Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:35

O‘zbekiston IIV propiska tizimi to‘liq bekor qilinmasligini bildirdi


Ichki ishlar vaziriligining (IIV) fuqarolikni rasmiylashtirish va migratsiya bosh boshqarmasi hozircha O‘zbekistonda propiska tizimi to‘liq bekor qilinmasligini ma’lum qildi. Gazeta.uz saytining xabar qilishicha, IIV rasmiylari viloyatlar orasida "rivojlanish balansi" tenglashmaguncha propiskadan voz kechish imkonsiz, deya izoh bergan.

Gazeta.uz sayti xabari ko‘ra, respublika IIVning fuqarolikni rasmiylashtirish va migratsiya bosh boshqarmasi rahbari Ulug‘bek Toshxo‘jaev va boshqa rasmiylar ishtirokidagi brifing Toshkentdagi "Taraqqiyot strategiyasi" markazida 12 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan.

Brifingda jurnalistlar savollariga javob bergan IIV mulozimi Ulug‘bek Toshxo‘jaev respublikada propiskadan butunlay voz kechish uchun "katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilishi zarur"ligini aytgan.

Mulozimga ko‘ra, barcha viloyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli o‘zaro tenglashgan taqdirdagina propiskani to‘liq bekor qilish mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, IIV Bosh boshqarmasi rahbari mamlakatda joriy etilishi kutilayotgan xorijiy pasport va ID-karta borasidagi savollarga ham javob bergan.

O‘tgan haftada O‘zbekiston hukumati tomonidan jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturi loyihasida 2018 yilning 1 aprelidan doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish tartibini soddalashtirish, o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlarini ta’minlash nazarda tutilgan.

IIV mulozimi Ulug‘bek Toshxo‘jaevga ko‘ra, hozirda ishlab turgan tartib aholi uchun noqulaylik tug‘dirayotgani bois, uni yengillatish uchun hozirlik bormoqda.

"Hozir ijara shartnomasiga asoslanib, vaqtincha propiskaga qo‘yish tartibi ishlab turibdi. Ammo, bu qog‘ozbozlik,vaqt va mablag‘ning ortiqcha sarflanishiga olib kelmoqda. Bu borada fuqarolar uchun yengilliklar kiritiladi", deya iqtibos keltirdi mulozimdan Gazeta.uz sayti.

Bundan tashqari, IIV rasmiylari hozirda xorijiy pasport va ID-karta bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilayotgani ham ma’lum qilganlar.

IIV Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasiga ko‘ra, O‘zbekiston ichkarisida ID-kartadan foydalanish taklifi aholidan kelib tushgan.

"Bu aholining taklifidir. Biz xorijiy pasportni 48 sahifalik qilish va uni 10 yillik muddatga berishni taklif qilganmiz. Xorijiy pasportga propiska muhrini urmaslik, oilaviy ahvolini ko‘rsatmaslik va hokazo jihatlar rejalangan edi. Faqat viza uchun sahifalar bo‘lishi rejalangan edi. Hozircha, bu borada aniq qaror yo‘q, aholi takliflarini o‘rganib chiqayapmiz", deya iqtibos keltiradi IIV boshqarmasidan Gazeta.uz Internet nashri.

Joriy hafta boshida 2018.strategy.uz saytida aholi muhokamasi uchun taqdim etilgan davlat dasturi loyihasida O‘zbekistonda joriy etilgan biometrik pasportni 2018 yil 1 iyulidan xorijga chiqish pasporti sifatida tan olinishi rejalashtirilayotgani qayd etilgan.

O‘zbekiston ichkarisida foydalanish uchun esa aholiga shaxsni tasdiqlovchi identifikatsiya kartalari - ID-kartalari joriy etilishi taklif qilingan.

Bu boradagi prezident farmoni shu yilning 20 aprelida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Ozodlik radiosi avvalroq prezident Mirziyoev 2017 yil 16 avgustda imzolagan farmonga binoan 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab xorijga chiqish stikerlari bekor qilinishi va xorijga chiqish pasporti joriy qilinishi to‘g‘risida xabar bergan edi.

O‘zbekistonda o‘tgan yili iyulidan boshlab, Toshkentga viloyatdan kelganlarga, xorijliklarga va vatandoshligi yo‘q shaxslarga poytaxtdan uy sotib olishga rasman ruxsat berilgan.

Bu boradagi qaror 19 iyul kungi hukumat qarorida belgilanishicha, viloyatlardan kelganlar poytaxtda yangi qurilgan yoki qurilayotgan uylardan eng kam ish haqining 2500 darajadagi ko‘rsatkichiga teng bo‘lgan narxda uy sotib olgan taqdirda Toshkentga propiskaga qo‘yiladi.

Xorij vatandoshlariga yoki vatandoshligi yo‘q shaxslarga esa mamlakatda yashash ruxsatnomasi bo‘lgan taqdirda Toshkentda yangi qurilgan uylardan 150 ming dollardan kam bo‘lmagan narxdagi uylarni sotib olishiga ruxsat beriladi.

Bunga qadar Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan faqat Prezident devoni, Oliy Majlis, MXX, Vazirliklar, Davlat qo‘mitalari va qonun tomonidan sanab o‘tilgan 59 ta tashkilot xodimlari; Toshkentda doimiy ro‘yxatda turgan fuqaroning turmush o‘rtog‘i yoki eng yaqin qarindoshlarigagina “propiska”dan o‘tish huquqi berilgan edi.

Toshkentda doimiy ro‘yxatda turmaganlarga poytaxtda uy sotib olish huquqi berilmagan edi.

XS
SM
MD
LG