Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:58

Andijonda sveti tarmoqdan uzilgan odam MIB xodimini pichoqladi


Andijon viloyat, Andijon tumanida yashaydigan fuqaro 19 iyul kuni uyiga qarz undirishga kelgan Majburiy ijro byuro xodimini pichoqladi.

Orqasidan ikkita pichoq jarohati olgan MIB xodimi kasalxonaga yotqizilgan. Andijon shahar shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasidan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, xodimning ahvoli o‘rtacha og‘ir, deb baholanmoqda.​

Andijon tuman ichki ishlar bo‘limi mulozimi shunday vqoea bo‘lganini tasdiqladi va MIB xodimiga tan jarohati yetkazishda gumonlangan shaxs ustidan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

Andijon tumani Bo‘taqora qishlog‘ida yashaydigan, o‘zining "Damas" mashinasida kirakashlik bilan shug‘ullanadigan Yodgor Oxunov 19 iyul kuni uning uyiga qarz undirishga kelgan MIB xodimi Bahromni (MIB xodimi familiyasini aniqlash imkoni bo‘lmadi – tahr.) pichoqlaganlikda gumonlanib hibsga olingan.

Bu xabarni tasdiqlagan Andijon tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda ayblanayotgan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mulozim bu haqda boshqa ma’lumot berolmasligini aytdi.

Voqeaga guvoh bo‘lgan Bo‘taqora qishlog‘i mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, MIB xodimi elektrdan bo‘lgan qarzini undirish maqsadida Yodgor Oxunovning uyiga kelgan:

“Yodgorning elektrdan 500 ming so‘m qarzi borligi uchun uyini bir haftacha oldin elektrdan uzib ketishgan edi. 19 iyul kuni kechga yaqin Bahrom degan MIB xodimi undan qarzini undirishga kelgan. Bahrom uyida bo‘lmagan, MIB xodimi bilan janjal bo‘lganidan so‘ng, xotini uni telefon qilib chaqirgan. Bahrom janjalning ustiga yetib kelgan va MIB xodimi bilan sanu-manga borgan. Bahrom MIB xodimiga ikki marta orqasidan pichoq sanchib olgan. Biz borganda MIB xodimini qo‘ni-qo‘shnilar o‘zlarining mashinasida kasalxonaga olib ketishgan ekan. Keyin militsiya keldi, Bahromga naruchnik solib olib ketishdi”, deydi mahalla faoli.

Andijon shahar shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasidan Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, 19 iyul kuni kechqurun pichoqlangan MIB xodimiga jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Vrachlar uning ahvolini o‘rtacha og‘ir, deb baholamoqda.

O‘zbekistonda aholining MIB xodimlari bilan qarzdorlik masalasida janjallar bo‘lib turadi.

Jumladan, joriy yilning fevral oyida Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida Majburiy ijro byurosining Adhamjon Obidov va Baxtiyor Kamolov Chodak qishlog‘idagi Shamsiddin Hasanov xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha dalolatnoma yozayotganida, shu mahallada yashovchi Shavkatjon Yusupov mast holda “Senlar odamlardan pul talab qilyapsan”, deya Baxtiyor Kamolovning yuziga musht tushirgan. Mast holdagi vatandoshni ushlash uchun ichki ishlar xodimlari chaqirilgan.

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanining Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Bahrom Jo‘raevni 3 may kuni ishdan bo‘shatilgan xodimi Shavkat Ibratov pichoqlagan edi.

XS
SM
MD
LG