Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:14

Andijondagi Jahon bozori yopildi. Hamma paxtaga!


Andijondagi "Jahon bozori"
Andijondagi "Jahon bozori"

Andijon shahridagi eng katta ulgurji bozorlardan biri bo‘lgan Jahon bozori, paxta terimi mavsumi sabab, yopildi. Ozodlik mobil muxbirlarining xabarlariga ko‘ra, bir qator tuman bozorlari ham yopilgan, hozircha ishlab turganlarini ham yopish to‘g‘risida hokim topshiriq bergan. Andijonliklar paxta terimi kampaniyasi davrida hech qachon bunday qattiq cheklovlar ko‘rmaganini aytishmoqda.

Andijon shahridagi Jahon bozorida tadbirkorlik qilayotgan, ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan birining aytishicha, bozor faqat payshanba va yakshanba kunlari ishlamoqda. Qolgan kunlar esa bozor darvozalari esa, ertalabdan yopib qo‘yilyapti:

“Bu - shahardan tashqarida bunyod etilgan eng katta ulgurji bozorlardan biri. Andijon viloyati tumanlarining tadbirkorlari oziq-ovqat va sanoat mollarini, asosan, ana shu bozordan xarid qilishadi. Shu paytgacha, hatto Karimov davrida ham, biror yil paxta terimi mavsumida bu bozor yopilmagan edi. Endi esa, sotuvchilarni do‘konlarini ochgani qo‘yishmayapti. Kelgan xaridorlar ham qaytib ketmoqda. Bozor huvillab qolgan”, dedi tadbirkorlardan biri.

Tadbirkor Ozodlikka bir necha suratlar ham taqdim etdi.

Andijondagi "Jahon bozori"
Andijondagi "Jahon bozori"

Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashaydigan tadbirkorlardan birining aytishicha, o‘tgan dushanba kuni yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan so‘ng paxta terimiga safarbarlik juda ham kuchaydi:

“Paxta nihoyatda qattiq bo‘lyapti. Har kuni kechqurun soat 8 da majlis boshlanib, uch-to‘rt soat davom etadi. Viloyat hokimi hamma bozorlarni yopish haqida topshiriq berdi. Tashkilotlar, korxonalar faqat paxtaga qancha odam jo‘natgani haqida hisobot berish bilan ovora. Kecha, Buloqboshiga borgan edim, non olish uchun bozorga kirsam, berkitib qo‘yibdi. Darvozadan qarasam, ichkarida odamlar yuribdi. “Odamlar borku”, deb so‘rasam, “bular tongda kirib olgan, endi chiqolmay yurishibdi”, deydi. Keyin panjaradan qo‘lma-qo‘l qilib pul uzatib, to‘rtta non sotib oldim”, deydi mahalla faoli.

Andijon tumanining dehqon bozorida ishlaydigan tadbirkorlardan biri ham, bozor yopilgani, tadbirkorlarga o‘zi chiqib paxta terishi yoki o‘rniga odam yollash topshirig‘i berilganini aytadi:

Andijon tumanidagi dehqon bozori
Andijon tumanidagi dehqon bozori

“Bozor kunduz kuni umuman ishlamayapti. Darvozalarga qulf solingan. Kechga tomon ochiladi va to‘polon bozor boshlanadi. Tadbirkorlar va bozorchilar paxta terimida qatanshishi yoki o‘rniga odam yuborishi shart. Hokimning topshirig‘i bu”, dedi tadbirkor.

Andijon viloyati hokimligi qabulxonasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik radiosidan qo‘ng‘iroq qilayotganimizni eshitganidan so‘ng, indamay go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning buyrug‘i bilan viloyatda paxta terimi siyosati juda ham qattiq olib borilayotgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Jumladan, byudjet tashkilotlari xodimlarini paxta terimiga majburiy chiqarishni “jinoyat” degan Andijon viloyat hokimi o‘qituvchi va tibbiyot hamshiralarini 4 oktyabrdan yana dalaga chiqargan edi.

Andijon viloyat, Ulug‘nor tuman hokimi 57 yashar Asilbek Yusupov 5 oktabr kuni olamdan o‘tgan edi. Tuman hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ 6 oktabr kuni dafn qilingan Yusupov 3 oktabr kuni paxta yig‘im-terimiga oid viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov​ o‘tkazgan selektor majlisida hokim tomonidan tergalgani ortidan ish kabinetida og‘iz-burnidan qon ketib, yiqilib tushgan edi.

XS
SM
MD
LG