Линклар

Paxtada bedarak yo‘qolgan so‘xlik fermerning jasadi 5 kundan so‘ng zovurdan topildi

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi Sharqobod qishlog‘ida yashagan Davron Davronbekov Rishton tumanidagi paxta terib yurgan joyidan 11 oktabr kuni bedarak yo‘qolganidan so‘ng 5 kun o‘tib, paxta dalasidagi zovurdan topildi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, fermer noma’lum sabab bilan zovurga tushib ketgan va suvga cho‘kib o‘lgan. Fermerning jasadi ekspertiza qilinganidan so‘ng, 17 oktabr kuni So‘xga yuborildi.

So‘x tumanidan Rishton tumaniga paxta terimiga yuborilgan hasharchilar orasida bo‘lgan 60 yashar fermer Davron Davronbekov 11 oktabr kuni paxta terayotgan So‘xobod qishlog‘idagi daladan bedarak yo‘qolgan.

Bu haqda xabar bergan, ismi sir qolishini so‘ragan so‘xlik hasharchilardan birining Ozodlikka aytishicha, hamma uni So‘xga qaytib ketgan, deb o‘ylagan:

“So‘xdan bir avtobus bo‘lib 10 oktabrda Rishtonning So‘xobod qishlog‘iga keldik. Ertasi kuni shtab boshlig‘i o‘tkazgan pereklichkada (hasharchilarning bor-yo‘qligini sanash – tahririyat) Davron aka ko‘rinmadi. Ha, uyiga surib yuboribdi, deb hazillashdik. Shundan so‘ng hech kim e’tibor bermadi. Kecha, 16 oktabr kuni uning jasadini zovurdan topishibdi. Bu kanalga o‘xshagan, suvi odamni ko‘madigan katta zovur. Davron aka cho‘kib ketganidan so‘ng bir necha kun o‘tib jasadi suv ustiga chiqib bir joyga tiqilib qolgan ekan”, dedi hasharchilardan biri.

Uning aytishicha, hech kim bu hasharga o‘z ixtiyori bilan kelmagan:

“Bir oydan buyon So‘xdan 250 nafardan ortiq go‘yoki o‘z tashabbusi bilan kelgan hasharchilar Rishtonda paxta teryapti. Aslida hamma majburiy yuborilgan. Bular bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari ishchilari, rahbarlari, maktab va bog‘chalar texnik xodimlari. Har 10-15 kunda yangi partiya odamlar kelib, almashilinib turiladi”, dedi hasharchi.

Ismi sir qolishini so‘ragan so‘xliklardan biri, Davron Davronbekov yaxshi bog‘bon bo‘lganini aytadi:

"Hamma uni Bovo Davron deb chaqirardi. Bir necha gektar bog‘i bor edi. Ikki o‘g‘li va ikki qizi va bir qancha nevaralari bor edi. Rahmatli juda yaxshi, xushchaqchaq odam edi", dedi so‘xliklardan biri.

Rishton tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi so‘xlik fermer Davron Davronbekovning paxta dalasidagi zovurga cho‘kib o‘lganini tasdiqladi:

“Ha, shunday ko‘ngilsiz voqea bo‘ldi. Davronbekov o‘zi tashabbus qilib, paxta terishga ixtiyoriy kelgan ekan. Uning zovurga qanday tushib ketganini hech kim ko‘rmagan. Hozir ekspertiza tugadi va jasad So‘xga yuborildi. Bu ishni tuman prokuraturasi tergov qilmoqda”, dedi mulozim.

Rishton tumani prokuraturasidan bu voqea yuzasidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Davron Davronbekovning o‘limi paxta mavsumi boshlanganidan buyon Ozodlik xabar topgan to‘qqizinchi o‘lim holatidir.

Paxta-2017: To‘qqizinchi qurbon

Ozodlikka kunora paxta terimiga ixtiyoriy-majburiy olib chiqilgan hasharchilarning turli sabablar bilan nobud bo‘layotgani haqidagi xabarlar kelib turibdi.

Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanida 4-sinf o‘quvchisi 11 oktabr kuni ustiga devor qulashi oqibatida nobud bo‘ldi. Voqea tafsilotlaridan xabardor taxiatoshliklarning Ozodlikka aytishicha¸ maktab o‘qituvchisi o‘rniga paxtaga yollangan bolaning onasi fojia paytida dalada bo‘lgan.

Andijon viloyat, Ulug‘nor tuman hokimi 57 yashar Asilbek Yusupov 5 oktabr kuni olamdan o‘tdi. Tuman hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ 6 oktabr kuni dafn qilingan Yusupov 3 oktabr kuni paxta yig‘im-terimiga oid viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov​ o‘tkazgan selektor majlisida hokim tomonidan tergalgani ortidan ish kabinetida og‘iz-burnidan qon ketib, yiqilib tushgan.

20 sentabr kuni Qashqadaryo viloyat, Qarshi tuman, Pistakent qishlog‘ida yashovchi 28 yashar Lobar Ashurova paxta dalasida "ichki qon ketishi oqibatida" olamdan o‘tdi. Bu fojia Lobar Qashqadaryo viloyat sil kasalliklari shifoxonasida sanitar bo‘lib ishlaydigan onasining o‘rniga paxta terimiga chiqqan paytda sodir bo‘lgan.

19 sentabr kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 43-bog‘chada 2 yashar Abdulloh ustiga bir qozon qaynoq ovqat to‘kilishi oqibatida olamdan o‘tdi. Bog‘chada oshpaz bo‘lib ishlaydigan Gulnora Rahmonova o‘g‘liga qaraydigan qaynonasi paxta terimiga chiqarilgani bois, bolasini o‘zi bilan bog‘chaga olib borgan payti ushbu fojia sodir bo‘lgan.

Samarqand tuman tibbiyot birlashmasida bolalar vrachi bo‘lib ishlagan va tibbiyot xodimlarini paxtaga safarbar qilish bilan shug‘ullangan 52 yashar Faxriddin Saidovning 16 sentabr kungi selektor majlisidan chiqqach, 2 kun o‘tib o‘lgani ma’lum bo‘ldi.

16 sentabr kuni Andijon shahrida yashovchi 58 yoshli Muzaffar Umrzoqov maktabda farrosh bo‘lib ishlaydigan rafiqasi o‘rniga paxtaga chiqqan paytda dalada jon berdi.

Shu kuni Jizzax viloyat, Sharof Rashidov tuman, "Uch tepa" dahasidagi 32-maktabida Yoshlar ittifoqi tashkilotchisi 39 yashar Gulzoda Tojiboevapaxtadan qaytayotganida avtobus tagida qolib o‘ldi.

Bi-Bi-Si radiosi xabariga ko‘ra, 8-oktabr kuni Jizzax viloyati Zafarobod tumanida paxta terimiga safarbar qilingan mahbuslar ichida 58 yoshli Najmiddin Sarimsoqov paxta dalasida joni uzilgan.

19 sentabr kuni BMT bosh minbarida nutq so‘zlagan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatda bolalar mehnati¸ umuman majburiy mehnatga barham berilgani haqida bayonot qildi. Ushbu bayonotdan uch kun o‘tib, talabalar, shifokor va o‘qituvchilar paxta dalalaridan shoshilinch ortga qaytarildi. Biroq Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, turli soha vakillarini paxta terimiga majburan chiqarish jarayoni davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG