Линклар

Шошилинч хабар
15 август 2018, Тошкент вақти: 23:44

Prezidentning meva eksportiga oid farmonidan eksporterlarning hammasi ham xursand emas


Xorijga eksport qiluvchi mahsulotlarni “O‘zagroeksport” belgilab bergan narxlarda sotish amaliyoti bekor qilindi. Prezidentning bu boradagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsion muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni 1 avgust kuni e’lon qilindi.

O‘zbekistondan meva-sabzavotni eksport qilish uchun “O‘zagroeksport” belgilab bergan xarid narxlarining bekor qilingani eksportyorlar tarafidan turlicha qarshilanmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ayrim eksportyorlar cheklovlarning olib tashlanishi ortidan chetga yanada ko‘proq meva-sabzavot chiqarishiga umid bildirsa, boshqalari maxsulotning eksport narxi tushib ketishidan xavotirda ekanliklarini aytishadi.

Farg‘onadagi meva yetishtirishga ixtisoslashgan “Bog‘u-bo‘ston” shirkat xo‘jaligi rahbari Baxtiyor Mamajonov Ozodlik bilan suhbatda “O‘zagroeksport” qo‘ygan cheklovlarning olib tashlangani eksport imkonlarini oshirishiga ishonishini aytadi.

- Shu paytgacha qo‘limiz bog‘langan, o‘zimiz belgilagan narxda eksport qilolmas edik “O‘zagroeksport” qo‘ygan narxlar real narxlardan ikki-uch baravar baland edi, shuning uchun mahsulotimizni hech kim olmay, omborxonada chirib ketayotgandi. Endi narx qo‘yish bizning o‘zimizga berilyapti. Kimga qanday narxda sotishni o‘zimiz belgilaymiz, bu esa yanada ko‘proq mahsuloni chetga sotib, mamlakatga valyuta olib kelish imkonlarini beradi, - deydi farg‘onalik dehqon.

O‘rik qoqi va boshqa turdagi quruq mevalar eksporti bilan shug‘ullanuvchi sirdaryolik tadbirkor Doniyor Sharipov esa, “O‘zagroeksport” belgilab bergan xarid narxlarining bekor qilinishi ortidan mahsulotlarning eksport narxlari tushib ketishidan xavotir bildirdi.

- Maqsadimiz ko‘proq mahsulotni chetga chiqarishmi yo ko‘proq daromad ko‘rishmi? Agar ko‘proq daromad ko‘rish bo‘lsa “O‘zagroeksport” qo‘ygan me’yor turgani yaxshi edi. Chunki eksport narxlari hozirning o‘zida tushib ketyapti. Oldin chet ellardagi hamkorlarga narx aytsak indolmasdi, chunki “O‘zagroeksport” qo‘ygan talab bor edi. Endi ular narxni erga urishyapti, ayrim dehqonlar, qo‘pol qilib aytganda, mahsulotini suv tekinga chetga uzatyapti. Oldin chetga kamroq eksport bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin yaxshi narxlarda chiqarilgan-da, endi ko‘proq eksport bo‘lishi, lekin foyda, daromad kamayishi mumkin, - deydi sirdaryolik tadbirkor.

Toshkent viloyatining Parkent tumanida uzum yetishtiruvchi dehqon esa o‘z mahsulotlariga chetdan xaridor topishga qiynalayotgani haqida gapirdi.

- Narx-navoni o‘zimiz belgilashimiz mumkin, bu yaxshi, lekin xaridorning o‘zi yo‘qku?! Topish qiyin bo‘lyapti. Bu yil meva bozorga juda ko‘p chiqqan, o‘zimizning bozorda ham sotish qiyin bo‘lyapti. Vinzavodga borsak juda past narx aytishadi. Shuncha mehnatimiz ketganku, - deydi ismi sir qolishini istagan parkentlik dehqon.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida" deb nomlangan farmoniga muvofiq, endi o‘zbek dehqoni o‘zi meva-sabzavotini o‘zi belgilagan narxda chetga eksport qilishi mumkin.

Prezident farmoni chiqqunga qadar o‘zbek dehqoni o‘zi yetishtirgan mahsulotni “O‘zagroeksport” belgilagan narxdan past narxda chetga eksport qilishi mumkin emas edi.

“O‘zagroeksport” belgilagan narxlar yuqoriligi bois fermerlar mahsulotlarini eksport qila olmay, kartoshka-piyoziyu gilos, qovun-tarvuzi omborxonalarda chirib ketayotgani borasida ijtimoiy tarmoqlarda shikoyatlar ko‘paygandi.

Gilos va boshqa ho‘l mevalar eksport narxlari real narxlardan ikki baravar yuqoriligi eksportyorlarni "O‘zagroeksport" cheklovlarini chetlab o‘tuvchi sxemalar yordamida ish qo‘rishga majbur qilib qo‘ygani haqda Ozodlik ham xabar bergan edi.​

O‘zbekiston bu yil chetga 2 milliard dollarlik meva-sabzavot sotishni mo‘ljallagan edi.

“O‘zagroeksport” ma’lumotiga ko‘ra, yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 463 ming dollarlik mahsulot olib chiqilgan.

O‘zbekiston meva-sabzavotining asosiy xaridori Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Turkiya, Pokiston va Erondir.

XS
SM
MD
LG