Линклар

Ozodlikning O‘zbekiston bank-moliya tizimidagi manbalariga ko‘ra¸ shu kunlarda Markaziy bankning qattiq valyutalarga nisbatan so‘m rasmiy kursini keskin pasaytirishi – devalvatsiya qilishi kutilmoqda. Markaziy bank bunday jiddiy qarorga kelgan taqdirda¸ oddiy odamlarning kundalik haëtida nima o‘zgaradi? Devalvatsiya bozordagi narx-navoga qanday ta’sir qiladi? Bunday qadamdan kim yutadiyu kim yutqizadi?

"Erta-indin" degan kutish davom etmoqda

Shu kunlarda O‘zbekiston Markaziy bankining o‘zbek so‘mining erkin muomaladagi valyutalar¸ birinchi navbatda¸ AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursini keskin tushirishi kutilmoqda.

Ozodlikning O‘zbekiston moliya tizimidagi ishonchli manbalari¸ bu borada siyosiy qaror olingani¸ gap faqat uni qachon e’lon qilishda qolganini bildirmoqda.

AQSh dollariga nisbatan o‘zbek so‘mi rasmiy kursini hozirgi 4200 so‘mdan qora bozordagi 7700 so‘mga yaqin oraliqda qilib belgilash va shu orqali mamlakatda valyuta almashinuvining bir necha kursini bittaga tushirish¸ Ozodlik suhbatlashgan bank mulozimiga ko‘ra¸ “qilmasa bo‘lmaydigan ish”ligini Mirziyoev iqtisodiy komandasi tushunib¸ shunday harakatga qo‘l urishga chog‘lanmoqda.

Nurmuratov (Markaziy bank raisi)¸ Qo‘chqorov (Bosh vazirning makroiqtisod uchun mas’ul 1-o‘rinbosari) va Xo‘jaev(Moliya vaziri)larni¸ yoshi katta bo‘lsa ham¸ liberal qarashdagi mladoreformatorlar deyish mumkin. Ular iqtisodiy ahvolni to‘g‘ri yo‘lga solishning kurslarni birlashtirish¸ erkin konvertatsiyaga o‘tishdan boshqa yo‘li yo‘qligini yaxshi bilishadi. Avvaliga¸ bosqichma-bosqich devalvatsiyani sinab ko‘rishdi. Bular rasmiy kursni 30 so‘mga oshirsa¸ qora bozor 300 ga oshirdi¸ bu bilan bozor narxini quvib etib bo‘lmasligini ko‘rishdi. Endi bir kechada keskin devalvatsiya qilishga qaror qilindi. Katta yangilik bo‘ladi shu kunlarda”¸ dedi Ozodlik gaplashgan o‘zbek moliyachisi 30 avgust kuni.

(Keskin devalьvatsiya haqida qaror qabul qilingani yoki uning qachon jamoatchilikka e’lon qilinishiga oid hozircha Ozodlik ixtiyorida aniq rasmiy ma’lumot yo‘q.)

Devalvatsiya nima?

Lotin tilidan bevosita tarjimada «ahamiyatini tushirmoq»¸ «qimmatini tushirmoq» degan lug‘aviy ma’no tashuvchi devalvatsiyani Markaziy banklar qachon¸ qaysi maqsadlarda¸ qanday ishlatishini Ostonadagi Yevroosiyo iqtisodiyot universiteti dotsenti Saparboy Jubaev tushuntiradi:

- Devalvatsiya amaliyoti rivojlanayotgan¸ o‘z iqtisodini tuzatayotgan davlatlarda qo‘llaniladi. Devalvatsiya u yoki bu davlatning Markaziy banki o‘z valyutasining sotib olish qobiliyatini keskin kamaytiradi¸ deganidir. Buni Qozog‘iston misolida ko‘rsak¸ oxirgi devalvatsiya arafasida bir tanga 180 so‘m bo‘lgan bo‘lsa¸ Markaziy bank uni bir kechada 320 so‘mga tushirishga imkon yaratdi.

Rivojlanayotgan davlatlar¸ birinchidan¸ o‘z ichki bozorini saqlab qolish¸ valyutaning mamlakatdan chiqib ketishi oldini olish uchun devalvatsiyaga qo‘l uradi. Ikkinchidan devalvatsiya¸ byudjet tushumlarini ko‘paytirish uchun¸ uchinchidan¸ o‘z eksport salohiyatini oshirish uchun qilinadi.

Rossiya misolini eslasak¸ 1998 yili Yelsinning populistik siësati oqibatida Rossiyada bir dollar 6 rubl edi. Kirienko Bosh vazir bo‘ldi-da¸ bir kechada dollarni 6 rubldan 24 rublga chiqartirdi¸ ya’ni rublni to‘rt baravarga qadrsizlantirdi. Tasavvur qilish uchun – bu O‘zbekiston Markaziy banki hozir 4200 so‘m bo‘lib turgan dollar kursini bir kechada 16 ming so‘m qilib belgilashi bilan barobar qarordir. Ana shu bitta qaror bilan Kirienko Rossiya iqtisodiyotini saqlab qoldi. Rossiya valyuta rezervlarining chetga chiqib ketishi keskin kamaydi¸ import qisqardi va Rossiya tovarlarining hammasi eksportga chiqa boshladi¸ deydi Saparboy Jubaev.

O‘zbekiston Markaziy banki nega devalvatsiyaga qo‘l urishi mumkin?

O‘zbekistondagi Iqtisodiy rivojlanishga ko‘mak markazi direktori¸ mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupov Markaziy bankni devalvatsiyaga majburlayotgan sabablarni tushuntiradi:

- Bugun ham O‘zbekistonda valyuta almashtirish¸ deylik dollar almashtirishning uchta kursi saqlanib turibdi. Rasmiy kurs (4200 so‘m atrofida)¸ qora bozor (7700-8000 so‘m atrofida)¸ va banklar yudirik shaxslarga sotishni boshlagan birja kursi (8500 so‘m atrofida). Ana shu uchta kursni birlashtirish¸ unifikatsiya qilish¸ erkin konvertatsiya joriy qilish kerak. Buning uchun Markaziy bank rasmiy kursni devalvatsiya qilishi kerak. Buning ikki yo‘li bor – sekin-asta¸ yoki bittada. O‘zbekiston Markaziy bankidagilar avvaliga sekin-asta devalvatsiya qilib ko‘rdilar. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra¸ endi birdaniga devalvatsiyaga qaror qilishgan. Markaziy bank bugun 4200 so‘m bo‘lib turgan kursini talab va taklifni nisbatan muvozanatda ushlaydigan nuqtada belgilaydi. Ularda bu nisbatni hisoblash uchun ma’lumot yetarli¸ deb o‘ylayman. Bu jarayonda eksperimentlar ham bo‘ladi¸ albatta. Avvaliga bir narxni “paypaslab” ko‘rishadi¸ keyin boshqa narxga o‘tish mumkin¸ deydi Ozodlik bilan 30 avgust kungi suhbatda Yuliy Yusupov.

Keskin devalvatsiyadan keyin narx-navo ham keskin oshib ketadimi?

Yuliy Yusupovga ko‘ra¸ bir kechalik keskin devalvatsiya oqibatida kurslar birlashsa¸ bozordagi narx-navo ham keskin oshib ketishi haqidagi prognozlarga qo‘shilmasligini aytadi:

- ​Dollar rasmiy kursiga bog‘langan xizmat va tovarlar narxida¸ o‘zgarish bo‘ladi¸ bo‘lmaydi emas. Masalan¸ mobil aloqa¸ internet provayderlari¸ ayrim universitetlardagi kontrakt pullari rasmiy kursga bog‘langan. Agar bir dollar bugungi 4200 so‘mdan¸ deylik¸ 7000 so‘mga chiqsa¸ bularning so‘mdagi narxi ham qariyb ikki baravarga oshadi. Lekin konkurensiya rivojlansa¸ bularning hammasi sekin-asta o‘z narxini pasaytirishga va umuman o‘z tariflarini dollarda belgilash amaliyotidan voz kechishga majbur bo‘ladi.

Men devalvatsiyadan keyin asosiy iste’mol tovarlari narxi keskin oshib ketadi¸ degan vahimalarga qo‘shilmayman. Sababi oddiy – ularning deyarli hammasi dollarning rasmiy emas¸ qora bozor narxiga bog‘langan. Hatto ayrim importërlar so‘mni rasmiy kursda konvertatsiya qilgan bo‘lsa-da¸ uni bozor narxida sotib kelgan.

Yonilg‘i narxlarining oshishini kutish mumkin. Lekin buning bosh sababini devalvatsiyadan ko‘ra¸ monopolistlardan qidirish kerak bo‘ladi. Ular rasmiy va qora bozor kursi o‘rtasidagi farqni allaqachon narxlarga ko‘chirgan bo‘lsa ham¸ devalvatsiyani bahona qilib¸ narxlarni oshirishga urinadilar. Bularning narx-navoni keskin ko‘tarishiga yo‘l qo‘ymaslik¸endi hukumatning ishi bo‘ladi. Bevosita devalvatsiya oqibatida narxi oshadigan xizmat va tovarlar soni O‘zbekistonning bugungi vaziyatida juda cheklangan¸ deydi Yusupov.

Ammo Rossiya va Qozog‘iston misolida gapirgan Saparboy Jubaev¸ bittada qilinadigan keskin devalvatsiyani aholini shokka solmasdan amalga oshirib bo‘lmasligini ta’kidlaydi:

- Yuliy Yusupovning gaplari juda to‘g‘ri - O‘zbekistondagi asosiy iste’mol tovarlari rasmiy emas¸ qora bozor kursiga bog‘langan. Shunday bo‘lsa-da¸ men bu fikrlarni rad etaman. Devalvatsiya xalqning kundalik hayotiga kuchli ta’sir qiladi. To‘g‘ri¸ katta-kichik tijoratchilar import tovarlarini dollarning qora bozor kursida olib¸ shu kursda sotib kelayapti. Lekin xalq¸ mamlakat faqat shu tijoratchilardangina iborat emas-da!

Masalan¸ aptekalar¸ kasalxonalardagi dori-darmon¸ uskunalar davlat korxonalari tomonidan rasmiy kursda olib kelingan. Devalvatsiya bo‘lib¸ dollar narxi ikki baravarga oshsa¸ bu dori-darmon narxi ham o‘z-o‘zidan ikki baravarga oshadi. Yoki deylik¸ o‘zbek armiyasining ta’minotini olaylik. Chetdan rasmiy kursda olib kelingan go‘shtdan askarlarga ovqat qilinayapti¸ deylik. 4200 so‘mlik rasmiy kurs yo‘qolib¸ bitta¸ masalan¸ 8500 so‘mlik bozor kursiga o‘tilsa¸bir kilo go‘sht ikki baravarga qimmatlaydimi? Bunday sharoitda¸ yoki byudjet xarajatlarini ikki baravarga oshirish¸ yoki askar yeydigan go‘shtni 100 gramdan 50 gramga tushirish kerak bo‘ladi. Unisining ham¸ bunisining ham deyarli iloji yo‘q. Shuning uchun¸ ochig‘i¸ men yilning o‘rtasida Markaziy bankning kuchli devalvatsiyaga borishiga uncha ishonmay turibman¸ deydi O‘zbekiston Moliya vazirligi Valyuta boshqarmasi sobiq mutasaddisi Saparboy Jubaev.

Devalvatsiyadan keyin “shok terapiyasi” muqarrarmi?

Ozodlik suhbatlashgan iqtisodchilarning bu savol atrofidagi mulohazalari ham farqli bo‘ldi.

O‘zbekiston moliya tizimi rasmiysi¸ qolaversa¸ toshkentlik iqtisodiy tahlilchi Yuliy Yusupov¸ Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan keyin qabul qilingan bir qator qarorlarni valyuta erkin konvertatsiyasiga o‘tish jarayonining nisbatan og‘riqsiz o‘tishiga hozirlik sifatida tilga oldilar.

Bu qarorlarni “himoya yostiqchasi” deyish mumkin. Prezident narx-navo keskin oshib ketishi oldini olish uchun maxsus qaror chiqardi¸ bu jarayonga davlat rezervidan kattagina mablag‘ ajratdi. Yaqinda¸ asosiy iste’mol mahsulotlariga qo‘yilgan aktsiz va bosh to‘lovlari olib tashlandi. Hukumat devalvatsiya byudjetga katta bosim solishi¸ narxlarning¸ juda bo‘lmaganda¸ dastlabki bosqichda sakrab ketish ehtimoliga tayyorlanmoqda. Shuning uchun devalvatsiya va unifikatsiyadan keyin narxlar kesin oshib ketib¸ ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar nihoyatda og‘ir ahvolda qoladi¸ degan vahimalarda uncha asos yo‘q¸ deb o‘ylayman”¸ dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda toshkentdagi moliyachilardan biri.

Bu savol atrofida mulohaza yuritgan Saparboy Jubaev¸ devalvatsiyadan so‘ng narx-navoning oshishi va aholi keng qatlamlari turmush tarziga jiddiy zarba berishini¸ “chap berishning iloji bo‘lmagan shok terapiyasi” deb izohlaydi va hozircha buni chetlab o‘tuvchi usullarga guvoh bo‘lmaganini ta’kidlaydi.

Kimga yaxshi bo‘ladi?

Ayni paytda¸ bu tahlilchi valyuta erkin konvertatsiyasi joriy etilmagan dunyodagi sanoqli davlat bo‘lib qolayotgan (Turkmaniston¸ Shimoliy Koreya¸ Kuba va hokazolar) O‘zbekiston o‘z iqtisodini normal yo‘lga solish uchun bu jarayonlardan mutlaq o‘tishi shartligini ta’kidlab turib¸ “oyning yorug‘ tomoni”ga ham e’tibor qaratish lozimligini aytadi:

- Eksportyorga yaxshi bo‘ladi¸shu paytgacha zarariga ishlayotganlar juda bo‘lmasa¸ qarzini yopib¸ sekin-asta foyda ko‘rishga o‘tadi. Ishlab chiqaruvchiga yaxshi bo‘ladi. Iqtisodda domino effekti boshlanadi. Eksportchilarning daromadi ko‘paysa¸ ularga xizmat qiladigan¸ xom-ashyo sotadigan boshqa korxonalar ham ishlab ketadi.

Deylik¸ mashina eksporti ko‘paysa¸unga har xil qismlar yetkazib beruvchilarning ham mahsulotiga talab ortadi¸ bu xizmatchilarning oyligi oshsa¸ ular uni sarflashga o‘tadi. Misol uchun¸ qandolatchiyu¸ novvoyning mahsulotiga ham talab oshib¸ ular ham yaxshi ishlab ketadi. Eksportga ishlovchilarning xarid quvvati oshsa¸ bu boshqalarning biznesi rivojlanishiga turtki bo‘ladi va bu o‘sish umumiy iqtisodga ham ko‘chmay qolmaydi.

Investorga yaxshi bo‘ladi. Kurslar unifikatsiya bo‘lsa¸ valyuta erkin konvertatsiyasi boshlansa¸ O‘zbekiston iqtisodi uchun ¸ investorlarning o‘z daromadini olib chiqishi uchun eng katta to‘siqlardan biri olib tashlanadi¸ deydi Saparboy Jubaev.

XS
SM
MD
LG