Линклар

Шошилинч хабар
25 июн 2018, Тошкент вақти: 01:32

Amerika Qo‘shma Shtatlarining bildirishicha, Damashqning urushdan vayron bo‘lgan tumanida janglar davom etmoqda va odamlar qurbon bo‘lmoqda. Vaholanki, Rossiya Sharqiy G‘utada gumanitar otashkesimni ta’minlashni zimmasiga olgan edi.

– Suriya rejimi hamda uning Rossiya va Eron singari dastaklovchilari BMT Xavfsizlik Kengashining otashkesimga da’vatiga qaramay, Damashqning aholi eng zich yashaydigan Sharqiy G‘uta tumaniga hujumni davom ettirmoqda, – deb yozdi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Hizer Noyert Tvitterda 26 fevral kuni.

Uning fikricha, agar Rossiya BMTning otashkesim to‘g‘risidagi qaroriga binoan olgan majburiyatlariga amal qiladigan bo‘lsa, ushbu amaliyotlarni to‘xtatish uchun ta’sir kuchini ishga solishi kerak.

Oq uy matbuot kotibasi Sara Sanders ham Suriyadagi hujum amaliyotlarini “zudlik bilan to‘xtatish”ga da’vat qildi.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu 26 fevralda prezident Vladimir Putin G‘utada 27 fevraldan boshlab mahalliy vaqt bilan soat 9 dan 14 ga qadar “gumanitar tanaffus” qilishga buyruq berganini ma’lum qildi.

Shoyguga ko‘ra, olov domida qolayotgan hududdan oddiy aholi chiqib ketishi uchun gumanitar koridor ochiladi.

Rossiyaning Suriyadagi rasmiysi Yuriy Yevtushenkoning aytishicha, Rossiya har kuni ta’minlashni rejalashtirayotgan besh soatlik tanaffus vaqtida Suriya hukumat qo‘shinlari havodan hech qanday zarba bermaydi.

BMT ham, Yevropa mamlakatlari ham Rosiyani besh soatlik tanaffus vaqtini cho‘zishga chorlamoqda.

BMT bosh kotibi Antonio Guterresh 26 fevral kuni Jeneva shahrida ushbu tashkilotning Inson huquqlari masalalari bo‘yicha sessiyasi ochilishi marosimida Sharqiy G‘utadagi voqealarga o‘z munosabatini bildirdi:

– Men mojaroning barcha ishtirokchilariga tinch aholini va fuqarolik infratuzilmalarini himoya qilishga oid gumanitar va inson huquqlari to‘g‘risidagi qonunlarga asosan mutlaq majburiyati borligini eslatib o‘tmoqchiman. Yana shuni ham aytmoqchimanki, terrorchilikka qarshi kurash hech kimni ushbu majburiyatlardan xalos etmaydi.

BMTning 30 kunlik otashkesim xususidagi qarori 24 fevral kuni qabul qilindi. Bunga inson huquqlari faollarining Sharqiy G‘utani qamal qilish jarayonida bir necha kun ichida 500 dan oshiq kishi o‘ldirilgani haqidagi ma’lumotlari sabab bo‘ldi.

Qarorgohi Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlari guruhiga ko‘ra, 26 fevral kuni - isyonchilar nazoratidagi hududda xlorin gazi qo‘llangani to‘g‘risida gap-so‘zlar tarqalgandan bir kun o‘tib, kamida 9 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi.

Rossiya bilan Eron Suriyada yetti yildan beri davom etayotgan urush davomida Bashar Asad hukumatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Urush hukumat tinch namoyishchilarni shafqatsizlik bilan bostirgandan so‘ng boshlangan edi.

BMT qarorida taklif etilayotgan otashkesim Islom davlati, “Al-Qoida” va “Jabhat un-Nusra” singari jihodchi tashkilotlarga nisbatan qo‘llanmasligi ko‘zda tutilgan. “Jabhat un-Nusra” jangarilarining aksariyati Sharqiy G‘utada istiqomat qiladi.

Suriya hukumati kimyoviy qurollarni ishlatganini inkor qilib keladi. Biroq BMT tergovi chog‘ida bunday qurollar ko‘p marta ishlatilgani isbotlangan.

XS
SM
MD
LG