Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:09

Musodara qilingan mol-mulkni onlayn auksion orqali sotish boshlandi


Prezident Mirziyoevning 27 iyul kungi qaroriga muvofiq¸ 2017 yilning 1 sentabridan o‘zbekistonliklardan qarzini qoplash uchun yoki jinoyat quroli sifatida musodara qilingan televizoridan tortib to uy-joyigacha onlayn kim oshdi savdosiga qo‘yish boshlandi. e-auksion.uz saytida o‘tkazilgan kim oshdi savdosida nazorat tizimlari xodimlaridan boshqa aksar o‘zbekistonlik qatnashishi mumkin.

Savdo bayram kuni ochildi

Yuridik va jismoniy shaxslarning sud hukmi bilan davlat foydasiga musodara qilingan mol-mulki 1 sentabrdan boshlab O‘zbekistonda ish boshlagan «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasida kim oshdi savdosiga qo‘yiladi.

Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi saytida 1 sentabrdan ochilgan kim oshdi savdosida 20 ta¸(ko‘rinishidan¸ yillardan beri ochiq havoda chang bosib ketgan) eski avtomobil savdoga qo‘yilgan. Hozircha “ochiqlik va shaffoflik”ni bosh muddaosi qilib belgilagan markazda sotuvga qo‘yilgan boshqa narsa yo‘q.

Kim oshdi savdosi deyarli barcha o‘zbekistonliklar uchun ochiq¸ Toshkent shahri va viloyatidagi ko‘chmas mulk auksionga qo‘yilganda¸ potensial xaridor Toshkent propiskasiga ega bo‘lishi shart. Ayni paytda¸ sud¸ prokuratura¸ ichki ishlar¸ soliq¸ bojxona tizimi¸ shuningdek MXX xodimlari¸ qolaversa¸ baholash xizmati vakillarining auktsionda qatnashishi taqiqlangan.

U yoki bu savdoda qatnashmoqchi bo‘lganlar onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari va kim oshdiga qo‘yilgan mol-mulkning birlamchi bahosining 5 foizi miqdorida zakalat qo‘yishlari lozim.

Elektron onlayn auktsionlarni tashkil etish markazi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga qarashli. Bu Byuro esa¸ prezident Mirziyoevning 29 may kuni "Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga asosan tuzilgan edi.

Byuroning asosiy vazifasi kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni undirish¸ to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash¸ sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash etib belgilangan.

Majburiy ijro byurosi gaz¸ suv¸ elektr energiyasi uchun qarzdorlikni qoplash maqsadida sudga qarzdorning mol-mulkini majburan undirib berishni so‘raydi va sud musodara haqida qaror chiqargandan keyin¸ uni elektron kim oshdi savdosiga qo‘yadi. Byuroning qarzni undirgan xodimi onlayn auksionda sotilgan mol-mulkning xarid narxining 1 foizi miqdorida mukofot puli oladi.

30 avgust kuni tashkil etilganidan beri o‘tgan birinchi uch oylik faoliyatiga doir hisobot bergan Majburiy ijro byurosi iyun-avgust davomida jami 6¸32 trillion so‘m (davlat kursi bo‘yicha taxminan 1¸5 milliard AQSh dollariga teng – tahr.) undirilganini bildirdi.

Onlayn kim oshdi savdosida xarid hali boshlanmaganidan kelib chiqilsa¸ auksionga qo‘yilgan mol-mulk hali bu miqdorga kiritilmagan.

“Jinoyat qurollari” hozircha sotuvga qo‘yilmadi

Keyingi ikki yil davomida O‘zbekistonning aksar shaharlari¸ ayniqsa¸ poytaxt Toshkentda fohishabozlik va odam savdosini tashkil etish uchun foydalanilgan deb xatlangan kvartira va uylarni davlat foydasiga musodara qilish ko‘payib ketdi.

O‘tgan muddat davomida Ozodlikka sud tomonidan “jinoyat quroli” sifatida tasniflanib¸ musodara qilingan kvartira egalaridan bo‘lgan o‘nlab murojaatlarda ularning ichki ishlar¸ prokuratura va suddagi maxsus guruh tomonidan atayin uyushtirilgan “fohishabozlik” sahnasi”ni ro‘kach qilib tortib olinayotgani¸ keyinchalik arzon-garovga bu guruhga aloqador shaxslarga sotilayotgani aytilgan edi.

Ozodlik bilan suhbatdaToshkentning Ibn Sino massividagi uy qo‘mitasi raisi ismi sir qolish sharti bilan¸ bunday iddaolarni tasdiqlagan ediyu

“Men o‘zim “domkom” sifatida militsiya talabi bilan tinimsiz kvartiralarni tekshirishga majburman - pasportizatsiya deyiladi. Har 2-3 oyda bir hamma kvartiralarni birma-bir ko‘zdan kechiramiz. Militsiya bizdan bunday nazoratni tinimsiz olib borishni talab qilib keladi. Bu bemazagarchilik “terrorchilik va fohishabozlikka qarshi kurash” shiori ostida o‘tkaziladi. Biror kvartira bo‘shab yotganini ko‘rsa yoki unda qaydga turmaganlar yashayotgan bo‘lsa, tortib olish muammo bo‘lmasdan qoldi. Sud orqali konfiskatsiya qilingan kvartiralar birjaga sotuvga qo‘yilib, o‘zlari tomonidan sotib olinayapti”¸ degan edi Ibn Sino massivi faoli.

24 iyul kuni bu borada ijtimoiy tarmoqlar va virtual qabulxonalarda kuchaygan e’tirozlarga javob bergan Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jaev joriy yil boshidan buyon Toshkentda 400 ga yaqin fohishabozlik va qo‘shmachilik tashkil etilgan holatlar aniqlangani, ularning juda kam qismidagina mol-mulk musodaraga tortilganini ma’lum qilgan.

O‘z javobida Toshkent militsiyasi mutasadddisi¸ bunday kvartiralarni musodara qilish haqidagi qarorlarning qanchalik adolatli ekani sudlar mas’uliyatida ekanini aytish bilan cheklangan.

“Jinoyat quroli” sifatida musodara qilingan Toshkentdagi uy va kvartiralar¸ hozircha onlayn savdoga qo‘yilmagan.

XS
SM
MD
LG