Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:15

Surxondaryoda shifokorlar go‘ng hisobini olishga safarbar qilindi


Gaz va elektr quvvati taqchil sharoitda tezak O‘zbekiston qishloqlarida strategik yoqilg‘iga aylanadi.
Gaz va elektr quvvati taqchil sharoitda tezak O‘zbekiston qishloqlarida strategik yoqilg‘iga aylanadi.

Surxondaryo viloyat, Sho‘rchi tuman Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazining shifokor va hamshiralari fermer xo‘jaliklari va aholi uylarida qancha go‘ng zaxirasi borligini aniqlashga safarbar qilindi.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan shifokorlarning aytishicha, ular o‘z hisobidan taksi yollab, uzoq qishloqlardagi go‘ng zaxirasini aniqlashga majbur bo‘lmoqda.

Сурхондарёда шифокорлар гўнг ҳисобини олишга сафарбар қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:58 0:00
Бевосита линк

Sho‘rchi tuman Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazi shifokorlaridan biri ular kasbiga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ishni qilishga majburlanayotgani haqida Ozodlikka yozdi:

“Men Surxondaryo viloyat, Sho‘rchi tuman DSENMdan yozyapman. Bizni qishloqlardagi go‘ng zaxirasini aniqlashga majburan yuborishyapti. Bu adolatdanmi, axir davlat shifokorlarni qaerda qancha go‘ng borligini aniqlash uchun o‘qitmaganku?!”, deb yozdi shifokorlardan biri.

Ozodlik Sho‘rchi tuman DSENMida ishlaydigan boshqa bir shifokor bilan bog‘langanida, u va ikki sherigi uzoq qishloqlardan birida 20 tonna go‘ng borligini aniqlab kelganini aytdi:

“E, nimasini aytasiz! Asosiy ishimiz qolib, qaerda qancha go‘ng bor ekan deb axtarib yuribmiz. Bu hammasi ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas. Masalan, biz, o‘sha qishloqqa borib fermerlarni topamiz va qancha go‘ngi borligini so‘raymiz. U ham falon tonna deydi. Albatta, biz uni tortib ko‘rish imkoniyatimiz yo‘q, ha shuncha ekan, deb yozib qo‘yamiz. Keyin aholining uylariga kirib so‘raymiz. Bunaqa ahmoqona ishning kimga keragi bor, biz ham tushunmaymiz”, dedi shifokor.

Uning aytishicha, shifokorlar qishloqlarga o‘z yonlaridan xarajat qilib, taksida borib kelishga majbur:

“Qishloqlar markazdan 8-10 kilometr masofada joylashgan. Avtobus yurmaydi. Taksida borib, taksida qaytamiz. Agar idoramizda qariyb 70 kishi ishlasa, 10 ga yaqin 2-3 kishilik guruhlar tashkil qilingan. Biz asosiy ishimiz qolib, go‘ng axtarib yurishga majbur bo‘lyapmiz. O‘tgan yil ham xuddi shunday bo‘lgan edi, lekin bu haqda Ozodlik yozganidan so‘ng darhol to‘xtatishgan va shifokorlar asosiy ishiga qaytgan edi. Bu yil yana boshlashdi”, deydi shifokor.

Ozodlik Sho‘rchi tuman DSENM bosh shifokori Musurmon Eshqobilov bilan bog‘lanishga bir necha bor urinib ko‘rdi. Lekin bosh vrach doim qo‘ng‘iroqqa javob bermay, o‘chirib qo‘yaverdi.

O‘tgan yilning fevral oyida Sho‘rchi tuman DSENM bosh shifokori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Musurmon Eshqobilov xodimlarni go‘ngni hisobga olishga safarbar etilganini Ozodlik bilan muloqot chog‘ida tan olgan edi:

“Go‘ng masalasi bu respublikaniki, hukumatniki. Fermerlarga yaqindan yordam berish, go‘ng zaxiralarini yaratish, shu bo‘yicha yordam beryapmiz. Odamlarimiz uyma-uy yurib sanitariya holatini, tozaligini aniqlaydi, chiqindi va go‘nglarni bu yoqqa chiqarib beringlar deb, tushuntirish ishlari olib boradi", degan edi bosh shifokor o‘rinbosari Musurmon Eshqobilov 2017 yilning 1 fevralida Ozodlikka bergan intervyusida.

Musurmon Eshqobilov bu topshiriq tuman hokimi tomonidan berilganini ham aytgan edi.

Ozodlik Sho‘rchi tuman hokimligi bilan bog‘lanib, bu masalaga izoh olmoqchi bo‘ldi. Biroq, hokim yordamchisi hokim Botir Alimov selektor yig‘ilishida ekanligini aytib, bu masaladan umuman xabari yo‘qligini aytdi.

O‘zbekistonda shifokor va o‘qituvchilarning obodonlashtirish va dala ishlariga jalb qilinishi doim inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari tomonidan tanqid qilib kelinadi.

O‘zbekistondan bir qancha viloyatlar hokimlari o‘tgan yil paxta mavsumi oldidan o‘qituvchi va shifkorlarni terimga jalb etmaslik haqida va’da ham bergan edi.

Lekin, terim boshlanganidan so‘ng, aksariyat viloyatlarda o‘qituvchi va shifokorlar paxta terimiga chiqarildi.

2016 yilning iyul oyida ham Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani DSENM xodimlari uyma-uy yurib aholidan go‘ng yig‘ishga safarbar etilgan edi.

2015 yilning mart oyida Namangan viloyati Uychi tumanidagi maktablar o‘quvchilariga bir qopdan go‘ng olib kelish majburiyati yuklangan edi.

XS
SM
MD
LG