Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2021, Тошкент вақти: 12:57

General Parpievning polkovnik jiyanlaridan so‘ng “profsoyuz” ukasi va diplomat o‘g‘li ishdan olindi (VIDEO)


Генерал Парпиевнинг полковник жиянларидан сўнг “профсоюз” укаси ва дипломат ўғли ишдан олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:18 0:00

28 may kuni O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpievning Tashqi ishlar vazirligida ishlaydigan o‘g‘li hamda Andijon viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi boshlig‘i bo‘lgan ukasi vazifasidan ishdan bo‘shatildi.

General Parpievning ichki ishlar tizimida ishlaydigan polkovnik jiyanlari ishdan olingani to‘g‘risida Ozodlik 28 mayda xabar bergan edi.

Shunday qilib, Botir Parpievning 27 maydan boshlab birvarakayiga ishdan olina boshlagan turli yuqori lavozimlarda ishlaydigan yaqin qarindoshlari 4 kishiga yetdi.

Qodir Parpiev ishdan olindi

Andijon viloyat kasaba uyushmalari birlashmasi raisi bo‘lib ishlayotgan Qodir Parpievning ishdan olingani haqidagi mahalliy OAV xabarini tilga olingan birlashmaning ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi 29 may kuni Ozodlikka tasdiqladi:

“Ha, kecha birdaniga majlis qilishib, otaxonni pensiyaga chiqarishdi. Kutilmagan voqea bo‘ldi”, dedi mulozim.

Qodir Parpiev Botir Parpievning ukasi, 28 may kuni ishdan olingan Buxoro viloyat IIB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Anvar Parpievning otasidir.

Dilshod Parpiev ishdan olindi

Botir Parpievning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida ishlaydigan o‘g‘li Dilshod Parpiev ham 28 may kuni ishdan olindi. Vazirlikning shu kuni o‘z saytida e’lon qilgan xabariga ko‘ra, Dilshod Parpiev boshqarib turgan Konsullik-huquqiy departamentiga shu paytgacha O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib ishlagan Ulfat Qodirov tayinlangan.

Ozodlik yana bir Parpievning ishdan olingani to‘g‘risidagi xabar tasdig‘ini topmadi

Kun.uz sayti Botir Parpievning “Asaka” tijorat bankining Andijon viloyat filiali boshlig‘i bo‘lgan jiyani Zafar Parpiev ham ishdan olingani haqida yozdi, lekin bank ma’muriyati bu xabarni Ozodlikka tasdiqlamadi.

Shuhrat Parpiev 27 mayda ishdan olingan edi

Botir Parpievning Andijon shahri ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan polkovnik jiyani Shuhrat Parpiev 27 may kuni kechqurun vazifasidan bo‘shatilgan edi.

Anvar Parpiev 27 mayda ishdan olingan edi

Sobiq raisning Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlagan yana bir jiyani Anvar Parpiev ham 27 may kuni ishdan olinib, zudlik bilan Toshkentga chaqirtirilgan edi.

Bu xabarlarni har ikki viloyat ichki ishlar boshqarmasi mulozimlari tasdiqlagan.

Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, shuningdek, Shuhrat Parpiev va unga yaqin bo‘lgan odamlarning mol-mulkini "xatlash boshlanganini" qo‘shimcha qilgan.

"Parpievlar qudratli shaxslar bo‘lgan"

O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasini so‘nggi 14 yilda boshqarib kelgan kelgan 72 yashar general Botir Parpiev joriy yilning 11 mayida Prezident Mirziyoev tomonidan o‘z vazifasidan bo‘shatilib, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisi etib tayinlangan edi.

Andijonlik inson huquqi himoyachisi Saidjahon Zaynobiddinovning aytishicha, Parpievlar viloyatda eng qudratli oila hisoblangan va uning a’zolari bir qancha sohalarni nazorat qilgan:

- Haqiqatan Parpievlar qudratli shaxslar bo‘lgan. Men bir fuqaroning ishi bo‘yicha Andijon shahar IIB boshlig‘i bo‘lgan Shuhrat Parpievga murojaat qilgan edim. Uchastka noziri haydalib ketadigan darajada noqonuniy harakatlar qilgan. Biz bu haqda viloyat IIV va prokuroriga murojaat qilganimizda, ular biz tomonda bo‘lgan. Lekin ularning kuchi ham Shuhrat Parpievga yetmagan. Men bitta fuqaroning ishini deb, bitta kapitanni ishdan bo‘shatmayman degan. Shunaqa bir qudrati bor edi. Parpievlarning Andijondagi sarmoyasi ham katta. Qayga borsang Parpievga tegishli magazinlar, korxonalar, supermarketlar. Lekin to‘g‘risini aytish kerak, bular birovni qamatib yuboribdi, birovni qaqshatibdi, degan gaplarni eshitmaganman, deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

Botir Parpievning o‘zi...

Botir Parpiev 1946 yilda Andijon viloyatida, militsiya general-mayori Rahmat Parpievning oilasida tug‘ilgan.

1992-1996 yillarda Andijon viloyati IIB boshlig‘i, 1996-1998 yillarda O‘zbekiston IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, 1998-2002 – O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, 2002 yilning iyun oyidan dekabr oyigacha – O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri, 2002-2004 – O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan, 2003 yilda bojxona xizmati general-leytenanti unvonini olgan.

2004 yildan buyon Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan.

XS
SM
MD
LG