Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:44

Jurnalistlar Dumani tark etmoqda, Jirinovskiy shilqimliqda ayblanmoqda


Leonid Slutskiy
Leonid Slutskiy

Rossiya Davlat Dumasining Odob-axloq masalalari komissiyasi, yetakchi deputatlardan birini kamida uch nafar jurnalist ayol shilqimlikda ayblagani tasdig‘ini topmadi, deb qaror chiqargandan so‘ng bir qator OAV mamlakat parlamenti quyi palatasidan jurnalistlarini chaqirib oldi.

Ayni damda “Nastoyashchee vremya” telekanali muxbiri Renat Davletgildeev veteran deputat va prezidentlikka eng ko‘p nomzod Vladimir Jirinovskiyni 2006 yili o‘ziga tegajog‘liq qilganlikda aybladi.

Ushbu OAVda shov-shov ko‘tarilgan voqealarning barchasida deputat va rasmiylarning go‘yo shilqimlik qilgani tilga olinadi. Shunisi bilan u Qo‘shma Shtatlardagi #MeToo harakatiga o‘xshab ketadi.

Rossiya OAV – ular orasida mashhurlari ham bor – mamlakat parlamenti quyi palatasi Davlat Dumasi faoliyatini yoritmaslik uchun u erda ro‘yxatdan o‘tgan jurnalistlarini chaqirib oldi.

Slutskiy oldinroq jurnalist ayollarga nisbatan qo‘pol va yarashiqsiz qiliqlar qilganlikda, ularni o‘pishga uringanlikda va nozik joylariga qo‘l yugurtirganlikda ayblangan edi.

Shilqimlik qurboni bo‘lgani aytilayotgan jurnalistlar Nьyu-Yorkda joylashgan RTVI telekanali bosh muharriri o‘rinbosari Yekaterina Kotrikadze, mustaqil “Dojd-TV” prodyuseri Darya Juk va Bi-Bi-Si muxbiri Farida Rustamovalardir.

Davlat Dumasining Odob-axloq masalalari komissiyasi 21 mart kuni Slutskiyni “axloq me’yorlari”ni buzmagan deb topdi.

Taniqli jurnalist, “Exo Moskvi” radiostansiyasi bosh muharriri Aleksey Venediktov radiostansiya jamoasining “parlament axloq-odob komissiyasi qaroridan hafsalasi pir bo‘ldi” va u “Davlat Dumasini jurnalistlar ishlashi uchun xavfsiz bo‘lmagan joy deb hisoblaydi”, deb aytdi.

RTVI telekanali jurnalistlarini Davlat Dumasidan chaqirib olishga qaror qilganini bildirdi. RBK axborot agentligi va “Dojd” internet telekanali ham shu taxlit bayonot bilan chiqdi. “Kommersant’” gazetasi bilan Lenta.ru sayti ham Slutskiy bilan barcha aloqalarni uzmoqchi ekanini ma’lum qildi.

“Govorit Moskva” radiostansiyasi muharriri Sergey Dorenko axloq-odob komissiyasi qarorini qoraladi hamda barcha jurnalistlarni ushbu deputatni boykot qilishga chaqirdi.

Sobiq jurnalist va Davlat Dumasidagi “Yedinaya Rossiya” partiyasi fraksiyasi a’zosi Oksana Pushkina ham OAV qarorini yoqlashini aytdi.

Davlat Dumasining Odob-axloq masalalari komissiyasi raisi Otari Arshba, uch nafar ayolning deputatni rasman ayblashi 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovi oldidan nifoq keltirib chiqarishga qaratilgan edi, dedi. Unga ko‘ra, komissiya Slutskiyga qarshi ayblovlarni “ma’lum shaxsga qarshi qaratilgan va rejalashtirilgan” deb baholadi.

LDPR partiyasini ancha vaqtdan beri boshqarib kelayotgan va 1993 yildan Davlat Dumasi deputati Vladimir Jirinovskiy 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan saylovda olgan ovozlari bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi.

50 yashar Slutskiy ham Liberal-demokratik partiyasi a’zosi va Dumaning Xalqaro aloqalar qo‘mitasi raisidir.

Slutskiy 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kunida Feysbuk orqali ayollardan kechirim so‘radi. Ammo shu bilan birga noqonuniy xatti-harakatlar qilmaganini aytib, obro‘sini to‘kmoqchi bo‘layotganlarni sudga berish bilan tahdid qildi.

Putin ma’muriyati rahbarining sobiq o‘rinbosari, Duma spikeri Vyacheslav Volodin oldinroq jurnalist ayollarga qarata, mabodo qonun chiqaruvchi organda ishlash “xavfli bo‘lsa”, ish joyingizni o‘zgartiring, deb aytgan edi.

Jirinovskiyga qo‘yilayotgan ayblovlar

Davletgildeev Feysbukdagi postida va “Nastoyashchee vremya” TVga bergan intervьyusida Jirinovskiy bilan bog‘liq noxush voqea ro‘y berganini iddao qildi. Aytishicha, o‘sha paytda u 20 yoshlarda bo‘lib, Gazeta.ru sayti topshirig‘i bilan “Miss Rossiya” go‘zallar tanlovini yoritayotgan edi.

U o‘shanda tanlov haqida Jirinovskiydan fikr so‘raganini aytarkan, "u javob berayotib, quymichimga qo‘l yugurtirdi, mening diktofon ushlab turgan qo‘llarim titrab ketdi”, dedi.

Keyinchalik yordamchilari yoki tansoqchilari jurnalistni Jirinovskiyning siyosiy partiyasiga tegishli saunaga taklif qilgan.

“Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi” va “Amerika ovozi” radiostansiyasi “Nastoyashchee vremya” TVga prodyuserlik qiladi.

“Nastoyashchee vremya” TV Jirinovskiyning o‘g‘li va partiya raisi o‘rinbosari Igor Lebedev bilan bog‘langanda, u jurnalist iddaosiga izoh berishdan bosh tortdi.

XS
SM
MD
LG