Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 14:43

Chernogoriyadagi fitnaga qatnashgan yana bir rossiyalik josus fosh qilindi


Chernogoriyada 2016 yili davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringan rossiyaliklarning Interpol e’lon qilgan suratlari.

Bellingcat tergov guruhi bilan Rossiyadagi The Insider vebsayti Rossiya Razvedka bosh boshqarmasining (GRU) 2016 yili Chernogoriyadagi davlat to‘ntarishiga urinishga aralashgani gumon qilinayotgan ikkinchi zobiti kimligini oshkor qildi.

Chernogoriya hokimiyat idoralari Rossiyaning ikki nafar GRU zobitini amalga oshmay qolgan davlat to‘ntarishida ayblab chiqdi. Rossiyalik zobitlarning maqsadi ushbu kichik Bolqon mamlakatining NATOga qo‘shilishiga qarshilik ko‘rsatish bo‘lgan.

Chernogoriyaning harbiy ittifoqqa a’zolik istagiga qarshi bo‘lgan Moskva ayblovlarni rad etdi.

Chernogoriya o‘tgan yil iyunida NATO safiga qo‘shildi.

Bellingcat bilan The Insider oldinroq ilk gumon qilingan GRU zobiti sifatida Eduard Shishmakov nomini e’lon qilgan edi. 22 noyabrda esa, ikkinchi gumonlangan shaxsning ismi aniqlaganini va u Vladimir Moiseev ekanini ochiqladi.

Chernogoriyalik prokurorlarga u Vladimir Popov ismi bilan ma’lum bo‘lgan.

Bellingcat bilan The Insider bergan ma’lumotga ko‘ra, GRU Moiseevni 2000 yillarning o‘rtasida Rossiyaning Sibir qismida joylashgan Tyumen shahridagi akademiyada o‘qib yurgan paytda yollagan. Ushbu akademiyada radiosignallarni shifrlashdan tortib, bombani uzoqdan turib portlatishga ixtisoslashgan harbiy muhandislar tayyorlanadi.

Keyinchalik uning GRU maxsus harbiy-havo qo‘shinida xizmat qilgani, 2008 yili Rossiya bilan Gruziya o‘rtasida bo‘lginchi mintaqalar - Janubiy Osetiya bilan Abxaziyadagi harbiy amaliyotlarda qatnashgani aytiladi.

2012 yildan 2016 yilgacha Moiseev soxta “Vladimir Popov” ismi bilan go‘yo fotomuxbir va jurnalist sifatida Yevropa mamlakatlariga tez-tez safar qilib turgan.

Chernogoriya o‘tgan yili NATOning 29-a’zosi bo‘ldi. Uning bu qadamini Rossiya keskin tanqid qilib chiqdi. Shu bilan birga Rossiya bilan qalin munosabatlar tarafdori bo‘lgan ayrim chernogoriyaliklar ham NATOga a’zolikka qarshilik ko‘rsatdi.

Chernogoriya hokimiyat idoralariga ko‘ra, serb va rus millatchilari 2016 yilgi parlament saylovi chog‘ida parlamentni egallab olish uchun fitna uyushtirib, o‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Milo Jukanovichga suiqasd qilish va Chernogoriyaning NATO ga qo‘shilishiga xalaqit berish uchun rossiyaparast rahbariyatni hokimiyatga tepasiga keltirishga uringan edi.

XS
SM
MD
LG