Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:47

Ozodlikka chiqqan Navalniy Astraxandagi mitingga yo‘l oldi


Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy, 22 oktabr, 2017.
Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy, 22 oktabr, 2017.

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy 20 sutkalik qamoq muddatini o‘tab, ozodlikka chiqdi. Navalniy odamlarni ruxsat etilmagan mitingda qatnashishga da’vat qilganlikda aybdor deb topilib, hibsga olingan edi. 2018 yilgi prezident saylovida qatnashishni niyat qilgan Navalniy “ishlashga tayyor”ligini aytdi.​

22 oktabr kuni Navalniy Instagramda “Salom. Men chiqdim”, deb yozdi. Muxolifatchi o‘zini qo‘llovchilar oldida chiqish qilish maqsadida Astraxan shahriga yo‘l olishini qo‘shimcha qildi.

Muxolifatchining matbuot kotibi Astraxan shahrining “Drujba” parkida bo‘lib o‘tadigan yig‘inga rasmiylar ruxsat berganini bildirdi.

41 yoshga to‘lgan Navalniy saylovoldi kampaniyasini ham boshlab yuborgan. Ammo, joriy yil iyunida Rossiya Markaziy saylov komissiyasi Navalniy moliyaviy jinoyatlarda ayblangani uchun saylovda ishtirok etolmasligi to‘g‘risida ogohlantirdi.

Navalniy bu ayblovlar ortida siyosiy motivlar borligini aytib keladi.

17 oktabr kuni Rossiya Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilova Navalniy 2028 yilgacha Rossiya prezidentligiga nomzod sifatida saylovda ishtirok eta olmaydi, deb bayonot berdi.

Navalniy Rossiya bo‘ylab bir necha marta yirik namoyishlar uyushtirdi. Jumladan, joriy yilning 7 oktabrida – prezident Vladimir Putinning tug‘ilgan kunida ham muxolifat namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Namoyishchilar rasmiylarni Navalniy saylovda ishtirok etishiga ruxsat berishga chorlab keladi.

Navalniy, shuningdek, Putinga yaqin shaxslar korrupsiyasini fosh qiluvchi hisobotlarni chop etib kelmoqda.

2018 yilga belgilangan prezidentlik saylovida Rossiya prezidenti Vladimir Putin g‘olib chiqishi taxmin qilinmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Putin hali saylovda nomzod bo‘lishini rasman aytgani yo‘q.

Navalniy qamoqdaligida teleboshlovchi Kseniya Sobchak saylovda prezidentlikka nomzodini qo‘yishini e’lon qildi. Sobchakning bunday rejasi borligi shu yil sentabr oyida ma’lum bo‘lgandi.

Avvalroq, Navalniy Sobchakni “kulgili liberal nomzod” deb atab, uni tanqid qilgan edi. Bunga javoban Sobchak Navalniyni muxolifatni parchalaganlikda ayblab, unga “kuchlarni birlashtirish”ni taklif qildi.

XS
SM
MD
LG