Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:04

Sobiq Bosh prokuror Qodirov ustidan yarim milliard dollarlik da’vo arizasi berildi (AUDIO)


O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov (1-qator¸ o‘rtada)2014 yil 8 oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro yig‘inga raislik qilmoqda.
O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov (1-qator¸ o‘rtada)2014 yil 8 oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro yig‘inga raislik qilmoqda.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165, 205, 210-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib¸ hibsda qolayotgan sobiq Bosh prokuror Rashidjon Qodirov va uning oilasiga qarashli ekani aytilayotgan Toshkentdagi biznes tizimlarida Bosh prokuratura maxsus guruhi keng qamrovli taftish o‘tkazmoqda; ularga tegishli mol-mulk xatlanmoqda. Borayotgan tergov amaliyotlari davomida hozirga qadar sobiq Bosh prokurordan jabr ko‘rganlardan umum qimmati yarim milliard AQSh dollariga teng da’vo arizalari olingan.

Bu taftishlar haqida Ozodlikka ma’lumot bergan IIV mulozimiga ko‘ra¸ Qodirov ishi doirasida Infinbank¸ Flagman savdo tarmog‘i va Davlat bojxona qo‘mitasida tekshiruv bormoqda.

Bu keng ko‘lamli tekshiruvlar haqidagi ma’lumotni Ozodlik suhbatlashgan boshqa rasmiylar ham tasdiqladi.

Ularga ko‘ra¸ tekshiruvlar jarayonida Qodirovlarga oid ekani aytiladigan Flagman savdo tarmog‘i boshqaruvchisi¸ davlat omborxonalarini noqonuniy ravishda Qodirovlar biznesiga berib qo‘yganlikda ayblanayotgan bojxona qo‘mitasi mulozimi hibsga olingan¸ uning pullarini "yuvib berganlikda gumonlanayotgan" Infinbank egasi esa so‘roq qilinmoqda.

"Infinbank egasi" Qodirov pulini yuvganlikda gumonlanmoqda

O‘zbekiston bank tizimida ishlovchi mulozimning Ozodlik bilan suhbatda bildirishicha¸ Toshkentdagi Infinbank “egasi” Farhod Mamajonov sobiq prokuror Rashid Qodirov “pulini yuvganlikda” gumon qilinmoqda.

Farhod Mamajonov qo‘lida ishlab¸ uning ishlaridan bevosita xabari borligini iddao qilgan tadbirkorning Ozodlikka aytishicha¸ Infinbank sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov pul mablag‘larini aylantirish bilan shug‘ullanib kelgan. Unga ko‘ra¸ Farhod Mamajonov Infinbank 2007 yilda tashkil etilgan vaqtdan boshlab uning norasmiy egasidir.

(Ayni paytda¸ Infinbank rasmiy saytida Mamajonov ismi-sharifi na bank boshqaruvi va na uning kengashi a’zolari ro‘yxatida bor.)

Rasman bank egasi sifatida nomi hech qaerda qayd qilinmaganiga qaramay¸ Infinbankning Ozodlik muxbiri 2 mart kuni gaplashgan mulozimi uning Mamajonovga qarashli ekani haqidagi xabarni tasdiqladi.

“Farhod Mamajonov bankning egasi bo‘ladi¸ u kishi hozir Toshkentda prokuraturaga guvoh sifatida so‘roqqa qatnab yuribdi. Lekin bank standart rejimda ishlamoqda¸" - dedi Infinbank vakili 2 mart kuni.

Ochiqdami yoki hibsda?

Farhod Mamajonovning keyingi taqdiri borasida Toshkentdagi mulozimlardan Ozodlikka bir-biriga zid ma’lumot kelmoqda.

Infinbank va Toshkentdagi boshqa tijoriy bank xodimlarining 2 mart kuni Ozodlikka bildirishicha¸ “Mamajonov Qodirov ishida guvoh sifatida figurant bo‘lgani holda¸ shaharni tark etmaslik sharti bilan ochiqda yuribdi”.

O‘zini Infinbank mijozi deb tanishtirgan qozog‘istonlik tadbirkor iddaosiga ko‘ra¸ “Mamajonov sobiq prokuror Qodirov pullarini yuvishda gumonlanib hibsga olingan va IIV yerto‘lasida so‘roqqa tutilmoqda”.

Ozodlikda bu ikki iddaoni rad qiladigan ëki tasdiqlaydigan rasmiy hujjat hozircha yo‘q.

"Qodirovga da’vo summasi - 500 million dollar"

Bir-biridan mustaqil Toshkent mulozimlariga ko‘ra¸ tergov davomida Farhod Mamajonov Infinbank orqali “Qodirov o‘g‘irlagan pullarni davlatga qaytarishga “majburlangan.

Infinbank sobiq xodimining Ozodlikka aytishicha¸ bu pullar Dubay va Riga banklari orqali Shveysariyadagi hisoblarga o‘tkazilgan.

IIV tizimida ishlaydigan mulozimning Ozodlikka 3 mart kuni bildirishicha¸ Qodirovga “ sovg‘a yoki pora berishga majbur bo‘lgan” tadbirkorlardan shu kunlarda Bosh prokuratura tergovchilari da’vo arizalari yozdirib olmoqda.

Mulozimning o‘z tasarrufidagi ma’lumotlarga tayanib iddao qilishicha¸ da’vo arizalarida ko‘rsatilgan summa yarim milliard dollarga yaqinlashgan.

“Da’vo arizasidagi summa qaytarilishini kafolatlash maqsadida Qodirov ustidan Jinoyat Kodeksining 165, 205, 210-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qodirovlar oilasiga tegishli mol-mulk xatlanmoqda¸" dedi bu mulozim. Xatlangan mulk orasida Qodirovga qarashli hovli va avtomobillar borligi aytilmoqda.

Ayni suhbatdoshning aytishicha¸ Qodirovlar oilasiga tegishli pul¸ mol- mulk Farhod Mamajonov va sobiq Bosh prokurorning o‘g‘li Alisher Qodirov tarafidan boshqarilgan.

IIV tizimida ishlaydigan mulozimga ko‘ra¸ shu kunlarda Moskvada yashirinib yurgan Alisher Qodirov (Rashid Qodirovning o‘g‘li)ga nisbatan IIV qidiruv e’lon qilgan.

Ayni paytda¸ 5 mart kuni vazirlik saytida qidiruvga berilganlar ochiq ro‘yxatida Alisher Qodirov nomi ko‘rinmadi.

Bojxona qo‘mitasidagi hibs

Ozodlikka 2 mart kuni ma’lum bo‘lishicha¸ joriy yilning 23 fevralida Bojxona qo‘mitasining sobiq boshliq o‘rinbosari Baxtiyor Rayimov Bosh prokuratura so‘roviga asosan hibsga olingan. Bojxona qo‘mitasida ishlaydigan mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ Rayimov respublika bo‘yicha Bojxona qo‘mitasiga oid omborlarning sobiq Bosh prokurorga oid biznes tizimlariga qonunsiz berib qo‘yganlikda gumon qilinmoqda.

Bojxona qo‘mitasi kadrlar bo‘limidagi mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ Rayimov 21 fevral kuni egallab turgan lavozimidan bo‘shatilgan. Rayimov qo‘mita raisining 1-o‘rinbosari sifatida Bojxona nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi, Bojxona tekshiruvlari va surishtiruvlari boshqarmasi va Huquqiy boshqarmalar faoliyatini nazorat qilgan.

Ushbu maqola ustida ishlanayotgan ayni kuni Ozodlikka prezident Mirziyoevning Bojxona qo‘mitasidagi o‘zgarishlar haqida yopiq majlisda aytgan gaplari yozilgan audio yetib keldi.

Aynan qaysi majlisda aytilgani ochiqlanmagan bu bayonotida prezident Muidjon Tohiriyning 1-o‘rinbosari Baxtiyor Rayimov ustidan jinoiy ish ochilganini aytadi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:53 0:00
Бевосита линк

Soat karuseli

IIVligida ishlaydigan mulozimga ko‘ra¸ o‘tgan hafta “Qodirovniki deb bilingan Flagman savdo tarmog‘ining “Habibullo podarochniy” deb tanilgan ish boshqaruvchisi qo‘lga olingan. Qodirov pullarini yuvgan bank egasi deya ko‘rilgan Farhod Mamajonov qo‘lida ishlagan tadbirkor iddaosiga ko‘ra¸ Flagman savdo tarmog‘ini Farhod Mamajonov tashkil qilib¸ ichini qimmatbaho mollar bilan to‘ldirib bergan.

"Aynan Farhod Toshkentning Navoiy ko‘chasida qimmat soatlar hamda Svarovskiy buyumlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlarni Qodirov oilasi uchun tashkil qilib berdi. Farhod prokuratura organlariga “ishi tushgan” fuqarolarga ushbu do‘konlarda sotiluvchi 100 000 dollarlik soatlarni Rashid Qodirovga “sovg‘a” sifatida berishni maslahat berib kelgan.Keyinchalik “sovg‘a” qilingan ushbu soatlar Farhod orqali do‘konlarda qayta sotuvga qo‘yilgan. Hattoki, ayrim qimmat soatlar 4-5 martagacha qayta sotilgan¸ deya iddao qiladi Farhod Mamajonov qo‘lida ishlagan tadbirkor.

Dubaydan qaytish

5 mart kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsuli Mansur Qilichev ham sobiq Bosh prokuror ustidan ochilgan jinoiy ishi doirasida Toshkentga so‘roqqa chaqirtirilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Ozodlik bilan suhbatda Mansur Qilichevning Dubaydan Toshkentga qaytib kelganini aytish bilan kifoyalandi.

Ozodlik 15 yil davomida O‘zbekiston Bosh prokurori bo‘lib ishlagan Rashidjon Qodirov ustidan ochilgan jinoiy ish jarayoniga oid tafsilotlarni o‘rganishda davom etadi.

Bu jarayonga oid ma’lumotlarni Ozodlik bilan o‘rtoqlashing!

XS
SM
MD
LG