ayni paytda, hukumatlararo Bitimni hayotga joriy etish mexanizmlarini yaratish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda. Rossiyalik ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan turli mutaxassisliklar bo‘yicha tashkiliy tanlov boshlandi. Allaqachon haydovchilar, tikuvchilar, qurilish bo‘yicha mutaxassislar, sozlovchilar, tokarlar va boshqalar bo‘yicha tanlov va saralash ishlari olib borilmoqda", deb yozdi Hukumat portali.

Shuningdek, xabar qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida ikki tomonlama strategik hamkorlik va sherikchilik munosabatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017 yil 12 apreldagi PQ-2885 son qarorini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan Rossiya Federatsiyasidagi mehnat migrantlarining muammolarini tezkor hal qilish, ularning mehnat faoliyatini qonuniylashtirish hamda huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, odam savdosi bilan bog‘liq holatlarning oldini olish, ularning turli buzg‘unchi kuchlarning salbiy ta’siri ostiga tushib qolmasligini ta’minlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining tegishli tashkilotlari va muassasalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

2017 yil 26 iyulda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi binosida o‘tkazilgan tadbirda Rossiyaning mehnat migrantlariga huquqiy ko‘maklashish bo‘yicha Agentligi vitse-prezidenti Yu.Slutskaya, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Elchixonasi maslahatchisi E.Chistova, turli vazirliklar va muassasalar, ish beruvchilar va hamkor tashkilotlar hamda OAV vakillari ishtirok etgani aytildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Rossiyaga davlat tashrifi doirasida Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish to‘g‘risidagi Bitim imzolangan edi.

XS
SM
MD
LG