Линклар

Xayriya maqsadida dunyo bo‘ylab velosipedda sayohat qilayotgan belgiyalik ona - Marion Van Rit​ Nyu-York shahrida ro‘y bergan terrorchilik hujumi paytida og‘ir jarohat olgandan so‘ng uning ikkala oyog‘ini ham amputatsiya qilishga – kesib tashlashga to‘g‘ri keldi.

Marion Van Rit dunyoning iqlimi eng noqulay mintaqalarida yuzlab kilometr masofani velosipedda bosib o‘tgan, Nyu-York shahriga oilasi bilan birga velosipedda sayr qilish uchun ta’til olib kelgan edi. Dahshatli terror hujumidan joni omon qilgan “Belgian airline” aviakompaniyasi top-menejeri Marion Van Rit eng og‘ir jarohat oldi.

Van Ritning eri Aristid Melissas va ularning 16 yashar o‘g‘li Daril Melissas ham seshanba kuni quyi Manhettendagi velosiped yo‘lagida ro‘y bergan va 8 kishining umriga zomin bo‘lgan hujumdan so‘ng o‘nlab kishilar qatori kasalxonaga yotqizildi. Halok bo‘lganlarning 6 nafari chet el vatandoshlari edi. Er-xotinning jiyani ham ular bilan birga edi, ammo uning faqat u yer-bu yeri tirnalgani uchun kasalxonaga yotqizilmadi.

Belgiya hukumati vakili Nyu-York shahrida ismini aytmaslik sharti bilan ushbu oila vakillari salomatligi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi. U oila a’zolari salomatligi haqidagi ma’lumotlar oshkor qilinmasligi kerakligini aytgan.

Nyu-York shtati hokimiyat idoralari seshanba kungi hujumdan so‘ng tarqatgan dastlabki xabarlarda 54 yashar Van Rit “ikkala oyog‘idan o‘ta og‘ir jarohat” olgan va hayoti xavf ostida qolgani xabar qilinadi. Eri bilan o‘g‘li esa boshi va bo‘ynidan yaralangan.

Oila salomatligi haqidagi ma’lumotlarni tarqatmaslikni iltimos qilgani sababli ular qanday jarohat olganiga oid xabarlar kechikib paydo bo‘ldi. Biroq ular haqidagi ayrim ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardan topish mumkin.

Oila Antverpen shahrida istiqomat qiladi. Daril o‘sha yerdagi o‘rta maktabda o‘qiydi. Aristid Melissas esa oilasi 1948 yili tashkil qilgan plastmassa buyumlar ishlab chiqaruvchi kompaniya rahbari bo‘lib ishlaydi.

“Brussels Airlines» aviakompaniyasi veb-sahifasida qayd etilishicha, Van Rit o‘sha yerda marketing kommunikatsiyasi bo‘yicha menejerdir. U kompaniyasi homiylik qilgan va Afrikaga mo‘ljallangan “Bayk” xayriya dasturlari turkumida ham ishtirok etgan.

“BARChAMIZNI MUHABBAT BIRLAShTIRADI”

Nyu-York shahridagi hujumdan omon qolgan argentinaliklar o‘sha erda qurbon bo‘lgan besh nafar hamyurtini umrbod yodda saqlayajagini aytdi.

Xuan Pablo Trevizan, Ariel Benvunito, Gilyermo Banchini va Ivan Braykovich ushbu mamlakatning Nyu-York shahridagi konsulligida yig‘ildi. Yig‘ilganlarga qarata ispan tilida murojaat qilgan janob Banchini hissiyotlarga to‘la bayonotni o‘qib berdi va konsullik xodimlari ko‘ziga beixtiyor yosh qalqdi.

– Argentinaliklar do‘stlikni juda qadrlaydi, – dedi janob Banchini. – Bu yerga bizni yoshlik chog‘lari o‘rtamizda paydo bo‘lgan va bir umr hamrohimizga aylangan do‘stlik yetaklab keldi. Halok bo‘lgan do‘stlarimiz uchun bir umr motam tutamiz. Bu yerga o‘rtamizdagi mehr-muhabbat sababli keldik va u bizni bundan buyon ham birlashtirib turadi.

Bu to‘rt kishi o‘rta maktabni bitirganining 30 yilligini nishonlash uchun Nyu-York shahriga kelgan 10 kishilik guruh a’zolari edi.

Ulardan besh nafari O‘zbekiston vatandoshi seshanba kuni yuk mashinasini velosiped yo‘lagiga solgan payt halok bo‘ldi. Terrorchi yuk mashinasini Manhetten janubidagi Jahon savdo markazi tomon haydab, velosipedchilaru piyodalarni bostirib ketdi va 8 kishini o‘ldirdi.

Yuk mashinasi maktab avtobusiga borib urilgandan so‘ng politsiyachi Sayfullo Soipovni otib yarador qildi, ammo 29 yashar terrorchi tirik qoldi. U chorshanba kuni terrorchilik aybi bilan sud mahkamasiga tortildi.

Argentinalik sayyohlar guruhi og‘ir judolikka uchradi. Ularning uzoq tarixga ega do‘stligi minglab odamlarni hayratda qoldirdi. Dunyoning ko‘plab ommaviy axborot vositalari do‘stlar AQShga uchib ketishidan oldin Argentinaning Rozario shahri aeroportida tushgan suratini chop qildi.

Terrorchilik hujumi vaqtida guruhdan Hernan Ferruchchi, Alexandro Damian Pagnuchcho, Hernan Diego Mendosa, Ariel Erlix va Diego Enrike Angelini halok bo‘ldi. Boston shahri yaqinida yashaydigan Martin Marro esa og‘ir yaralandi, ammo uning to‘liq tuzalib ketishiga shubha yo‘q.

Banchini bayonotni o‘qib bergandan so‘ng to‘rt do‘st bir-birini quchoqlab oldi va xonada qarsaklar yangradi. Bosh konsul o‘rinbosari, general Ediardo Almirantearaganing ko‘zlari yoshga to‘ldi.

XS
SM
MD
LG