Линклар

Шошилинч хабар
15 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:30

Toshkentni titratgan prokuror Mirag‘lam Mirzaev va oilasi qo‘lga olindi


Ozodlikka Ichki ishlar mutasaddilaridan kelgan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari, adliya katta maslahatchisi 68 yashar Mirag‘lam Mirzaev (laqabi Antibiotik) ustidan jinoiy ish ochilgan.

IIV mulozimlaridan birining Ozodlikka bildirishicha¸ Mirzaev ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i¸ 42 yashar Abdurashid Mirzaev (Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li)¸ Toshkentdagi “Yunusobod advokatlar kollegiyasi” rahbari Muhabbat Hasanova ( laqabi Kardinal - Mirag‘lam Mirzaevning xotini) hibsga olingan.

Mirag‘lam Mirzaevning Toshkentdagi "sentr Lunacharskiy"dagi qo‘shnisi Ozodlik bilan suhbatda “bir vaqtlar qudratli bo‘lgan prokurorning uyidan 23 fevral kuni qora niqoblilar boshiga yopinchiq tashlangan bir necha odamning olib ketilganiga shaxsan o‘zi guvoh bo‘lganini bildirdi.

"Mahallada qiy-chuv bo‘lib ketdi. Borsak¸ avtobuslarda kelgan qora maskalilar "Antibiotik"ning hovlisini o‘rab olgan ekan. Hovlini bosganlar tezlik bilan bir necha odamni boshiga plashga o‘xshagan narsa tashlab¸ qo‘liga kishan solgan ahvolda olib chiqib ketishdi. Yopinchiq tagidagilar kimligini aniq bilmayman¸ ammo mahalladigilarga ko‘ra¸ Mirag‘lamning o‘zini ham olib ketishgan"¸ dedi Toshkentning boylar mahallasi deb tanilgan mavzesida yashovchi tadbirkor.

Aytilishicha¸ Mirag‘lam Mirzaev¸ pensiyaga ketkizilganidan ko‘p o‘tmay¸ "insult bo‘lib yotib olgan". Ammo Ozodlik gaplashgan mulozimlarga ko‘ra¸ bunday tashxis rasman tasdiqlanmagan va uning qo‘lga olinishiga to‘sqinlik qilmagan.

Ozodlik suhbatlashgan Toshkent huquq tizimi mulozimlaridan biri Mirag‘lam Mirzaevning ukasi Mira’zam Mirzaevning o‘g‘li¸ MXXning Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Mansur Mirzaev ustidan ham jinoiy ish ochilganini bildirdi. Mansur Mirzaevning otasi Mira’zam Mirzaev Toshkent viloyat Ichki ishlar boshqarmasida uzoq yillar rahbar muovini sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Hozircha Ozodlik Mirzaevlarga qo‘yilayotgan ayblov va ularni hibsda saqlash haqidagi harbiy sud ajrimini bevosita ko‘rgani yo‘q. (Bunday hujjat sizda bo‘lsa¸ ular nusxasini Ozodlikka yuborishingiz mumkin.)

Respublika harbiy prokuraturasi va Bosh prokuraturaning Ozodlik bog‘langan muxbiri 1 mart kuni bog‘langan rasmiylari "bu xabarni na inkor qilamiz va na tasdiqlaymiz" degan ayni mazmundagi javob bilan cheklandi.

IIV mulozimining Ozodlikka bildirishicha¸ Mirag‘lam Mirzaev va xotini Muhabbat Hasanova 22 fevral kuni hibsga olingan sobiq Bosh prokuror Qodirov ustidan olib borilayotgan tergov amaliyotlari doirasida ushlangan. (Bosh prokuratura matbuot xizmati 24 fevral kuni Qodirovning 23 fevral kuni hibsga olinganini xabar qilgan edi.)

Qodirov ishi doirasida ayni 23 fevral kuni Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari¸ 45 yashar adliya polkovnigi Ulug‘bek Sunnatov¸ prezident Karimovning davlat maslahatchisi¸ Toshkent viloyatining sobiq prokurori, adliya katta maslahatchisi Jamshid Fayziev kabi bir necha sobiq mulozim ham qo‘lga olingan va tergovga tortilgan.

Bu ishlar yuzasidan Ozodlikka ma’lumot sizdirgan IIV mulozimining o‘z tasarrufidagi hujjatlarga asoslanib aytishicha¸ Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li Abdurashid va jiyani Mansur Mirzaevlar respublika harbiy prokuraturasi so‘roviga ko‘ra ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan.

Uning aytishicha¸ Mirzaevlar oilasi "Jinoyat Kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210-moddasi (Pora olish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinmoqda.”

Toshkentdagi “Yunusobod advokatlar kollegiyasi”ning o‘z ismi aytilishini istamagan xodimi 1 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda “Kardinal opani (Muhabbat Hasanova nazarda tutilmoqda - tahr.) erkaklar bayrami kuni qora niqoblilar qo‘liga kishan solib olib ketgan”ini bildirdi.

Muhabbat Hasanova mana shu ofisda ishlagan.
Muhabbat Hasanova mana shu ofisda ishlagan.

Rasman Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlaganiga qaramay¸ amalda butun prokuratura tizimini boshqaruvchi “o‘zgarmas va qudratli” shaxs sifatida nom chiqargan Mirag‘lam Mirzaev prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 9 fevral kungi selektor yig‘ilishida IIV va prokuratura tizimlarini tanqid qilganidan bir necha kun o‘tib ishdan olingan edi.

Mirzaevning xotini Muhabbat Hasanova¸ Ozodlik gaplashgan mulozimlarga ko‘ra¸ O‘zbekiston MXXning sobiq raisi¸ general Rustam Inoyatovning xotini Flora Inoyatovaning yaqin do‘sti va qarindoshidir.

Kuzatuvchilar¸ Mirzaevlar sulolasining uzoq yillar davomida tadbirkorlarni ayovsiz qaqshatib kelgani ularning aynan Inoyatovlar bilan yaqinligi bois jazosiz qolganini aytishadi.

Qo‘shnilarga ko‘ra¸ Mirag‘lam Mirzaevning hovlisi Rustam Inoyatov bilan bitta mahallada joylashgan.

"Sprut" changaliga tushgan doktor hikoyasi

Ozodlik suhbatlashgan huquq tizimi rasmiylari “Mirzaevlar oilasining tadbirkorlarni qaqshatgan yirtqichlar to‘dasi bo‘lgani va bu to‘daning hibs qilinganidan qoniqish his qilganini” bildirdilar.

Mirag‘lam Mirzaev prokuratura¸ MXX¸ IIV va advokatura tizimida shakllantirgani iddao qilinayotgan “oilaviy mafiya” changaliga tushgan tadbirkorlardan biri Toshkentda xususiy klinika ochganidan so‘ng tanilgan vrach.

Mirzaev guruhi tomonidan klinikasi yo‘q qilingan bu tadbirkor¸ o‘zini “yaxshigina yo‘taltirish” jarayonida “oilaning barcha a’zosi" ishtirok etganini aytadi:

- Oldin ugroza qildi¸ klinikani olaman deb. Keyin doktor o‘g‘limni Mirag‘lamning jiyani Mansur shantaj bilan qo‘lga oldi. Toshkent viloyatida tutib olib urib¸ MXX xodimiga razboyniy napadenie qildi¸ deb rasmiylashtirdi. Keyin menga Muhabbat Hasanova degan advokatga borsangiz¸ hal qilib beradi¸ deyishdi. Mirag‘lam problema qilsa¸ xotini "yechib berar ekan". Muhabbat opa esa borib Abdurashidni rozi qiling dedi. (Mirag‘lamning o‘g‘li) Abdurashidga 10 ming dollar bersam¸ olib tortmaga bepisand otvordi. "Nima¸ anavi postda turgan ryadovoyga beradigan pulni berayapsan menga" deb haqorat qildi. Bilsam¸ Muhabbat opaning eshigidan hatlash 50 ming dollardan boshlanar ekan. Bor-yo‘g‘imni sotib ularga bersam ham¸ pulimni ham olishdi¸ o‘g‘limni ham qamatishdi¸ deydi shaxsi ochiqlanishini istamagan tadbirkor.

Ayni paytda Ozodlik Mirag‘lam Mirzaevlar oilasi tarafidan qaqshatilgan tadbirkorlar haqida ma’lumot yig‘moqda.

Siz bu jarayonga bevosita aloqador bo‘lsangiz¸ o‘zingiz yoki yaqinlaringiz bevosita Mirzaev va uning guruhi ta’qib-tazyiqiga uchragan bo‘lsa¸ marhamat¸ tafsilotlarni Ozodlik bilan o‘rtoqlashing.

XS
SM
MD
LG