Линклар

AQSh senatorlari Feysbukni Rossiya reklamalarini joylashtirgani uchun keskin tanqid qildi

  • Озодлик

Vashington. (Chapdan o‘ngga) Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i bosh huquqshunosi Kolin Stretch, Tvitterning bosh huquqshuqnosi vazifasini bajaruvchisi Shon Edjett, Gugl korporatsiyasining Huquqni qo‘llash va axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha direktori Richard Salgado 31 oktabr kuni Senatning Huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasida ko‘rgazma bermoqda.

AQSh senatorlari Feysbuk va boshqa yetakchi ijtimoiy tarmoq kompaniyalarini keskin tanqid qilib chiqdi. Bunga o‘tgan yili prezident saylovi kampaniyasi vaqtida rossiyalik operatorlarning ayni tarmoqlardan noqonuniy tarzda foydalanishi oldini ola bilmagani sabab bo‘ldi.

– Nima uchun muammo miqyosini tushunib olishimizda Feysbuk bizga yordam berishi uchun 11 oy kerak bo‘ldi? – deya savol berdi demokrat senator Kris Kuns 31 oktabr kuni Feysbuk, Tvitter va Gugl kompaniyalari yetakchilari Senatning Huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasida ko‘rgazma berayotgan paytda.

Feysbuk Senat qo‘mitasida tinglov o‘tkazilishi oldidan Rossiya homiylik qilgan hamda ushbu ijtimoiy tarmoqqa saylovoldi kampaniyasi vaqtida qo‘yilgan reklama va xabarlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qildi. Kuns qo‘yayotgan savol shunga ishoradir.

– Ular ijtimoiy tarmoqlarimiz, do‘stligimiz, oilalarimiz, taassuflarimiz va ko‘z qarashlarimizni o‘zimizga qarshi ishlatmoqda, – dedi demokrat senator Sheldon Uaythauz.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i bosh huquqshunosi Kolin Stretch:

“2016 yilgi saylov xususida gapning po‘skallasini aytmoqchiman: biz Feysbuk kompaniyasida bu ishga nihoyatda jiddiy qarayapmiz. Saylovga chetdan aralashuvni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Qalbaki akkauntlar ortiga yashiringan chet ellik o‘yinchilar bizning platforma va boshqa Internet xizmatlaridan g‘arazli maqsadlarda foydalanib, adovat urug‘ini sepishga, saylovni barbod qilishga urindi. Bu nafaqat mavjud qadriyatlarimiz, qolaversa, Feysbuk amal qiladigan qoidalarga ham ziddir”.

“Internetning chek-chegarasi yo‘q”

AQShning amaldagi qonunchiligi amerikalik bo‘lmagan kishilarning saylovga oid reklama berishini taqiqlaydi. Lekin respublikachi senator Jon Kennedi AQShdagi saylov reklamalarini chet eldan turib xarid qilinishini Feysbuk taqiqlay olishiga shubha qilishini yashirib o‘tirmadi.

Respublikachi senator Lindsi Grehem Kolin Stretchdan, Eron bilan Shimoliy Koreya ham o‘tgan yilgi saylov vaqtida Rossiya qilgan ishni qilishi mumkinmi, deb so‘radi.

– Albatta, buning imkoni bor, chunki Internetning chek-chegarasi yo‘q, – deb javob berdi u.

Senatning Huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi joriy haftada Rossiya operatorlarining saylov vaqtida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganiga oid uchta tinglov o‘tkazadi. Ushbu tinglov birinchisidir.

Kongressda o‘tkaziladigan tinglov oldidan Feysbuk AQShdagi prezident saylovi arafasida ikkilanib turgan saylovchilarga ta’sir ko‘rsatishga chetdan urinishlar bo‘lganini oshqor qildi. Ayni maqsadda rossiyalik operatorlar ushbu ijtimoiy tarmoq orqali 80 mingta xabar tarqatgan ekan.

Tvitter ham tinglov oldidan rossiyalik operatorlar bilan bog‘liq juda ko‘p akkauntlarni topganini, o‘sha operatorlar Internet tadqiqotlari agentligida ishlaganini ma’lum qildi.

Oldingi taxminlar hech narsa bo‘lmay qoldi

Oshkor qilingan ma’lumotlar Rossiyaning siyosiy fikrga ta’sir ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlari oldingi taxminlardan ancha yuqori bo‘lganidan dalolat bermoqda.

Feysbuk vakillarining aytishicha, yangiliklar lentasiga joylashtirilgan yoki boshqa foydalanuvchilar ma’qullashi yoki “layk” qo‘yishi orqali tarqalgan va saylovchilar ko‘rishi mumkin bo‘lgan xabarlar irqiy munosabatlar singari jamiyatni bo‘lib tashlashga qaratilgan ijtimoiy va siyosiy mazmunda bo‘lgan.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idan har oyda 2 milliarddan ko‘p kishi foydalanadi. AQShning o‘zida uning 214 million foydalanuvchisi bor. Uning yangiliklar lentasida paydo bo‘ladigan odatiy xabarlar Rossiyaning nomi zikr etilgan agentligi tarqatgan 3000 dan oshiq reklamadan mazmunan farq qiladi.

Avtomatik tvitlar

Tvitter ma’murlari Internet tarmoqlariga bog‘liq 2752 ta akkauntni aniqlaganini, ularning hammasini yopganini va nomlarini Kongress tergovchilariga topshirganini xabar qildi.

Rossiya bilan akkauntlar orqali 2016 yil sentabridan 15 noyabriga qadar 1,4 millionta saylov bilan tvit – kichik xabar joylashtirilgan va ularning teng yarmi avtomatik tarzda tarqalgan, dedi kompaniya vakili.

Shon Edjett, Tvitterning bosh huquqshuqnosi vazifasini bajaruvchi:

“Xodimlarimizning aniqlashicha, “Rasha Tudey” yettita akkaunt orqali saylovga oid reklama sotib olgan va bu bilan o‘sha paytlar mavjud qonun-qoidalarni buzgan. Biz o‘sha akkaunt egalarining reklama berishini butunlay taqiqlab qo‘ydik. O‘sha reklama pulini Tvitterdan saylov vaqtida foydalanish va jamoatchilikni jalb qilish masalalarini tadqiq qilish ishlariga sarflamoqchimiz”.

Kompaniya vakillari Rossiya bilan bog‘liq 9 ta akkaunt egasi reklama sotib olganini, ularning aksariyati ushbu mamlakatning RT axborot xizmatiga tegishli ekanini aytdi. Xabarlarga ko‘ra, Tvitter bundan buyon RT va Rossiyaning “Sputnik” davlat ommaviy axborot vositasi reklama olmaslikka qaror qildi.

Dunyodagi eng yirik Internet qidiruv tizimi bo‘lmish Gugl tarqatgan blog xabarida Rossiya Internet tadqiqotlari agentligi uning xizmatlari va YouTube kanallaridan foydalanishda “cheklangan” suiiste’mol holatlariga yo‘l qo‘ygani ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, 2016 yilgi saylov kampaniyasi vaqtida o‘sha Rossiya tashkilotiga tegishli 2 ta akkaunt 4700 AQSh dollarilik reklama sotib olgan.

XS
SM
MD
LG