Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:15

"Prokuratura bayonoti Gulnoraning G‘arbdagi milliardlarini qaytarishga urinishdir"


Turkiyada chiqadigan "Hurriyat" gazetasida Gulnora Karimova intervyusi bosilgan sahifa surati. Surat ustida turk tilida "Hayotim Muhtasham yuz yil kabi", degan sarlavha bosilgan.
Turkiyada chiqadigan "Hurriyat" gazetasida Gulnora Karimova intervyusi bosilgan sahifa surati. Surat ustida turk tilida "Hayotim Muhtasham yuz yil kabi", degan sarlavha bosilgan.

O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga ochilgan jinoiy ishlar bo‘yicha Bosh prokuratura 28 iyul kuni e’lon qilgan batafsil bayonotdan maqsad¸ Ozodlik suhbatlashgan mustaqil jurnalist va tahlilchilarga ko‘ra¸ “Gugusha” o‘g‘irlab¸ xorij banklariga berkitgan milliardlab dollar mablag‘ va ko‘chmas mulkni O‘zbekiston hukumati ixtiyoriga berilishiga erishishdir.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘z saytida 28 iyul kuni e’lon qilgan “G.Karimovaga nisbatan jinoyat ishlari yuzasidan xabar”da marhum prezident to‘ng‘ichining 2001-2013 yillarda sodir etgan og‘ir iqtisodiy jinoyatlari yuzasidan yakunlangan va hamon davom etayotgan jinoiy ishlarga oid ayrim tafsilotlar berildi.

Xabarda aytilishicha¸ Gulnora Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik)¸ 167-moddasi ( O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)¸ 179-moddasi ( Soxta tadbirkorlik)¸ 184-moddasi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash)¸ 227-moddasi ( Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish ) va boshqalar (boshqa ayblar sal pastroqda oydinlashtiriladi -tahr.) bilan ayblov e’lon qilingan.

G.Karimovaning ushbu jinoyatlarni sodir etishdagi aybi uyushgan jinoiy guruh a’zolari N.Sodikov, R.Madumarov, Sh.Sabirov va boshqalarning, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 45 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan”¸ deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Ayni paytda rasmiy xabardan Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘yilayotgan boshqa ayblar hamon davom etayotgan tergov harakatlari markazida ekani¸ ular orasida “davlat organlari vakolatlarini asossiz o‘zlashtirish”¸ “uyushgan jinoiy guruhning offshor kompaniyalari hisob raqamiga “bo‘nak” (otkat) olish¸ import tovarlar miqdor va narxini yashirish kabi Jinoyat kodeksining yana olti moddasida ko‘zda tutilgan ayblar borligi anglashiladi.

Rasmiy xabarda aytilishicha¸ davom etayotgan jinoiy ishlarda marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi 168 (Firibgarlik), 178 (Chet el valyutasini yashirish)¸ 182 (Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish), 189 (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish)¸ 228 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-modda bo‘yicha (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da ayblanmoqda.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksidagi eng og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotgan Gulnora Karimova ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Rasmiy xabardan o‘zbek so‘midan tortib¸ qator xorij valyutalarida keltirilgan o‘g‘irlik¸ talon-tarojning jami miqdorini aniqlash¸ Gulnora Karimovadan O‘zbekiston va o‘zbekistonliklarga etgan jami zarar hajmini aniq raqamlarga aylantirish qiyinligi ko‘riladi.

Dastlabki xomcho‘tdan¸ Karimova tomonidan o‘g‘irlangani isbotlangan va gumonlanayotgan mablag‘ning bir necha milliard dollarga teng ekani ko‘riladi.

Olib borilayotgan tergov harakatlari davomida bu ayblar o‘z tasdig‘ini topsa¸ Karimova avvalgi sud tomonidan belgilangan 5 yillik ozodlikdan mahrum etilish jazosi ustiga uzoq yillarga qamalishi mumkin.

Gulnora Karimova jinoyatlarini birinchi bo‘lib fosh qilganlar O‘zbekiston prokuraturasi xabarini olqishladi¸ ammo...

2012 yilga qadar G‘arb matbuoti tomonidan “O‘zbekiston malikasi”, deb sifatlanib¸ otasi kursisiga voris, deb ko‘rilgan Gulnora Karimovaning xorij shirkatlaridan olgan yuzlab millionlik otkatlarni o‘z xizmatchilari nomiga ochilgan offshor kompaniyalarining G‘arbdagi hisob raqamlariga qo‘ygani haqidagi ilk hujjatli ayblov Shvetsiya telejurnalistlari hozirlagan maxsus ko‘rsatuvda namoyish etilgan edi.

2012 yilning 19 sentabr kuni Shvetsiya jamoatchilik televideniesi namoyish etgan "TeliaSonera - o‘zbek ishi" deb nomlangan hujjatli filmda uchdan bir qism aktsiyalari Stokholm hukumatiga qarashli bo‘lgan TeliaSonera shirkati O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaga 320 million dollar pora berganlikda ayblandi.

Shved surishtiruv jurnalistlari guruhi boshlagan bu ish 11 dekabr kuni namoyish etilgan "TeliaSonera va Diktatorning qizi" va 2013 yil mayida ko‘rsatilgan “Moskvadan kelgan chopar” hujjatli filmlarida davom ettirildi.

Bu hujjatli filmlar ortidan Yevropaning 12 davlatida Gulnora Karimova bilan bog‘liq jinoiy ish ochildi¸ Karimovaga pora berganini tan olishga majbur bo‘lgan Yevropa mobil shirkatlari tarixda ko‘rilmagan rekord miqdordagi jarimaga tortildi.

Mazkur film muallifi Yoaxim Difvermark 28 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasining “G.Karimovaga nisbatan jinoyat ishlari yuzasidan xabar”idan “qoyil” qolganini yashirmadi:

- Bu xabardan hayron bo‘ldim¸ qaysidir ma’noda¸ o‘zbek huquq tizimiga “qoyil” ham qoldim. Biz Gulnora qilgan jinoyatlari uchun emas¸ ko‘proq siyosiy sababdan uy qamog‘ida saqlanmoqda¸ deb o‘ylayotgan edik. Shvetsiyada TeliaSoneradan yuzlab million dollar pora olgan “diktatorning qizi” sifatida tanilgan Gulnora Karimova ustidan davom etayotgan tergov amaliyotlari bundan keyin ochiq bo‘lishi lozim. O‘zbekistonga kirgan har bir xorij shirkatining kimlargadir otkat bergani¸ kimlargadir homiylik uchun pora berib kelgani hech kimga sir emas. Bu ro‘yxat faqat Gulnora bilan cheklanmaydi. Bizning vazifamiz¸ bu ishni qilayotganlarni¸ korrupsiyani fosh qilishni davom ettirishdir. Zotan O‘zbekiston kabi mamlakatlarda aynan korrupsiya ijtimoiy adolatsizlik zamirida yotgan eng katta sababdir¸ dedi “Gulnora ishi”ni boshlagan shved jurnalistlaridan biri.

Xalqaro surishtiruv jurnalistlarining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) tadqiqotchisi¸“Gulnora Karimova milliard dollarni qanday o‘mardi? nomli keng ko‘lamli jurnalistik surishtiruv muallifi Miranda Patruchich O‘zbekiston Bosh prokuraturasinign 28 iyul kungi bayonotini olqishlagan holda¸ tergov amaliyotlarining faqat Gulnora ishi bilan cheklanib qolmasligi lozimligiga e’tibor qaratdi:

- Otasining hokimiyati soyasida Gulnoraning mahalliy tadbirkorlarni xonavayron qilgani¸ xorij shirkatlaridan yuzlab million otkat olib¸ bu pullarni offshorga berkitib kelgani oid isbot-dalillar shu qadar ko‘pki¸ O‘zbekiston prokuraturasi ham nihoyat bu ayblovlarni taftish qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu nihoyatda keng ko‘lamli korrupsiya va Gulnora o‘z qilmishlari uchun adolat oldida javob berishi shart. Lekin bu korrupsiya faqat Gulnora yoki sobiq birinchi oila bilangina cheklanmaydi. Karimov hokimiyati tepasidagilarning aksariyati u yoki bu shaklda korrupsiyaga tortilgan¸ ular orasida hozir ham vazir bo‘lib o‘tirganlar bor. Bugungi hukumat o‘z yaqin o‘tmishidagi korrupsiyani taftish qilishni Gulnora ishi bilangina cheklanmasligi lozim. Agar bugungi hukumatning korrupsiyaga qarshi kurashish niyati samimiy bo‘lsa¸ buning uchun qonunlarni tartibga keltirishi¸ fuqarolik jamiyati va mustaqil matbuotning ishlashiga imkon berishi lozim¸ deydi Gulnora ishi yuzasidan o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvi uchun xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan Miranda Patruchich.

TeliaSonera va VimpelCom telekom shirkatlari Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar “otkat” berganini tan olganidan so‘ng¸ o‘z aksiyalari sotuvga qo‘yilgan AQSh Adliya vazirligiga umumiy qimmati 2 milliardga yaqin jarima to‘lashga majbur bo‘ldi.

Bu ish doirasida AQSh Adliya vazilrigi Karimovaga tegishli ekani aytiladigan offshor shirkatlarining xorij banklaridagi 850 million dollarini muzlatib qo‘ydi. Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomov O‘zbekiston va o‘zbekistonliklardan o‘g‘irlangan bu pullarning hukumat emas¸ bevosita xalqqa¸ jamoatchilikka qaytarilishi talabi bilan kampaniya olib bormoqda.

28 iyul kuni Bosh prokuratura baënotiga munosabat bildirgan Ilhomov¸ Toshkentdagi harakatlar asos-maqsadi ana shu pullarni qaytarish ekanini aytadi:

- Nazarimda¸ bu ishlarning hammasi YeI va AQShdagi jinoiy ishlar ortidan Gulnoraning muzlatib qo‘yilgan bir milliardga yaqin puli atrofida aylanmoqda. Hukumat ana shu pullarni qaytarib olmoqchi. Ikkinchi jihat¸ Mirziyoev hukumatining korrupsiyaga oid xalqaro maydondagi jiddiy tanqidlarga munosabat bildirib¸ bu ishni e’tiborsiz qoldirmayotganini ko‘rsatish istagidir. Sentabr oyida AQShga kelishi kutilayotgan Shavkat Mirziyoev¸ bu yerda prezident Tramp bilan uchrashishni va undan bu pullarni qaytarishni so‘rashni rejalayotgan bo‘lishi mumkin. Prokuratura xabari¸ hukumatning bu pullar manbai¸ ya’ni O‘zbekistondan o‘g‘irlanganini ko‘rsatish yo‘lidagi urinishidir. Lekin¸ ochig‘i, bu urinishlarning hammasi¸ hozircha menga adolat tantanasidan ko‘ra¸ farsni eslatmoqda. Hukumat Gulnora ishida adolat qaror topishini istasa¸ nega Gulnoraning nimada ayblangani¸ qaerda¸ qachon sud qilinganini berkitib keldi? Nega bu ishga mustaqil advokatlar¸ huquq faollari¸ jurnalistlar va boshqa jamoatchilik vakillari qo‘yilmadi? Bugun eski sana bilan Gulnoraning sudlanganiyu¸ qamoqqa olinganini e’lon qilish¸ bu jarayonga oid ochiq qolayotgan savollarga javob bera olmaydi¸ deydi Ilhomov.

Bu tahlilchi ham Gulnora Karimova ayblangan va ayblanayotgan jinoyatlarni yolg‘iz o‘zi amalga oshirmagani¸ bu jinoyatlarga yo‘l qo‘ygan¸ rasmiy hujjatlarga qo‘l qo‘ygan¸ unga sherik bo‘lgan hukumat a’zolariyu¸ boshqa shaxslarni ham jazoga tortish lozimligini ta’kidlaydi.

Shvetsiya prokurori izlaganini topdi...

Gunnar Stetler¸ Shvetsiya bosh prokuraturasining Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasining bosh prokurori. Stetler¸ 2012 yildan beri Shvetsiyaning eng yirik telekommunikatsiya shirkati – TeliaSoneraning Gulnora Karimovaga 320 million dollar miqdorida pora bergani ayblovi yuzasidan tergov olib bormoqda.

28 iyul kungi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xabari bilan googletranslate orqali tanishib chiqqani va uning professional tarjimasini olgach¸ sinchiklab o‘rganib chiqajagini bildirgan Stetler¸ Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Karimova ishiga munosabatida ayrim ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini e’tirof qildi.

Shved prokurori¸ o‘zbek hamkasblarining 28 iyul kungi bayonotida o‘zi olib borayotgan Gulnora ishiga jiddiy turtki berish ehtimolini tilga oldi:

- Shvetsiyada borayotgan jinoiy ishni oxiriga yetkazishim uchun Gulnora Karimovaning O‘zbekistonda hukumat arbobi bo‘lgani¸ yoxud hukumat arbobi darajasida mavjud sistema ustidan nazorat o‘rnatganini isbot qilish o‘ta muhimdir. Shvetsiya qonunchiligining poraga oid moddasi ayni shu narsani isbot qilishni talab etadi. O‘zbekiston prokuraturasi e’lon qilgan tafsilotlar Karimovaning telekommunikatsiya tizimini nazorat qilish qudratiga ega bo‘lgan shaxsligini isbotlashga qo‘shimcha dalil bo‘ladi¸ dedi Gunnar Stetler.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG