Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2021, Тошкент вақти: 02:28

AQSh prokurorlari teraktda ayblanayotgan Soipovni o‘lim jazosiga hukm qilishni co‘radi


Sayfullo Soipov Manxetten federal sudida.

AQSh prokurorlari suddan o‘tgan yili Nyu-York shahridagi velosiped yo‘lagida yuk mashinasi bilan sakkiz kishini bostirib o‘ldirganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov o‘lim jazosiga hukm qilinishini so‘radi.

28 sentabr kuni sudga taqdim etilgan hujjatlarda prokurorlar Soipovni o‘lim jazosiga hukm qilishni so‘ragan.

30 yoshdagi Soipov 2017 yil 31 oktabr kuni Nyu-York shahridagi velosiped yo‘lagida ijaraga olingan yuk mashinasi bilan sakkiz kishini bostirib o‘ldirgan edi. Bu Nyu-York shahrida 2001 yil 11 sentabrda amalga oshirilgan terror hujumidan keyingi eng qonli hujum bo‘ldi.

Avvalroq Soipovning advokatlari o‘z mijozlari o‘lim jazosi qo‘llanilmasligi evaziga aybiga iqror bo‘lishga rozi ekanligini ma’lum qilishgan edi.

Hujum sodir bo‘lishi ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp Soipovga o‘lim jazosi berilishi shartligini qayta-qayta ta’kidlagan edi.

Donald Tramp esa o‘tgan yilning 1 noyabr kuni Tvitter sahifasida: “Nyu-York terrorchisi o‘zini baxtiyor his qilmoqda ekan... u 8 odamni o‘ldirdi, 12 odamni og‘ir jarohatladi. U o‘lim jazosiga hukm qilinishi kerak”, - deb yozgan.

Tramp bundan keyingi bir qator tvitlarida ham Soipovga o‘lim jazosi berishga chaqiriqlarni yozgan edi.

28 sentabr kuni prokurorlar qaroriga javoban Soipovning advokati Devid Patton shunday dedi:

- Aybiga iqror bo‘lgani uchun muddatidan oldin ozodlikka chiqish imkonisiz bir umr qamoq jazosi o‘rniga o‘lim jazosi qo‘llanilishi uchun kurashish qarori barcha taraflar uchun ushbu hodisa bog‘liq yarani uzoqqa cho‘zadi xolos, deb o‘ylaymiz.

Prokurorlar halok bo‘lganlar soni ko‘p bo‘lgani hamda ular “jirkanch, shafqatsiz hamda fosiq“ yo‘l bilan o‘ldirilgani, Soipov qilmishidan pushaymon bo‘lmagani, agar kelajakda qo‘yib yuboriladigan bo‘lsa, yana zo‘ravonlikka qo‘l urishiga ishonganlari uchun unga o‘lim jazosi berilishini so‘rashga qaror qilgan.

Hujum ortidan Soipov tergovchilarga uni “Islom davlati“ videolari va adabiyoti ilhomlantirganini aytgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay jangari guruh o‘zbek migrantini “xalifalik”ning askarlaridan biri o‘laroq olqishladi.

2017 yil 31 oktabr kuni Nyu-York shahridagi velosiped yo‘lagida yuk mashinasi bilan sakkiz kishini bostirib o‘ldirganidan so‘ng qo‘lga olingan Sayfullo Soipov 22 ta og‘ir jinoyat¸ xususan¸ "Islom davlati" guruhiga moddiy yordam ko‘rsatish¸ sakkizta qotillik¸ 12 marta qotillikka urinishda ayblanmoqda.

Soipov 2010 yili O‘zbekistondan Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib, Paterson shaharchasida yashab kelgan. Hujum qilishidan oldin Qo‘shma Shtatlarda tijorat yuk mashinasi va Uber taksi hadovchisi bo‘lib ishlagan.

XS
SM
MD
LG