Линклар

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2 sentabr kungi qarori mutaxassislar tomonidan turlicha qabul qilinmoqda. Bir guruh iqtisodchilar bu qarorni 25 yilga cho‘zilgan orzuning amalga ko‘chishi deb bayram qilayotgan bo‘lsa¸ boshqa iqtisodchilar uni bozorga ma’muriy aralashuv ehtimolini kuchaytirgan chala qadam sifatida talqin etmoqdalar.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ erkin konvertatsiyaga o‘tishga oid qaror prezident Shavkat Mirziyoevning qariyb bir yillik prezidentligi davrida eng ko‘p kutilgan¸ eng ko‘p muhokama qilingan eng muhim qarordir.

2 sentabr kuni e’lon qilingan “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon o‘zbek matbuoti tomonidan “nihoyat konvertatsiya ochilmoqda” deb talqin etilmoqda.

Farmonga ko‘ra¸”yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasini erkin sotib olish va sotish hamda o‘z mablag‘larini o‘zining xohishiga ko‘ra erkin tasarruf etish huquqlarini ro‘yobga chiqarishni to‘liq ta’minlash” bu jaraëndagi birinchi ustivor vazifa qilib belgilangan.

Ikkinchi ustivor vazifa esa¸ “milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursini belgilashda faqatgina bozor mexanizmlarini qo‘llash”¸ deb belgilangan.

Ozodlik so‘roviga ko‘ra¸ bu qaror matni bilan yaxshilab tanishib chiqqan iqtisodchilar prezident Mirziyoev qabul qilgan farmon ijrosining mamlakat iqtisodining keyingi rivoji¸ qolaversa¸ O‘zbekiston aholisining kundalik turmushiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi borasida bir xil fikr bildirdilar.

Ayni paytda¸ Ozodlik suhbatdoshlarining¸ ayrim cheklovlardan kelib chiqib¸ 2 sentabr kungi farmondan keyin O‘zbekistonning valyuta erkin konvertatsiyasi joriy qilingan “normal” davlatlar safiga qo‘shilish-qo‘shilmasligi haqidagi fikrlari turlicha bo‘ldi.

“Bu erkin konvertatsiyaga o‘tildi¸ demakdir”

Iqtisod fanlari doktori Xolnazar Omonov bu farmonni “Mirziyoev O‘zbekistonda erkin konvertatsiya joriy qildi “ deb talqin etishga asos bor¸ degan ishonchda:

- Albatta¸ bu erkin konvertatsiyaga o‘tish¸ deyiladi. Cheklov¸ faqat aholining xorij valyutasini sotib olishiga nisbatan kiritilgan¸ ya’ni ularga naqd dollar sotilmaydi¸ faqat konversion karta¸ kredit kartasiga o‘tkazib beriladi. Buniyam cheklov deb bo‘lmaydi. Bunga oddiy odamlar¸ kichik tadbirkorlarni xorijga naqd dollar olib chiqish bilan bog‘liq muammolardan himoyalash¸ deb ham talqin etish mumkin. Buni qora bozorning kuchayib ketmasligi uchun qabul qilingan vaqtincha chora deb hisoblayman¸ deydi o‘zbekistonlik bu iqtisodchi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda O‘zbekiston bank tizimi rasmiylaridan biri ham¸ prezident farmonini mutlaq konvertatsiyaga o‘tish deb baholadi va 5 sentabrdan boshlab mamlakatda faqat bitta valyuta almashtirish kursi joriy etilishini ta’kidladi.

“Bugun(4 sentabr ) Markaziy bankning xorij valyutalarining bozor mexanizmi asosida belgilangan yagona narxini e’lon qilishi kutilmoqda. Dastlabki koridorning 8000-8150 so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Markaziy bank so‘mni keskin devalvatsiya qiladi va shu bilan mamlakatda hamma uchun bitta almashinuv narxi o‘rnatiladi. Endi rasmiy kurs degan narsa bo‘lmaydi¸ rasmiy kursga dostupi bor imtiyozli korxona va shaxslar ham qolmaydi. Bu degani¸ konvertatsiya joriy qilindi deganidir. Aholiga dollar sotilmasligiga kelsak¸ O‘zbekistonda barcha tovar va xizmatlar uchun to‘lov faqat milliy valyutada bo‘ladi¸ degan tartibdan keyin odamlarga naqd dollarning nima keragi bo‘ladi? Xorijga chiquvchilar uchun valyuta konversion kartaga tashlab beriladi¸ ular xorijda undan bemalol foydalanishlari mumkin. Bunday cheklov Xalqaro valyuta jamg‘armasi Nizomining 8-bandiga zid emas”¸ dedi o‘zbekistonlik mulozim.

Har qanday cheklov “erkin” jarayonga ziddir!

Ostonadagi Yevroosiyo iqtisodiyot universiteti dotsenti Saparboy Jubaev¸ bunday cheklovni “erkin konvertatsiya” mohiyatiga zid ekanini aytadi:

- O‘zbek so‘mi rivojlanayotgan bir paytda uning devalvatsiya bo‘lishi¸ ya’ni o‘z qadrini yo‘qotib borishi tabiiy. Shuning uchun ko‘pchilik aholi o‘z jamg‘armasini dollarga o‘tkazib qo‘yadi¸ devalvatsiyadan saqlash uchun. Bu odamlarning o‘z pulini himoya qilish usullaridan biri va ularning haqqi. Endi O‘zbekistonda shunga ruxsat berilmasa¸ bu erkin konvertatsiya yo‘q degani¸ - deydi Jubaev.

Bu tahlilchi fikricha¸ prezidentning 2 sentabr kungi farmonini mamlakatda erkin konvertatsiya joriy qilingandan keyin bu jarayonning aholi kundalik hayoti¸ davlat byudjeti¸ qimmatbaho qog‘ozlar bozoriga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari to‘g‘risida deb baholash to‘g‘riroq bo‘ladi.

- Men konvertatsiyaga o‘tishga oid qarorning qisqagina bo‘lishini kutgandim. Bu qaror¸ O‘zbekistondagi bugungi vaziyatdan kelib chiqib¸ Markaziy bankka birjada tijorat banklariga talab va taklif bo‘yicha bozor kursida sotishga ruxsat berilsin¸ degan mazmunda bo‘lishi kerak. Balki biz hali 2 sentyabrgacha bo‘lgan konvertatsiyaga oid qarorni ko‘rmayotgandirmiz. Balki shuning uchun¸ menda bu farmon chala¸ degan tasavvur tug‘ildi. Kutaylikchi¸ yana ikki-uch kun ichida aniq va qisqa qarorlar chiqib qolar¸- dedi Jubaev.

Hukumat xususiy shirkatlardan narxlarni oshirmaslikni talab qilmoqda

4 sentabr kuni o‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini vaqtincha bajarayotgan Sherzod Shermatovning “telekommunikatsiya tarmoqlari operatorlari va provayderlari”ga yuborgan maktubi nusxasi tarqadi.

Muvaqqat vazir maktubining Ozodlikka kelgan nusxasi.
Muvaqqat vazir maktubining Ozodlikka kelgan nusxasi.

Rus tilida yozilgan bu maktubda 2 sentabr kungi prezident farmonining 3- va 5- bandlariga muvofiq¸ O‘zbekistondagi mobil aloqa kompaniyalaridan 5 sentabrdan boshlab o‘z xizmat tariflarini o‘zbek so‘mida belgilash va bu jaraënda narxlarni oshirmaslik uchun Markaziy bankning 4 sentabr kungi rasmiy kursi¸ ya’ni 4210 so‘mni asos qilib olish talab etiladi.

Bu maktub paydo bo‘lishi bilan bir paytda¸ 4 sentabr kuni O‘zbekistondagi yetakchi mobil aloqa operatorlari Beeline va Ucell o‘z tariflarining so‘mga o‘tkazilgani¸ bu o‘tish oqibatida ularda hech qanday o‘zgarish¸ aniqrog‘i¸ qimmatlashish bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Ozodlik bilan suhbatda Beeline matbuot xizmati vakili¸ “Shermatovning talabidan bexabarligi¸ shirkat o‘z mijozlarini saqlab qolish maqsadida shunday qarorga kelgani”ni bildirdi.

4 sentabr kuni Markaziy bank dollar krsini kutilayotgan kabi 8000 so‘m qilib belgilasa¸ ya’ni ikki baravarga oshirsa¸ tariflar o‘zgaradimi¸ degan savolga Beeline rasmiysi¸ “shirkat o‘z tariflarini har kun o‘zgartirmaydi. Oldin bozor kursi belgilansin¸ shunga qarab ish tutiladi”¸ degan mazmunda javob qaytardi.

Ozodlik suhbatlashgan iqtisodchilar¸ iste’molchi¸ ya’ni keng aholiga yoqadigan bunday populistik talabni erkin konvertatsiya¸ umumiyatla¸ erkin bozor munosabtlariga zid ekanini aytadilar:

- Devalvatsiya paytida iste’molchi har doim yutqizadi. Buni chetlab o‘tishning iloji yo‘q. Hozir hamma narsani Markaziy bankning kursiga qo‘yib berish kerak. O‘shanda ishlab chiqaruvchi o‘z xarajatlarini qisqartiradi¸ yangi¸ kamxarajat texnologiyalar olib kiradi¸ xizmat va ishlab chiqarishini avtomatizatsiya qiladi. Ishlab chiqarishda kuchli raqobat va boshqarish mahorati paydo bo‘ladi. Bu jarayonni ma’muriy bosim bilan ushlab turish to‘g‘ri emas¸ buni bozorga qo‘yib berish kerak. Kim kuchli¸ aqlli va samarali bo‘lsa¸ bozorda yashab qoladi¸ qolganlari chiqib ketadi¸ deydi Xolnazar Omonov.

Ozodlik suhbatlashgan yana bir iqtisodchi¸ devalvatsiya jarayonida xususiy biznes shirkatlariga o‘z tovar va xizmatlarining narxini oshirmaysan¸ deb talab qo‘yish va bunday talabga asos qilib ko‘rsatilayotgan 2 sentabr kungi farmondan “sotsializm¸ ma’muriy buyruqbozlik” hidi kelayotganini aytadi.

“Konvertatsiya erkin bo‘lsa¸ qora bozorni prokuratura va militsiya emas¸ bozor mexanizmlarining o‘zi yo‘q qiladi”

2 sentabr kungi prezident farmonining 9 bandida:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat soliq qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi hududida naqd chet el valyutasining noqonuniy muomalasini va naqd chet el valyutasi bilan noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirishni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rsin”, deb yozilgan.

4 sentabrdan boshlab bu topshiriq ijrosiga kirishgan prokuratura xodimlari¸ Ozodlikning mobil muxbirlariga ko‘ra¸ qora bozorga reyd o‘tkazishni boshlab yuborgan.

Bu band va uning ijrosiga munosabat bildirgan Ozodlik suhbatdoshlari¸ valyuta qora bozorini yo‘q qilish “operatsiyasi”ga yana prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qilish tizimlarini jalb etishning o‘zi¸ 5 sentyabrdan erkin emas¸ qisman yoki chala konvertatsiyaga o‘tilishi haqidagi taxminlarning yana bir tasdig‘i ekanini aytadi:

- Agar ertaga konvertatsiya erkin bo‘lsa¸ qora bozor o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadiku! Unga prokuror¸ soliqchi yoki melisa tashlashning hojati qolmaydi. Demak¸ hozircha konvertatsiya erkin bo‘lmaydi¸ shunda kuch ishlatar tizimlari bosimiga tayanish kerak bo‘ladi¸ deydi Saparboy Jubaev.

Iqtisodchi Xolnazar Omonov ham¸ agar bozor qonunlari o‘z erkiga qo‘yilsa¸ uning asta-sekin qora bozorni oradan siqib chiqarishiga qo‘shilishini ayta turib¸ ma’muriy boshqaruv usulining umri kam qolganiga umid bildiradi:

- O‘zbekistonda bozor mexanizmi hali-hamon to‘liq ishlatilgani yo‘q. Shuning uchun har bir farmon ijrosiga militsiya-prokuratura tashlanadi. Tadbirkorlik faoliyati noiqtisodiy usullar¸ ya’ni nazorat organlari bosimi bilan boshqarib kelinayotgan edi. Agar O‘zbekiston iqtisodni liberallashtirish yo‘liga kirgan bo‘lsa¸ melisasi ham¸ prokurori ham o‘rtadan chiqib ketishi kerak. Menimcha¸ hukumat shuni o‘z ham bilib turganidan¸ tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi Ombudsman idorasini ta’sis qilayapti¸ xalqaro yuridik firmalar O‘zbekistonga kirsin deyapti. Sekin-asta tadbirkorlar bunaqa administrativ metodlarni bozordan olib chiqib tashlaydi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik iqtisodchi.

XS
SM
MD
LG