Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:26

Qirg‘izistondan o‘g‘irlanib, O‘zbekistonda 6 yilga kesilgan faol 12 yilda qamoqdan chiqdi


Qamoqdan ozod qilingan Isroiljon Xoldorov(chapda) o‘z uyida Saidjahon Zaynobiddinov bilan. 2018, 22 fevral
Qamoqdan ozod qilingan Isroiljon Xoldorov(chapda) o‘z uyida Saidjahon Zaynobiddinov bilan. 2018, 22 fevral

21 fevralda jazoni o‘tash muassasasidan ozodlikka chiqarilgan 67 yashar andijonlik Isroiljon Xoldorov, O‘zbekiston ma’murlariga ko‘ra, “2006 yil iyun oyida o‘z ixtiyori bilan kelib, o‘zini viloyat xavfsizlik xizmati qo‘liga topshirgan”.

Lekin Andijon voqealaridan keyin boshlangan hukumat bosimlaridan qochib, O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan va Isroiljon Xoldorov bilan birga O‘shda jon saqlab turgan yana bir faolning aytishicha, Xoldorov bundan 12 yil muqaddam MXX xodimlari tomonidan Qirg‘izistondan o‘g‘irlab ketilgan edi.

Қирғизистондан ўғирланиб, Ўзбекистонда 6 йилга кесилган фаол 12 йилда қамоқдан чиқди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:25 0:00
Бевосита линк

“Birlik” xalq harakati faoli, “Erk” demokratik partiyasi a’zosi, andijonlik Isroiljon Xoldorov 21 fevral kuni jazo o‘tash muassasidan ozod qilingani to‘g‘risida Ozodlikka sobiq mahbus bilan uning uyida 22 fevral kuni uchrashgan andijonlik huquq faoli Saidjahon Zaynobiddinov xabar qildi.

Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimidagi 64/68-sonli manzil koloniyadan ozod etilgan Xoldorov 2006 yil yozida Qirg‘izistonning O‘sh shahrida qo‘lga olinib, O‘zbekiston sudi tomonidan 2007 yilning boshida 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va keyinchalik jazo muddati 3 marta uzaytirilgan.

Xoldorov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilganlikda, noqonuniy diniy ekstremistik tashkilotga a’zolik yoki uni tuzganlikda, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatganlik va davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda aybdor, deb topilgan.

22 fevral kuni Isroiljon Xoldorov bilan uning uyida ko‘rishgan Saidjahon Zaynobiddinov bunday dedi:

- 21 fevral kuni Isroiljon Xoldorov jazo o‘tagan manzil koloniyadan telefon qilishib, u kishining ozod qilinganini aytishibdi. Bugun erta tongda uyiga kirib keldi. Ko‘rishdim. Sog‘ligi yaxshi, ruhi tetik, - dedi andijonlik huquq faoli.

Isroiljon Xoldorovning o‘zi yoki uning oilasi bilan bog‘lanishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Ozod qilingan siyosiylar 10 dan ortdi

Isroiljon Xoldorov Islom Karimovning o‘limidan so‘ng qamoqlardan ozod qilingan, mahalliy va xalqaro inson huquqlari himoyachilari “siyosiylar”, deb hisoblaydigan mahkumlardan navbatdagisidir.

Shu paytgacha o‘ndan ziyod jurnalist, siyosiy partiyalar faollari va inson huquqi himoyachilari qamoqdan chiqarildi. Ular orasida Muhammad Bekjon, A’zamjon Farmonov, Solijon Abdurahmonov, Bobomurod Razzoqov, G‘anixon Mamatxonov, A’zam Turg‘unov, Rustam Usmonov, Samandar Qo‘qonov, Erkin Musaev, Botirbek Eshqo‘ziev, Bahrom Ibrohimov, Davron Qobilov, Davron Tojiev va Muhammadali Qoraboevlar bor.

Andijon - O‘sh - Andijon - qamoq Yoki prokuraturaning yolg‘oni

Isroiljon Xoldorov O‘zbekistonni 2005 yil, 13 may voqealaridan keyin tark etishga majbur bo‘lgan edi. Lekin u Andijonda namoyishchilarga qarshi o‘q otilganidan so‘ng qochishga majbur bo‘lgan va keyinchalik G‘arb davlatlaridan boshpana olgan 500 dan ziyod andijonlik orasida bo‘lmagan.

Yana bir muxolifatchi, hozirda Kanadada yashayotgan 72 yashar Abdujalil Rustamovning aytishicha, Andijon voqealaridan so‘ng quvg‘indagi “Birlik” va “Erk” partiyalarining O‘zbekistonda qolgan faollariga qarshi bosimlar kuchaygan va u 2005 yilning yozida Qirg‘izistonga qochib o‘tgan. “Mendan bir necha kun keyin O‘shga Isroiljon ham kelgan edi”, deb esladi Rustamov 22 fevral kuni.

Ko‘p o‘tmay Isroiljon Xoldorov O‘shda yo‘qolib qoladi va keyinroq (2006 yilning iyulida) uning O‘zbekistonda hibsda ekani ma’lum bo‘ladi.

2007 yilning fevralida Isroiljon Xoldorov 6 yilga ozodlikdan mahrum qilinganidan so‘ng Ozodlikka gapirgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Vasila Inoyatova Xoldorov bo‘yicha prokuraturadan olingan javob to‘g‘risida bunday degan edi.

“Bizning bu borada O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yo‘llagan murojaatimizga Andijon prokuraturasidan javob keldiki, I.Xoldorov 2006 yil iyun oyida o‘z ixtiyori bilan kelib, o‘zini viloyat xavfsizlik xizmati qo‘liga topshirgan”, degan edi bundan 11 yil muqaddam Vasila Inoyatova.

22 fevral kuni Saidjahon Zaynobiddinov ham Isroiljon Xoldorov ishida xuddi shu gap qayd etilganini aytdi.

Biroq 2006 yili Xoldorov bilan birga O‘shda jon saqlab turgan Abdujalil Rustamovning 22 fevral kuni Ozodlikka aytishicha, Xoldorov O‘shdan O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan edi.

- Isroiljon o‘zi borgan emas Andijonga. Qirg‘iziston ichki ishlari xodimlari uning har bir qadamini kuzatib yurgan. Biz O‘shda bir qahvaxonani ijaraga olib ishlar edik. Militsiya xodimlari har kuni kelar edi. Oxir-oqibat ular Isroiljonni ushlab O‘zbekistonga o‘tkazib berishdi. Yashab turgan kvartirasidan kechasi olib chiqib ketishgan, - dedi Abdujalil Rustamov.

Uning aytishicha, Isroiljon Xoldorov uyi militsiya xodimlari tomonidan tintuv qilinganidan so‘ng O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan edi.

Siyosiy motivlar bilan qamalgani aytiladigan mahbuslar bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib kelayotgan inson huquqlari himoyachilariga ko‘ra, Isroiljon Xoldorovning 6 yillik jazo muddati 3 marta uzaytirilgan.

Xoldorov o‘sha muddatlarning hammasini o‘tab bo‘lib chiqdimi yoki muddatidan oldin ozod qilindimi – buni aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

Har holda, Isroiljon Xoldorov Saidjahon Zaynobiddinov orqali ozodlikka chiqarilgani uchun prezident Shavkat Mirziyoev¸ qolaversa¸ xalqaro va mahalliy huquq faollariga minnatdorchilik bildirgan.

XS
SM
MD
LG