Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:46

MXXchilar Sergelida Mirziyoevga topshirilgan yangi uylarda “uy sohiblari” rolini o‘ynab berdi


17 noyabr kuni prezidentga topshirilgan Sergelidagi yangi uylar manzarasi.
17 noyabr kuni prezidentga topshirilgan Sergelidagi yangi uylar manzarasi.

17 noyabr kuni O‘zbekiston rasmiy va norasmiy matbuoti prezident Shavkat Mirziyoevning Sergeli tumanida qurilgan yangi uylarni borib ko‘rgani¸ ”yangi uy sohiblari” bilan uchrashgani haqida yozdi. Bu uylarni bevosita ko‘rib¸ yangi uy egalari bilan bevosita gaplashishga uringan toshkentlik faollar¸ 17 noyabr kuni prezidentni “yangi uy sohiblari” sifatida qarshi olganlarning aksariyati MXX va shahar hokimiyati xodimlari ekanini aniqladi.

Bu haqda Ozodlikka shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan toshkentlik bloggerlardan biri xabar berdi.

Men ham bugungi xabarlarni eshitib¸ yangi mahallani ko‘rish uchun bordim. Yangi uylarning ko‘pchiligi bo‘m-bo‘sh¸ prezidentga ko‘rsatilgan uylardagi xonadonlarni ko‘rib¸ uy egalarini tabriklash uchun ancha-muncha eshikni jingillatib ko‘rdim. Eshikni ochganlarning ayrimlari MXX xodimlari¸ ayrimlari hokimiyat rasmiylari bo‘lib chiqdi. “Prezident kelib-ketguncha o‘tirib turinglar¸ deyishdi¸ shunga bir kecha bo‘ldi¸ o‘tiribmiz. Tadbir o‘tguncha o‘tirib turish aytilgan”, dedi o‘zini MXX xodimi deb tanishtirgan kishi. Biror xonadonga uning haqiqiy egasini ko‘chib kirganiga shaxsan men guvoh bo‘lmadim”¸ deydi Ozodlikka faol bloggerlardan biri.

Bu suhbatdoshning aytishicha¸ nafaqat yangi uylarning 1-2 qavatidagi xonadonlar¸ balki uning tashqarisida prezident kelib-ketguncha xalq bo‘lib to‘planib turganlar ham MXX¸ melisa¸ hokimiyat va qurilish idorasi vakillari bo‘lib chiqqan.

Xullas¸ bugun prezidentga arzon uylarda yashaydigan xalq qilib ko‘rsatilganlarning deyarli hammasi maxsus xizmatlar va hokimiyat odamlari¸ sodda qilib aytganda¸ "san’atkor"lar bo‘lib chiqdi”¸ deydi bu suhbatdosh.

17 noyabr kuni jurnalist Abdurahmon Tashanov ham Ozodlik so‘rovi bilan Sergelidagi prezident borib ko‘rgan uylarni aylanib chiqdi.

17 ноябрь куни Сергелидаги янги уйлар Мирзиёевга топширилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:23 0:00
Бевосита линк

Tashanov ham yangi uylarga hali ularning haqiqiy egalari ko‘chib kirmaganiga guvoh bo‘lganini aytadi:

- Men ham xonadonlarning egalari bilan gaplashay deb ko‘rsam¸ xonadonlar bo‘sh ekan¸ hali ko‘chib kelishmapti. O‘sha yerda yurganlar bilan gaplashsam¸ prezident qatnashadigan ochilish marosimiga hokimiyat vakillari va boshqalar navbatchi bo‘lib turib turdik xonadon egalariday¸ degan gaplarni aytishdi. Shu yaqin atrofdagi mahallalarda yangi uylardan kvartira olgan bir-ikkita odam prezidentga ko‘rsatish uchun olib kelinipti. Tushunishimcha¸ bularning hammasi xavfsizlik nuqtai nazaridan qilingan¸ hech kim ko‘chib kirmagan. Ertadan keyin ko‘chib kirishga ruxsat berilishi mumkin¸ deyishdi. O‘zi hali umumiy isitish tizimi ham ishga tushmagan¸ havo ancha salqin¸ isitishsiz bu uylarga kirib bo‘lmaydi¸ dedi bevosita Sergelidagi yangi uylarni aylanib chiqqan Abdurahmon Tashanov.

Rasmiy matbuotning xabar berishicha¸ 17 noyabr kuni prezidentga topshirilgan “13 gektar maydonda 66 ko‘p qavatli uy-joy qad rostlagan”.

Prezident qarori asosida Sergeli tumanida qurilayotgan 500 ta ko‘p qavatli uyning 66 tasi 1 sentabr – Mustaqillik kuni arafasi 2,5 mingdan ortiq oilaga topshirilishi kerak edi.

Bu “topshirilish”ning kechikishini izohlagan Toshkent bosh arxitektori Asomiddin Tojiev o‘tgan oy boshida “Sergeli tumanining yer osti suv sathi yuqoriligi qurilishni murakkablashtirgani¸ shuningdek lift o‘rnatish bilan bog‘liq texnik va kadrlar masalasi ham uylarni mustaqilikkacha bitirishga imkon bermaganini" aytgan edi.

6-A deb atalgan mavzeda¸ 7 va 9 qavatlik uylar barobarida O‘zAning yozishicha¸ “240 o‘rinli bog‘cha, 630 o‘rinli maktab, 61-sonli oilaviy poliklinika, basseyn, militsiya bo‘linmasi, pochta va kitob do‘koni, dam olish maskanlari, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari, velotrassalar barpo etilgan”.

Ozodlik bilan bevosita ushbu mavzedan turib gaplashgan guvohlar¸ hozircha bu ob’ektlar aksariyati qurilishining bitmaganini aytdilar.

Yangi uylar kimlarga¸ qanchadan sotildi?

O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Toshkentning Sergeli tumani, Sputnik dahasida joylashgan barak uylarda yashovchilar bilan 2016 yilning 25 sentabr kuni o‘tkazgan uchrashuvidan so‘ng bu uylar o‘rniga ko‘p qavatli turar-joy binolari qurishga va’da bergan edi.

Muvaqqat prezident bo‘lib turgan 2016 yilning 22 noyabr kuni Shavkat Mirziyoev «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” maxsus qaror chiqargan va shu qaror asosida Sergelida kam ta’minlangan oilalar uchun 500 ta ko‘p qavatli uy qurish loyihasi boshlangan edi.

O‘zbek nashrlariga ko‘ra¸ bu loyihani moliyalashtirishga xorij banklari¸ xususan¸ Turkiyaning “Ziraat” bankidan olingan 200 million dollarlik kredit sarflangan.

Bu uylardagi xonadonlarni taqsimlash uchun¸ aytilishicha¸ Toshkent tumanlari hokimliklarida maxsus komissiyalar tuzildi¸ ayni paytda¸ tijorat banklari Sergelidagi uylarni sotib oluvchilar uchun maxsus ipoteka dasturi ishlab chiqdi.

Norma.uz saytiga ko‘ra¸ “tijorat banklari tomonidan beriladigan ipoteka krediti miqdori dastlabki badaldan tashqari ko‘p kvartirali uydagi kvartira qiymatining ko‘pi bilan 75 foizini tashkil etadi.

Ipoteka kreditlari 3 yillik imtiyozli davr bilan, dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7% miqdoridagi foiz stavkasi va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 20 yil muddatga rasmiylashtiriladi.”

Ozodlik suhbatlashgan ayrim toshkentliklar¸ bu uylardagi xonadonlarning narx-navosi¸ ularning Toshkentning boshqa rayonlarida xususiy shirkatlar qurayotgan yangi uylar narxiga nisbatan qariyb ikki barobar arzonligini aytdi.

Sergelidagi yangi uylar manzarasi¸ ularning sifat va narxi haqida Abdurahmon Tashanov bilan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:00 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG