Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:59

Andijon shahar hokimi o‘qituvchilarni "shakal", "tvar", "eshak", "hayvon" deb so‘kdi (VIDEO)


Andijon shahar hokimi ana shu poezdga hasharchi yetkazib bermagani uchun kollej direktorlarini haqorat qilgan.
Andijon shahar hokimi ana shu poezdga hasharchi yetkazib bermagani uchun kollej direktorlarini haqorat qilgan.

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning taxminan bir oy avval kollej va akademik litsey direktorlarini tahqirlab, haqorat qilgani yozib olingan audiofaylni Ozodlik qo‘lga kiritdi.

Auidoyozuvda Andijondan Toshkent viloyatiga poezdda paxta terimiga kam odam jo‘natgan kollejlar va litseylarning erkaku ayol direktorlarini hokim “hayvon”, “shakal”, “eshak”, “padaringga la’nat” kabi tahqirlovchi so‘zlar bilan haqorat qiladi.

Ularning faoliyatini tekshirtirish uchun SES, soliq, elektr tarmoqlari idoralari inspektorlarini yuborishni o‘rinbosariga buyuradi.

Ozodlik tahririyatiga kelib tushgan bu audiofaylni Andijon shahar hokimi o‘tkazgan yig‘ilishda ishtirok etgan mahalliy tashkilot rahbarlaridan biri jo‘natdi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:27:06 0:00
Бевосита линк

Bu rahbarning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, audioda aks etgan majlis 16 oktabrda, paxta shtabida bo‘lib o‘tgan:

“O‘sha majlisda men ham qatnashgan va poezdda jo‘natishga kam odam topib berganim uchun hokimdan haqorat eshitgan edim. Shu paytgacha, bu zapisni nima qilsam ekan, deb saqlab yurgan edim. Kuni kecha prezidentimizning mahalliy rahbarlarning xulq-atvori haqidagi tanqidiy gaplaridan so‘ng, sizlarga jo‘natishga qaror qildim. O‘qituvchidan chiqqan, madaniyat vakili bo‘lgan bu hokimning asl yuzini hamma ko‘rib qo‘ysin, dedim”, deydi ismi sir qolishini so‘ragan direktor.

Uning aytishicha, bu majlisda 200 dan ko‘p odam qatnashgan. Shahardagi 50 ta maktab, 12 ta kollej va litsey direktorlari, 70 ta bog‘cha mudirasi, imomlar, tibbiyot muassasalari rahbarlari, militsiya boshlig‘i va prokuror ham ishtirok etgan.

Audiofayl 27 daqiqa davom etadi

Андижон шаҳар ҳокими ўқитувчиларни қандай сўкади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:59 0:00

Yozuv hokimning paxtaga ko‘p odam bergan bog‘cha mudiralarini maqtashi bilan boshlanadi va kollej direktorlarini haqorat qilish bilan davom etadi:

“Shakalni shakal deyish kerak. Xapa bo‘lasanmi, boshqa bo‘lasanmi, tupurganman, senlarga. Boshqarmangda richag bor, menda yo‘q deyapsanmi, a, e, tvar!”, deydi hokim.

Paxtaga kam odam bergan kollej rahbarlarining o‘zini va faoliyatini tekshirish uchun, hokim, o‘rinbosariga topshiriq beradi:

“Olim aka, sizdan ham iltimos qilaman, gruppa tashlaysan bu shakalga, anavu pedkollejga ham gruppa tashlaysan. SES! Ko‘tini gapirtirishasan mana shularni, Moliya! Ko‘tini gapirtirishasan mana shularni! Yomonlik qilmasdim, prosto ko‘zini ochib qo‘ymoqchiman bularni. Elektrosetlar! Polniy rost ko‘rishasan! Ey Ma’rif,(Ma’ruf Buvabekov, Andijon tibbiyot kolleji direktori – tahririyat) qani ko‘tingni gapirtiraman, seni. Kollejlar, akadem litseylar bog‘cha mudirichalik ishlashayotgani yo‘q. Chunki, senlar iplossan!”, deydi hokim.

Hokim, xalq ta’limi rahbarligidan hokimlikka ko‘tarilganini aytar ekan, hokimiyatni kuchini ko‘rsatib qo‘yish vaqti kelganiga urg‘u beradi:

“Hokimiyatni kuchini ko‘rsatib qo‘yaman, senlarga. Bir joyimni qisib yuruvdim, ochig‘i. Boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlaganmanda, ona tovuqqa o‘xshab bularni yonimda olib yurovirganman. Bular qo‘ying boshqarmasi bilan yurovirsin, boshqarmasini aytganini qilsin desam bular boshqacha qildi. Qani, Ma’rif kim bilan ishlaysan ekan. Iflos, shu paytgacha sen demovdim. Hammangni bilaman”, deydi Dilmurod Rahmatullaev.

"Iflos, tvar, gadoy..."

Hokim shundan so‘ng, kollejlar rahbarlarini birma-bir turg‘izib haqorat qila boshlaydi:

“Maishiy xizmat kim, iflos, tvarda bu. Aytib qo‘y shakal rahbaringga iflos ekanmiz, degin”;

“Iqtisodiyot kolleji, iflos, padaringga la’nat senlarni.

Pedagogika kolleji, iflos, gaday, sen gadaysan, ko‘tingga tiqib yubor, beshta odamingni. Ey iflos, nechta odaming bor, nafas oladigan o‘zingga o‘xshagan nechta shakal bor, ey iflos?, deydi hokim

Bundan so‘ng hokimning haqoratlari silsilasiga mashinasozlik kolleji rahbari duch keladi:

“Mashinasozlikning shakali kim? Sen ham iflossan, sen odam emassan, sen maxluqsan! Maxluqsan! Sen Andijon shahri fidoyisimassan! Anavu viloyat hokimining rahmatiga seni nima aloqang bor, ey iflos ko‘zimga qara. Sen iflos qaerliksan, qaerni kollejisan, ey iflos, hayvon. Ey, eshshak! Seni nima haqqing bor shaharga qarsak chalishga, kimsan sen, ey hayvon. Ey iflos, kecha sen bilan odamday gaplashdimmi? Nega meni topshirig‘imni ignorirovat qilding, ey hayvon. Ko‘zimga qara, e, iflos. 50 ta odam dedimmi? Bir joyingni gapirtirib yuboraymi, ey iflos. Sen shim kiyib yuribsanmi yoki lozim, ey iflos. Ey, shimni hamma ham kiyolmaydi, iflos, va’dani hamma ham beravermaydi. Mard odam beradi, rahbar odam beradi, ey hayvon! Hayvonsan sen!”, deydi hokim

"Richag meni qo‘limda, istaganimni qilaman!"

Kompyuter texnologiyalari kolleji direktorini, hokim, padarini “siylash”dan boshladi:

“Ey iflos, padaringga la’nat seni, shshshakal! Kecha gaplashdikmi, nega qilmading, qaysi iflos qilma dedi? Ey iflos, ishdan bo‘shab ketsang ham, shaharda yashaysanmi? Ko‘rasan, hozir soliqni jo‘nataman uyingga, elektrosetni jo‘nataman, vodokanalni jo‘nataman, qani Humoyun? Kollejingga ham tegishli tashkilotlarni jo‘nataman. Mana ko‘ryapsanmi, beshta odam uchun nima bo‘lasan, endi?

"O‘sha joyingga tiqivor, odamingni!"

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan majlis qatnashchisining aytishicha, hokim Bog‘ishamol mavzesida joylashgan ijtimoiy-iqtisodiy va pedagogika kolleji rahbari Gulbahor Bakirovani juda qattiq haqorat qilgan.

“Ey, Bog‘ishamolni avliyochasi, Malikai Turondot. Seni sizlamiman, sensan sen. Nafas oladigan necha odaming bor?, deydi hokim.

Zaldan kollej direktorining anglab bo‘lmas uzuq-yuluq gapi eshitiladi va bundan hokim g‘azabga keladi:

“Hey, bir joyingga tiqivor odamingni, tiqivor odamingni bir joyingga. Nechta odaming bor deb so‘rayapman, hammasi bo‘lib. Xo‘p, 80 ta. Ho‘o‘o‘v bog‘ishamollik Hoji aka bor taniysanmi, imom xatib. Otasiga ming marta rahmat, umri uzoq bo‘lsin, shularni. Bular esa shakal, bular Andijon shahar dushmani bular. Mana qori akani beshta odami bo‘lsa, yotoqqa bitta ham kamaytirmadi. Ey, iflos, sen ayol kishisan. Bu odamga meni richagim yo‘q, qilmasa ham hech narsa deyolmayman. Imomlar bu jamoat tashkiloti. Sen iflos byudjet tashkilotisan, ey hayvon! Nimaga imom qiladi, sen iflos qilmaysan, karanda! Bo‘yniga sepochkalar taqib oladigan karanda! Kimsan sen, ey iflos? A? Shaharda yashaysanmi? Senga aytyapman, shaharda yashaysanmi? Shahardan elektrni olishga seni nima haqqing bor?”, deydi Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev.

Hokimlar munosabat aytishdan o‘zlarini olib qochmoqda

Ozodlik kun davomida Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev bilan bog‘lanishga harakat qildi. Hokim qabulxonasida o‘tirgan navbatchi, hokim ish bilan tashqarida yurganligini, u bilan bog‘lanish imkonsiz ekanligini aytdi.

Ozodlik Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Hokim har gal qo‘ng‘iroqqa javob berdi, lekin muxbir o‘zini tanishtirishi bilan aloqani uzib qo‘yaverdi.

So‘nggi bor ulanganda Ozodlik muxbiri, “nega doim aloqani tashlab yuboryapsiz, yana tashlaysizmi”, deb so‘raganda, hokim, “ha, tashlayman”, dedi-da, yana aloqani uzdi.

“Aytaveramizam, qaytaveramizam!”

Andijon davlat universiteti va Andijon qishloq xo‘jaligi unversitetlarini tugatgan 43 yashar Dilmurod Rahmatullaev 2015 yilgacha viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasidan bo‘shatilgan edi. 2017 yilda u Andijon shahriga hokim etib tayinlandi.

Joriy yilning iyul oyida Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida Dilmurod Rahmatullaev o‘qituvchilarni obodonlashtirishga va boshqa ishlarga jalb etmaslikka va’da bergan edi.

Bunday va’dani Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham Xalqaro press-klubdagi uchrashuvda bergan va keyinchalik o‘qituvchi va shifokorlarning dala ishlariga jalb qilinishini “jinoyat” deb atagan edi.

Lekin bu yilgi paxta mavsumida Andijon viloyati va tumanlar hokimlari o‘qituvchi va shifokorlarni paxta terimiga majburan jalb qilgani haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev juma kuni o‘tkazilgan selektor majlisida qo‘pol muomalali hokimlarni tanqid qilgan edi:

“Lekin, afsuski guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, o‘z mas’uliyatini unutib, oyog‘i yerdan uzilgan, “men rahbarman, nima qilsam ham meniki to‘g‘ri”, degan xato fikr bilan g‘o‘dayib yurgan ayrim odamlar ham yo‘q emas. Ularning o‘z xizmat vakolatini suiiste’mol qilib qo‘l ostidagi xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani, haqorat qilib, hatto qo‘l ko‘tarayotgani haqida bizga ko‘plab ma’lumotlar kelib tushmoqda. Bu bizga umuman noma’qul narsa, bu illatni yo‘q qilish kerak, vaqtu soati o‘tdi, odamlar ko‘tarmaydi endi. Bunday rahbarlar o‘zining kibru havosi, boshqalarni mensimasligi o‘zboshimchaligi va qo‘polligi bilan odamlarni va jamoatchilikni birlashtirish o‘rniga, aksincha jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini buzishga sabab bo‘layotgani bizda katta tashvish uyg‘otmoqda”, dedi prezident.

Hokimlarning zo‘ravonligi davom etyapti

Toshkent viloyat, Parkent tuman hokimi Ne’matulla Abdullaev 1 noyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda paxta terimiga kam odam chiqargan rahbarlarni haqorat qilayotgani yozilgan 45 minutlik audiofayl Ozodlik tahririyatiga kelib tushgan va hokim tashkilot va korxonalar rahbarlarini, mahalla oqsoqollarini ayamay so‘kar ekan, 45 minut davomida 126 marta uyatli so‘z qo‘llagan edi.

Kun.uz sayti Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida avgust oyi oxirida ro‘y bergan voqea aks etgan videoni e’lon qilgan edi. Videoda "Sayxunobod tuman hokimi Nosirjon Mahmudovich Egamberdiev", deb taqdim qilingan shaxs tumandagi maktablarning direktorlarini bir qatorga terib olib, bir chekkadan kaltaklagani tasvirlangan.

XS
SM
MD
LG