Линклар

Шошилинч хабар
24 январ 2019, Тошкент вақти: 01:08

Mamlakat bo‘ylab fermerlar “davlatga mo‘l hosil yetkazib berishga" qasam ichtirilmoqda


Sirdaryo hokimligi rasmiy nashri 16 noyabr kungi qasamyod tadbiri haqida maxsus xabar hozirladi.

O‘zbekiston Fermerlar kengashi tashabbusi bilan 16-22 noyabr kunlari mamlakat bo‘yicha fermerlarni ommaviy qasamyodga keltirish jarayoni bormoqda.

Ozodlik suhbatlashgan bir qator viloyat va tuman hokimliklari rasmiylari¸ fermerlar “shartnomada ko‘zda tutilgan rejadan ortiq g‘alla yetishtirib¸ uni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki bozorga sotaman”, degan mazmundagi qasamyodni o‘z “ixtiyorlari bilan” keltirayotganini iddao qildi.

Ayni paytda¸ Ozodlikka o‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gapirgan Sirdaryo¸ Toshkent¸ Namangan va Farg‘ona viloyatidagi fermerlar¸ bunday qasamyod qilmagan fermerlarning yerlari tortib olinishi haqida hokim va sektor boshliqlaridan ochiq tahdid bo‘lganini bildirdi.

O‘zi ayni jarayon ishtirokchisi bo‘lgan tuman hokimlaridan biri mutasaddisi Ozodlikka¸ Bosh vazir Abdulla Aripov va Bosh prokuror o‘rinbosari o‘tgan hafta o‘tkazgan selektor yig‘inida berilgan topshiriq Fermerlar kengashi tashabbusi sifatida amalga oshirilayotganini bildirdi. Bu ma’lumotni matbuotga sizdirish oqibatidan cho‘chigan bu mulozim shaxsi ochiqlanmasligini so‘radi.

Sirdaryodagi namunaviy qasamyod marosimi...

16 noyabr kuni Sirdaryo viloyat markazi Guliston shahri hokimligi qarshisida “g‘alladan mo‘l hosil yetishtirishga azmu qaror qilgan fermerlarni “yurt taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shish, nopok ishlarga qo‘l urmaslik” bo‘yicha qasam ichtirish jarayoniga oid xabar va suratlar mahalliy matbuotda keng tarqadi.

Bu tadbirda¸ Sirdaryo hokimligi rasmiy nashriga ko‘ra¸ viloyat hokimi¸ prokurori¸ IIB boshlig‘i va soliq inspeksiyasining viloyat rahbarlari shaxsan qasamyod qabul qilgan.

Sirdaryo viloyat hokimligining Ozodlik gaplashgan mas’ullaridan biri¸ bu tadbirning O‘zbekiston Fermerlar kengashi tashabbusi bilan o‘tkazilgani va qasamyod matnining ham kengashdan jo‘natilganini bildirdi.

“Bu tadbir butun mamlakat bo‘yicha o‘tayapti. Sirdaryo birinchilardan bo‘lib bu tadbirni tantanali ravishda o‘tkazdi. Bu jarayonda fermerlarni majburlash bo‘lmadi¸ ular o‘z ixtiyorlari bilan kelib¸ og‘zaki qasamyod qilishdi”¸ dedi Sirdaryo viloyati bo‘yicha o‘tkazilgan tadbir mas’ullaridan biri 19 noyabryo kuni Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston Fermerlar kengashining Ozodlik gaplashgan bir necha mulozimi¸ bu tadbirni 16-22 noyabr oralig‘ida butun mamlakat miqyosida o‘tkazish aytilgani va ayni kunlarda jarayonning davom etayotganini bildirdi.

Bu tashabbusning nega aynan fermerlar manfaatlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan Fermerlar kengashidan chiqqanini izohlash so‘roviga javoban Ozodlik suhbatdoshlari¸ “asl tashabbuschini Vazirlar Mahkamasidan izlash”ni maslahat berdi.

Qasamyod mohiyati

19 noyabr kuni Ozodlik gaplashgan vodiylik fermerlardan biri o‘ziga qo‘l qo‘yish buyurilgan qasamyod matni nusxasini yubordi.

Bir sahifalik qasamyod matnining bo‘sh o‘rinlariga o‘z fermer xo‘jaligi nomi¸ shartnomada ko‘zda tutilgan g‘alla uchun yer maydoni sathini to‘ldirgan fermer¸ o‘ziga berilgan yerdan muayyan tonna g‘alla hosili olish yoki gektaridan 60-70 ts/t hosil olishga qasam ichadi.

Ozodlikka nusxasi yuborilgan qasamyod matni.
Ozodlikka nusxasi yuborilgan qasamyod matni.

Buning uchun qilinishi shart etib belgilangan uch turdagi ishlarni sanab o‘tgan fermer qasamyodning so‘nggi paragrafida «zimmamga olgan shartnomaviy majburiyatimni halol va vijdonan bajarmagan¸ qonun buzilishiga yo‘q qo‘yib¸ fuqaro¸ jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazgan taqdirimda, qonun oldida javob beraman” deya va’da beradi.

Ozodlik suhbatlashgan na hokimiyat mutasaddilari va na fermerlarning o‘zlari¸ “qonun oldidagi javobgarlik” deganda qaysi qonunchilikning¸ qaysi moddasi nazarda tutilganiga oydinlik kirita oldi.

Fermerlardan biri¸ bu va’dani “shartnomadagi jazoga roziman” qabilidagi tilxat sifatida tushunganini bildirdi.

“Shartnomada yetkazib berilmagan mahsulot qiymatidan (davlat xarid bahosi) 30 foiz jarima to‘lanadi¸ deyilgan. Ya'ni siz 100 mln so‘mlik mahsulot yetkazib berishga shartnoma qilsangiz¸ lekin 70 millionlik mahsulot bersangiz¸ yetkazib berilmagan 30 mlnlik mahsulot uchun 10 mln jarima to‘laysiz. Lekin shartnomada ko‘rsatilgan fors major holatlari - suv toshqini¸ qurg‘oqchilik¸ hasharotlar va mineral o‘g‘it tanqisligi va boshka inson kuchi bilan boshqarib bo‘lmaydigan holatlar inobatga olinmaydi. Iqtisodiy sudlar 37- yildagi troyka sudlarga o‘xshab kolgan - shartnomani bajarmadingmi¸ to‘laysan¸vassalom. To‘lamasang MIB boradi va sharmanda qilib undiradi”¸ deb tushuntirdi fermerlardan biri.

Vodiyda qasamyod davom etmoqda...

O‘zbekiston Fermerlar kengashi vakillari qasamyod jarayonining butun respublika bo‘yicha 22 noyabrgacha tugatilishi shartligini bildirishi ortidan¸ Ozodlik muxbiri Farg‘ona va Namangan viloyatlarida fermerlarni qasamyodga keltirishni tashkillashtirayotgan mas’ullar bilan suhbatlashdi.

Fermerlar kengashining bu ikki viloyatdagi mulozimlari Ozodlik bilan suhbatda¸ jarayonning faqat og‘zaki qasam ichish bilan cheklanmasligini bildirdi.

“Qasamyoddan keyin har bitta fermer qasamyod matni yozilgan qog‘ozga qo‘l qo‘ymoqda. Bu qog‘ozlarni ulardan sektor rahbarlari – hokim¸ prokuror¸ IIB va soliq inspeksiyasi rahbarlari olyapti. Bizga har bitta hujjatni Toshkentga – Fermerlar kengashi respublika rahbariyatiga yuborish aytildi. Vazirlar Mahkamasidan shunaqa topshiriq bo‘lgan. Tadbirlarni rasmga olib¸ suratlarni ham Toshkentga yuborayapmiz”¸ dedi Ozodlik gaplashgan vodiy viloyatlaridan biridagi tadbir uyushtiruvchisi.

Tahdid ostidagi qasamyod

17 noyabr kuni qasamyodga keltirilgan vodiylik fermerlardan biri Ozodlik bilan suhbatda fermerlarning "o‘z istak va ixtiyori bilan" qasamyod qilganiga oid rasmiy iddaoni “150 foiz yolg‘on” deb atadi.

“Doimgidek yolg‘on bu gap. Men hokim sektoridaman¸ telefon qilib¸ keling deyishdi¸ hokimlikka bordik. Hamma sektor boshlig‘i o‘z hududidagi fermerni chaqirtirgan¸ bormayman¸ degan odam yo‘q – qasamyod qilmasang¸ yeringni tortib olamiz¸ deb ochiqdan-ochiq aytishdi. Hamma qo‘rqqanidan bordi. Biz Sirdaryodagiga o‘xshab¸ yasan-tusan qilib o‘tirmadik. Bitta ilg‘or fermer chiqib¸ qasamyodni o‘qidi¸ biz xuddi masjidda imomga ergashgandek¸ uning ketidan jo‘rovozda takrorladik. Keyin har bittamizga qasamyod matniga qo‘l qo‘ydirishdi”¸ deydi vodiylik fermerlardan biri Ozodlik bilan 19 noyabr kungi suhbatda.

Fermer va davlat o‘rtasida shartnoma bor joyda¸ qasamyod qanday huquqiy kuchga ega?

O‘zbekistonda fermer¸ huquqiy maqomiga ko‘ra¸ mustaqil tadbirkorlik sub’ekti va davlatning fermer bilan iqtisodiy munosabatlari shartnoma asosida tartibga solinadi.

“Huquqiy kuchga ega shartnoma mavjud joyda¸ qasamyod qildirish¸ qasamyod matniga qo‘l qo‘ydirishga qanday ehtiyoj bor?”degan savol bilan Ozodlik hokimlik tizimi rasmiylariga murojaat qildi.

Viloyat hokimliklaridan biri huquqshunosi¸ “qasamyodning hech qanday yuridik kuchga ega emasligi¸ ayni paytda¸ u fermerni shartnomadan oshirib ishlashga rag‘batlantirishini ta’kidladi.

“Vrachlar Gippokrat qasamini ichadi¸ askarlar vatanga sadoqat haqida qasamyod qiladi – bu ularning ishiga yomon ta’sir qilmaydiku! Bizning fermerlar ham shartnomadan alohida tarzda shunaqa qasamyod qilayapti¸ buning nimasi yomon¸ bu bilan hech kimning haq-huquqi buzilmayaptiku!”¸ dedi viloyat hokimlaridan biri huquqshunosi.

Viloyatlardan yana biri hokimligining qishloq xo‘jalik siyosati bo‘yicha mas’uli¸ “bu yildan boshlab O‘zbekistonda fermerlikning ham “o‘z ishini vijdonan bajarish¸ vatan oldidagi mas’uliyatini to‘liq his qilish haqida tantanali qasamyod qilish so‘raladiganlar toifasiga qo‘shilganini” bildirdi.

Bu rasmiy¸ bunday qasamyod amaliyotini tashkil etishning qaysi legal asosda amalga oshirilayotgani haqidagi savolga “buni Vazirlar Mahkamasidan so‘raysiz” degan qisqa luqma bilan javob qaytardi.

Tashabbus eng tepadan chiqqan....

Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan O‘zbekistondagi tumanlardan biri hokimligining qishloq xo‘jalik bo‘yicha mutasaddisi 16 noyabrdan boshlangan fermerlarni qasamyodga keltirish jarayonini Bosh vazir o‘tkazgan so‘nggi selektor majlisi bilan bog‘ladi.

“O‘tgan payshanba kungi selektor yig‘inida fermerlar qarzdorligi va g‘alla ekish jarayonining kechikayotgani bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi. Selektorda Bosh vazir va Bosh prokuror o‘rinbosari qatnashdi. Bilishimcha¸ bu buyruq shu majlisdan keyin¸ kichik doirada berilgan va uni Fermerlar kengashi tashabbusi¸ deb taqdim qilishayapti. Lekin Fermerlar kengashi viloyat hokimi¸ prokurori¸ IIB va soliq rahbariga buyruq berish vakolatiga ega tashkilot emas. Shu kengash tashabbus qilarmishda¸ ertasidan yoppasiga hamma fermer qasamyod qilarmish – bunga kimni ishontirishmoqchi! Men bu tashabbusning Bosh vazirga ham tepadan tushganiga ishonaman”¸ degan tuman hokimligi mutasaddisi¸ hozircha o‘z qo‘lida bu taxminni quvvatlovchi hujjat yo‘qligini e’tirof etdi.

Hukumatga fermerni qasamyodga keltirish nega kerak bo‘ldi?

Ozodlik gaplashgan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mas’ullari va fermerlar¸ buning sababini 2018 yilgi g‘alla ekish jarayonining kechikayotganidan tug‘ilgan xavotir bilan izohladilar.

“Hukumat talabiga ko‘ra¸ g‘alla ekish 20 oktabrgacha tugashi kerak edi. Ertaga 20 noyabr – haliyam ekilmagan erlar ko‘p. Birinchi va asosiy sababi¸ bu yilgi paxta cho‘zilib ketdi. O‘quvchi-studentlar¸ o‘qituvchi-vrachlarni yoppasiga paxtaga olib chiqishmagani uchun bu yil terim kechikti. Ikkinchisi¸ ko‘p joyda paxtadan keyin g‘alla sug‘orish muammo bo‘lib turipti. Fermer sug‘oraman¸ desa¸ tok yo‘q – nasos ishlamaydi. Keyin¸ mineral o‘g‘it¸ yonilg‘i bilan ham muammolar ko‘p. Tepadagilar bularning hammasi ertaga g‘alla hosilining kechikishi¸ yoki yomon bo‘lishiga olib kelishidan qo‘rqib¸ fermerni shunaqa ogohlantirayapti. Yuridik kuchga egami-yo‘qmi¸ bilmayman¸ lekin hokim¸ prokuror¸ melisa va soliq nachalniklari oldida qilingan qasamdan keyin fermerning qo‘rquvi yanayam kuchayishi aniq. Endi bor-budini sarflab bo‘lsayam¸ g‘allasini ekib¸ hosilini undirish hisobini qiladida fermer”¸ deydi farg‘onalik fermerlardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

"Oybolta" siyosatining davomi?

13 yil davomida O‘zbekiston Bosh vaziri sifatida asosan qishloq xo‘jaligi sektorini boshqargan Shavkat Mirziyoev 2015 yili fermerlar¸ xususan¸ g‘alla rejasini bajarmagan fermerlarni jazolashga qaratilgan “Oybolta” tadbirini ishga solgan edi.

Bu tadbirga ko‘ra¸ avvaliga hokimliklar tomonidan keskin ogohlantirilgan fermerlarga¸ nimaiki sababga ko‘ra¸ paxta va g‘alla rejasini bajara olmagan bo‘lsa¸ qarzdor fermerning mol-mulkini musodara qilish evaziga davlat rejasini bajarish buyurilgan edi.

2015 yili avjga chiqqan bu tadbir oqibatida¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ bir nechta fermer o‘z joniga qasd qilgan¸ ko‘plari yerdan voz kechib¸ mehnat muhojiratiga chiqib ketgan edi.

Shavkat Mirziyoev prezidentlikka kelganidan keyingi ikki yil davomida “Oybolta” tadbiri amalda kuzatilmadi¸ ammo 2018 yilgi mavsumda¸ Ozodlikka murojaat qilayotgan fermerlar¸ “Oybolta”ning yana o‘z boshlari ustida o‘ynay boshlaganini aytmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG