Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:26

Toshkentda Toyota saloni ish boshladi¸ "rastamojka" qimmatligi savdoga xalal bermoqda


 Toyota Land Cruiser Prado
Toyota Land Cruiser Prado

O‘zbekiston poytaxtining Yashnobod tumanida Yaponiyaning Toyota shirkati birinchi dilerlik saloni va texnik xizmat ko‘rsatish markazini ochdi.

Facebookdagi Toyota Uzbekistan sahifasida “Toyota Motor Corporation bilan 2 yil davomida bo‘lib o‘tgan faol muzokaralar o‘z hosilini berdi – yapon giganti endi bizning davlatimizda rasman mavjud”¸ deyiladi.

O‘zini yapon korporatsiyasining rasmiy dileri deb taqdim etgan TECHNIC DIESEL MOTORS salonda sotuvga qo‘yilgan yangi avtomobillar uchun 3 yillik kafolat berilishi¸ texnik xizmat markaziga shirkatning original ehtiyot qismlarini yetkazib berish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilgan.

Ayni paytda¸ Ozodlik muxbiri bilan suhbatda salon xodimi 11 sentabr kuni salonda bor-yo‘q uchta mashina sotuvga qo‘yilgani¸ biroq bojxona to‘lovlari nihoyatda qimmatligicha qolaëtgani bois¸ hozircha savdo yo‘qligini bildirdi:

- Hozir salonda ikkita Rav4 va bitta Prado bor. Rav4 ning narxi 33 ming dollar¸ Markaziy bank kursi (8100 so‘m) bo‘yicha so‘mda to‘lanadi. Lekin rastamojka narxi bunga kirmaydi. Har bitta mashinaga uning ot kuchi va boshqa texnik spetsifikatsiyasidan kelib chiqib boj hisoblanadi. Masalan¸ dollarning rasmiy kursi 4200 so‘m bo‘lib turgan paytda¸ Pradoning rastamojkasi 167 million so‘m edi. Konvertatsiyadan keyin rastamojka ikki baravarga qimmatlab ketdi¸ lekin bir hafta ichida ularning qayta ko‘rib chiqilib¸ arzonlashishi kutilmoqda. Shunga hozircha xaridor yo‘q. Shu masala hal bo‘lsa¸ oktabrdan mashina kelishi ko‘payadi¸ dedi Ozodlik muxbiri suhbatlashgan salon xodimi.

O‘zbekiston hukumati GM-Uzbekistan avtomobillari ichki bozorini himoyalash degan iddao bilan xorijdan import qilinadigan avtomobillar boj to‘lovini nihoyatda qimmat¸ (mashina original narxining 30 foizidan 100 foizigacha ) qilib belgilagan.

5 sentabr kuni o‘zbek so‘mining rasmiy kursi qariyb ikki baravarga devalvatsiya qilinishi munosabati bilan dollarga bog‘langan boj va aktsiz soliqlari narxi ham ikki baravarga ko‘tarildi.

Kurslar unifikatsiyasi munosabati bilan hukumat import tovarlar uchun belgilangan boj va aktsiz soliqlarini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Hozircha import mashinalarga belgilangan to‘lovlarning arzonlashiga oid rasmiy xabar yo‘q.

XS
SM
MD
LG