Линклар

Paxta tashiydigan traktor bilan sodir bo‘lgan halokatda bir ayol nobud bo‘ldi

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Paxta tashiydigan bu pritsepning bitta ham chirog‘i yo‘q.(Samarqand viloyat, Pastdarg‘om tumanida olingan surat)

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumani hokimiyati yaqinidagi chorrahada 30 oktabr kechqurun sodir bo‘lgan avtohalokatda bir ayol nobud bo‘ldi, to‘rt kishi jarohat oldi. Voqea guvohlarining aytishicha, chorrahada paxta tashiydigan ikki pritsepli traktorga Cobalt avtomashinasi qattiq urilgan. Oqibatda avtomobilda bo‘lgan bir ayolning boshi tanasidan uzilib ketgan, qolganlar turli xil jarohat bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Andijondan Toshkentga qatnaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan haydovchi ushbu voqeaga guvoh bo‘lganini aytarkan, bunday dedi:

“Kechqurun soat o‘nlarga yaqin men yo‘lovchilarni olib, Toshkent tomon ketayotgan edim. Yozyovon markaziga kelsam, chorrahada shunday voqea sodir bo‘libdi. Kobalt traktorga shunaqa ham qattiq urilganki, traktor ikkiga bo‘linib ketgan. Moshinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan bir ayolning boshi tanasidan uzilib ketibdi. Tez yordam kelib jarohat olgan yo‘lovchilarni kasalxonaga olib ketayotgan ekan. Juda ham dahshatli manzara edi”, deydi haydovchi.

Yozyovon tumanidagi huquq-tartibot idoralaridan birida ishlaydigan mulozim, shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Bu voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. Prokuratura o‘rganyapti. Birinchi surishtiruvdan aniqlanishicha, ayb traktorchida bo‘lgan. U svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtamagan. Traktorning oldidagi bitta chirog‘i ishlamagan, ikkinchisi juda xira bo‘lgan. Pritseplarning ham ogohlantiruvchi chiroqlari bo‘lmagan. Traktorchi paxta punktiga paxta topshirib qaytayotganda shu voqea sodir bo‘lgan”, deydi mulozim.

Yozyovon tumani tibbiyot birlashmasining o‘zini tanishtirmagan shifokorining aytishicha, traktorchi Qudrat Cho‘yanov engilroq jarohat olgani uchun, 31 oktabr kuni uyiga javob berilgan:

“Avtomobilda Andijon viloyatining Izboskan tumanida yashaydigan fuqarolar bo‘lgan. Ulardan ikki nafari reanimatsiyaga bo‘limiga yotqizildi. Bir nafari bosh miya chayqalishi jarohati olgan. Ularning ahvoli hozir o‘rtacha”, dedi shifokor.

O‘zbekistonda har yili paxta terimi mavsumida traktorchilarning yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmasligi va pritseplarning chiroqsiz ekanligi bois juda ko‘p avariyalar sodir bo‘ladi.

Bu haqda namanganliklardan biri 28 sentabrda Ozodlikka shunday deb yozgan edi:

"Paxta tashiydigan barcha traktorlarning pritseplarida chiroqlari yo‘q. Hatto bir dona ham stopniki yo‘q. Iltimos, shu haqda yozing. Oxirgi kunlarda shu tufayli juda ko‘p avariyalar bo‘layapti. Kecha Namangan Pop yo‘lida ikkita avariya bo‘ldi. Bitta Neksiya pritsep tagiga kirib ketdi".

Paxta-2017: O‘ninchi qurbon

Yozyovonda 30 oktabr kuni sodir bo‘lgan fojea paxta terimi bilan bilvosita bog‘liq bo‘lsa, terimga bevosita bog‘liq fojealar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar berib kelayapmiz. Ozodlikka kunora paxta terimiga ixtiyoriy-majburiy olib chiqilgan hasharchilarning turli sabablar bilan nobud bo‘layotgani haqidagi xabarlar kelib turibdi. Ozodlik xabar topgan qurbonlar soni o‘n kishiga etdi.

Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi Sharqobod qishlog‘ida yashagan Davron Davronbekov Rishton tumanidagi paxta terib yurgan joyidan 11 oktabr kuni bedarak yo‘qolganidan so‘ng 5 kun o‘tib, paxta dalasidagi zovurdan topilgan edi.

Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanida 4-sinf o‘quvchisi 11 oktabr kuni ustiga devor qulashi oqibatida nobud bo‘ldi. Voqea tafsilotlaridan xabardor taxiatoshliklarning Ozodlikka aytishicha¸ maktab o‘qituvchisi o‘rniga paxtaga yollangan bolaning onasi fojia paytida dalada bo‘lgan.

Andijon viloyat, Ulug‘nor tuman hokimi 57 yashar Asilbek Yusupov 5 oktabr kuni olamdan o‘tdi. Tuman hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ 6 oktabr kuni dafn qilingan Yusupov 3 oktabr kuni paxta yig‘im-terimiga oid viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov​ o‘tkazgan selektor majlisida hokim tomonidan tergalgani ortidan ish kabinetida og‘iz-burnidan qon ketib, yiqilib tushgan.

20 sentabr kuni Qashqadaryo viloyat, Qarshi tuman, Pistakent qishlog‘ida yashovchi 28 yashar Lobar Ashurova paxta dalasida "ichki qon ketishi oqibatida" olamdan o‘tdi. Bu fojia Lobar Qashqadaryo viloyat sil kasalliklari shifoxonasida sanitar bo‘lib ishlaydigan onasining o‘rniga paxta terimiga chiqqan paytda sodir bo‘lgan.

19 sentabr kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi 43-bog‘chada 2 yashar Abdulloh ustiga bir qozon qaynoq ovqat to‘kilishi oqibatida olamdan o‘tdi. Bog‘chada oshpaz bo‘lib ishlaydigan Gulnora Rahmonova o‘g‘liga qaraydigan qaynonasi paxta terimiga chiqarilgani bois, bolasini o‘zi bilan bog‘chaga olib borgan payti ushbu fojia sodir bo‘lgan.

Samarqand tuman tibbiyot birlashmasida bolalar vrachi bo‘lib ishlagan va tibbiyot xodimlarini paxtaga safarbar qilish bilan shug‘ullangan 52 yashar Faxriddin Saidovning 16 sentabr kungi selektor majlisidan chiqqach, 2 kun o‘tib o‘lgani ma’lum bo‘ldi.

16 sentabr kuni Andijon shahrida yashovchi 58 yoshli Muzaffar Umrzoqovmaktabda farrosh bo‘lib ishlaydigan rafiqasi o‘rniga paxtaga chiqqan paytda dalada jon berdi.

Shu kuni Jizzax viloyat, Sharof Rashidov tuman, "Uch tepa" dahasidagi 32-maktabida Yoshlar ittifoqi tashkilotchisi 39 yashar Gulzoda Tojiboevapaxtadan qaytayotganida avtobus tagida qolib o‘ldi.

Bi-Bi-Si radiosi xabariga ko‘ra, 8-oktabr kuni Jizzax viloyati Zafarobod tumanida paxta terimiga safarbar qilingan mahbuslar ichida 58 yoshli Najmiddin Sarimsoqov paxta dalasida joni uzilgan.

19 sentabr kuni BMT bosh minbarida nutq so‘zlagan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatda bolalar mehnati¸ umuman majburiy mehnatga barham berilgani haqida bayonot qildi. Ushbu bayonotdan uch kun o‘tib, talabalar, shifokor va o‘qituvchilar paxta dalalaridan shoshilinch ortga qaytarildi. Biroq Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, turli soha vakillarini paxta terimiga majburan chiqarish jarayoni davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG