Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2019, Тошкент вақти: 17:55

Kollejlarda o‘quvchilarga pichoq, temir sirkul va lineykalar olib yurish taqiqlandi


Toshkent yuridik kolleji o‘quvchisi ikki kursdoshini pichoqlaganlikda ayblanib hibsga olingani ortidan mamlakatdagi butun kollejlarda “o‘quvchilarning sovuq qurol olib yurishiga qarshi” tadbirlar boshlandi. Ozodlik suhbatlashgan kollej rahbariga ko‘ra¸ertalab o‘quvchilarni “shmon “ qilishga bir soat vaqt sarflanmoqda.

Kollejlarga sovuq qurol olib kirilmasligi haqida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan maxsus topshiriq bor, deydi Ozodlik suhbatlashgan Farg‘ona viloyatidagi turizm va servis kollejining ma’naviyat bo‘yicha rahbar o‘rinbosari.

Toshkent shahridagi kollej o‘qituvchisi Ozodlik bilan suhbatda shahar hokimining ta’lim muassasalarida nazoratni kuchaytirish haqidagi qarori asosida nazorat kuchaytirilganligini aytdi:

- Har kuni ertalab soat 7 dan to 8 yarimgacha kollejga kelayotgan o‘quvchilarni tekshiryapmiz. Oxirgi o‘quvchi kelguniga qadar. Hozir ancha tuzuk bo‘lib qoldi. Ikki kun oldin o‘quvchilarning sumkasiyu cho‘ntaklaridan pichoq, kastet, bita (to‘qmoq) topildi¸ smartfonlaridan esa pornografik va jangari sahnalar aks etgan videolar chiqqan edi¸ deydi suhbatdosh.

Unga ko‘ra¸ bu tadbirlar shahar hokimi qarori va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kollejlar boshqarmasi topshirig‘i bo‘yicha kuchaytirilgan rejimda amalga oshirilmoqda.

- Vazirlar Mahkamasining 139-sonli qarori bor ("O‘zbekiston respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror.Taxr) Shu asosda uyali telefoni bor o‘quvchi kollejga kirishda telefon ovozini o‘chirib, sumkasiga solib qo‘yishi kerak. Bu qarorga ko‘ra¸ telefonni cho‘ntakda olib yurish yoki bo‘yinga taqib yurish qat’iyan ma’n qilinadi. 2012 yil bu qaror chiqqandan beri texnologiya o‘zgardi. Smartfonlar chiqib ketdi. Shu bois vazirlik tavsiyasiga ko‘ra¸ kollej ichkarisiga umuman smartfon kiritmayapmiz. Oddiy telefonga o‘chirib qo‘yish sharti bilan izn bor¸ deydi suhbatdosh.

Sirkul¸ bigiz va temir lineykaga ta’qiq

Ozodlik suhbatlashgan Farg‘ona viloyatidagi turizm va servis kollejining ma’naviyat bo‘yicha rahbar o‘rinbosarining aytishicha¸ “o‘quvchilar orasida pichoq olib yurish odatiga va umuman o‘smirlar orasida pichoq kultiga qarshi” tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

-Uch-to‘rt oy oldin Qo‘qon pedagogika kolleji o‘quvchisi militsionerni pichoqlab ishi sudga oshgandan keyin viloyat hokimi o‘quvchilardan pichoqlarni yig‘ib olish haqida topshiriq bergan edi. Toshkentdagi kollejda bo‘lgan pichoqvozlikdan keyin bu masalaga e’tibor yana kuchaydi¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik suhbatlashgan 17 yashar o‘g‘li kollejda o‘qiydigan qo‘qonlik ota nazorat masalasida haddan oshish borligiga e’tibor qaratdi:

- Nazoratni sal oshirvorishdi. Hamma pichoq ko‘targan jinoyat qilavermaydi. Bizda yonida pichog‘i yo‘q yigitni o‘g‘il bola hisoblashmaydi. Mayli pichoq olib yurma deyishdi buni tushundik. Lekin temir sirkul va temir lineykalarni ham olib qo‘yishmoqda¸ deydi suhbatdosh.

Bu masala borasida Qo‘qon shahridagi kollejlardan birinining o‘qituvchisi ismi aytilmaslik sharti bilan izoh berdi.

Unga ko‘ra¸ kasb-hunar kollejlaridagi ustaxonalarida bolalar temir egov va temir lineykadan qo‘lbola pichoq yasashgan.

- Shu harakatlar oldini olish maqsadida maktabga egov¸ sirkul va temir lineyka olib kelish taqiqlandi.

“Oltin pichoq” ko‘rik tanlovi to‘xtatildi

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining kollejlar bo‘yicha ma’sul mulozimining aytishicha shu kunlarda Farg‘ona viloyatidagi kollejlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Oltin pichoq” ko‘rik tanlovini to‘xtatish tavsiyasi berilgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ kasb-hunar kollejlari o‘rtasida o‘tkaziladigan bu ko‘rik tanlov o‘smirlar orasida “pichoq kultini” kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

- Pichoq jozibasini kuchaytirishga hizmat qiladigan bunday tadbirlarni cheklash haqida tavsiya berdik. Sovuq qurol emas¸ balki aql-zakovat timsollarni yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilsak maqsadga muvofiq bo‘lar edi¸ deydi suhbatdosh.

Kollejlardagi pichoqlashlar silsilasi

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston kollejlarida bir necha marta qotillik amalga oshirildi.

Toshkentdagi Borovskiy nomli Tibbiyot kollejida shu yil may oyida 17 yoshli Jasur Ibragimov kursdoshi tarafidan kaltaklab o‘ldirilishi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Mart oyida esa Toshkent Davlat texnika universitetining 1-kurs talabasi Toshkentdagi kollejlardan birining o‘quvchisini rashq sababli, oshxona pichog‘i bilan jarohatlagan edi.

O‘tgan yil dekabrida Qo‘qon pedagogika kollejining 1-kurs o‘quvchisi sherigi bilan o‘g‘irlangan buyumlarni mashinaga ortib kelayotganda post-patrul xizmati inspektori tomonidan to‘xtatilgan paytida o‘quvchilardan biri militsiya xodimini pichoqlab, voqea joyidan qochgan edi.

XS
SM
MD
LG