Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2018, Тошкент вақти: 09:43

Havodan suv to‘plovchi moslama, Yerga o‘xshash 7 sayyora va yilning boshqa kashfiyotlari


2017 yil yangi ilmiy kashfiyot va siljishlarga boy bo‘ldi. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishishingiz mumkin.

Havodan suv to‘plovchi moslama ixtiro qilindi

Massachusets texnologiya instituti hamda Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari havodagi namlikdan suv to‘plash yo‘lini o‘ylab topdi. Quyoshdan energiya oladigan moslama havoda namlik atigi 20% bo‘lganda ham suv to‘play oladi. Moslama prototipi 12 soat ichida namlik 20-30% bo‘lgan joyda 3 litrga yaqin suv to‘plagan.

Vodorod metallga aylantirildi

Harvard universiteti olimlari eng yengil element bo‘lmish vodorodni metallga aylantirish yo‘lini topdi. Buni amalga oshirish uchun olimlar 100 yil izlangan. Mutaxassislar bu yangilik ilm-fan uchun katta qadam ekanligini aytmoqda. Metall vodorod kuchli kompyuterlarda hamda raketasozlikda ishlatilishi mumkin. Ammo buning uchun vodorodni katta miqdorda metallga aylantirish kerak bo‘ladi. Hozircha olimlar buni uddalagani yo‘q.

Gravitatsion to‘lqinlar Eynshteynning nisbiylik nazariyasini tasdiqladi

Joriy yilning sentabrida birdaniga uch laboratoriyada koinotdagi gravitatsion to‘lqinlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatildi. Bu esa Albert Eynshteyn bir asr muqaddam qilgan bashoratni tasdiqlaydi. Eynshteynning nisbiylik nazariyasiga ko‘ra, har qanday jism harakatlanar ekan, fazo va vaqtni egadi. Yirik jismlar gravitatsion to‘lqinlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatilgani buni tasdiqladi.

AQShda olimlar ilk marta inson embrioni genini o‘zgartirdi

Amerikalik olimlar muvaffaqiyatli ravishda inson murtagi genlarini tahrir qildi. Genlarni o‘zgartirish uchun CRISPR deb atauvchi yangi usuldan foydalanildi. Tadqiqotlarga Oregon sog‘liq va fan universiteti xodimi, qozog‘istonlik uyg‘ur olim Shuhrat Mitalipov yetakchilik qilgan. Bu tajriba genetik xastaliklar oldini olish uchun genlarni muvaffaqiyatli ravishda o‘zgartirish mumkinligini ko‘rsatdi. Inson embrioni genlari ilk marotaba 2015 yilda Xitoyda tahrir qilingan edi. Xitoyda o‘tazilgan tajriba natijalari ham ijobiy, ham salbiy bo‘lgan.

Dalv yulduz turkumida yettita Yerga o‘xshash sayyora bor

Olimlar Dalv yulduz turkumida Yer kattaligidagi yettita sayyora borligini aniqladi. Ularning hajmi va ulardan o‘z yulduzlarigacha bo‘lgan masofa ushbu sayyoralarda hayot bor bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Sayyoralar bizdan 39 yorug‘lik yili masofada joylashgan. Olimlar keyingi o‘n yil ichida ushbu sayyoralarda hayot bor yoki yo‘qligini aniqlashga umid qilmoqda.

Argentinada ilk fluorestsent baqa topildi

Olimlar joriy yilda Hypsiboas punctatus baqasi tunda yaltirab ko‘rinishini aniqlashdi. Bundan avval fluorestsent amfibiliyalar haqida hech kim bilmas edi. Avvallari bu holat ayrim baliqlarda, toshbaqalarda hamda qushlarda kuzatilgan edi. Hypsiboas punctatus tanasi chiqargan kimyoviy moddalar oddiy nurlarni o‘ziga oladi va ularni uzunroq to‘lqinli yorug‘lik sifatida qayta chiqaradi.

Astronomlar neytron yulduzlar to‘qnashuvini kuzatdi

Bu yil olimlar ilk marotaba ikki neytron yulduz to‘qnashuvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatishga muvaffaq bo‘ldi. To‘qnashuv olimlarning oltin va platina kabi og‘ir elementlar qanday yuzaga kelishi haqidagi taxminlaridan birini tasdiqladi. To‘qnashuv yana olimlarning yana bir savoliga javob berdi: katta energiyaga ega gamma nurlar neytron yulduzlar to‘qnashuvidan keyin ham hosil bo‘lishi mumkin ekan. 17 avgust kuni kuzatilgan gamma-nurlanish, shuningdek, olam qanday suratda kengayotgani haqidagi taxminlarni tasdiqlashda qo‘l keladi.

Cho‘chqalarda odam organlarini o‘stirish sari yana bir qadam tashlandi

Solk biologiya instituti olimlari cho‘chqalar tanasida odamlar organlarini o‘stirishga yana bir qadam yaqinlashganlarini bildirishdi. Ular cho‘chqa embrioni ichida inson hujayralarini o‘stirishga muvaffaq bo‘lganlar. Bunday izlanishdan maqsad kasalliklarni o‘rganish hamda yangi dori turlarini o‘ylab topishdir. Qolaversa, bu donorlik amaliyotlarida qo‘l kelishi mumkin.

Yangi dori ichkilikka mukkasidan ketganlarga yordam berishi mumkin

Texas universiteti Janubi-g‘arbiy tibbiy markazi izlanuvchilari surunkali ichuvchilarga yordam bera oladigan dori tayyorlashdi. Ular oz spirtli ichimlik iste’mol qiladigan shaxslardagi muayyan gendagi farqni aniqlab, uning asosida dori ishlab chiqishgan. Ushbu tabletka ashaddiy ichuvchilarga yordam berishi mumkin.

Yangi aniqlangan homiladorlik oldini olish vositasi maymunlarda 100% natija ko‘rsatdi

Fransiyada izlanuvchilar erkaklar uchun homila oldini oluvchi yangi vosita ishlab chiqdi. Vasalgel deb ataluvchi gel spermaning maniy yo‘liga tushishiga yo‘l qo‘ymaydi. Gel tuxumdonlar va olat o‘rtasidagi yo‘lga kiritiladi. Vazektomiyadan farqli o‘laroq, bu muolaja bir umrlik emasdir.

Yangi izlanish natijalari tufayli menstruatsiya oldidan boshlanadigan sindrom alomatlarini yengillatish mumkin

AQSh Milliy sog‘liqni saqlash instituti xodimlari keskin menstruatsiya oldi sindromiga olib keluvchi molekulyar mexanizmni aniqladilar. Bunday sindromga chalinadigan ayollarda jinsiy gormonlarni boshqaruvchi molekulyar farqlar borligi aniqlangan. Izlanuvchilar endilikda simptomlarni yengillatish uslublarini ishlab chiqish ustida ishlamoqdalar.

Yo‘llarda avtoulovlar o‘ldirgan jonivorlar tibbiy izlanishlarda qo‘l kelishi mumkin

Oklahoma universitetining bir guruh izlanuvchisi yo‘lda avtomobillar urib o‘ldirgan hayvonlar va ular ichidagi mikroorganizmlarni o‘rganib keladi. Ular bakteriya va organizmlarning inson sog‘lig‘iga bo‘lgan ta’sirini aniqlashga bel bog‘lagan. Olimlar yanvar oyida bunday izlanishlarni avtomobillar qurboni bo‘lgan hayvonlarda o‘tkazayotganlarini bildirdilar. Bu uslubning yaxshi tomoni sinovlar uchun tirik hayvonlar qurbon qilinmaydi.

XS
SM
MD
LG