Линклар

Шошилинч хабар
20 декабр 2025, Тошкент вақти: 09:25

AQSh Ukraina uzra "favqulodda" kuzatuv parvozlari uyushtirdi


Ukraina prezidenti Petro Poroshenko 6 dekabrda Jitomir viloyatidagi harbiy qismga bordi.
Ukraina prezidenti Petro Poroshenko 6 dekabrda Jitomir viloyatidagi harbiy qismga bordi.

Qo‘shma Shtatlarning bildirishicha, uning uchoqlari xalqaro kuzatuv to‘g‘risidagi shartnomaga ko‘ra, Ukraina ustida “favqulodda” parvozlar uyushtirdi. Bunga Rossiyaning “tobora kuchayib borayotgan ig‘vogarona va tahdidli xatti-harakatlari” sabab bo‘lgani aytilmoqda. Pentagonga ko‘ra, parvoz 6 dekabrda uyushtirildi.

O‘tgan oyda Ukraina bilan Rossiya o‘rtasidagi harbiy-dengiz mojarosidan so‘ng o‘zaro munosabatlar keskinlashdi.

CNN telekanali Qo‘shma Shtatlar harbiy kemalarni Qora dengizga kiritishni rejalashtirayotganini xabar qildi, ammo bu xabar rasman tasdiqlangani yo‘q.

Ukraina hukumati qo‘shinlari 2014 yil aprelidan beri mamlakat sharqidagi Rossiyaga orqa qilayotgan bo‘lginchilarga qarshi kurashib kelmoqda. Oldinroq Rossiya harbiy kuchlari Ukrainaning Qrim yarim orolini bosib olgan edi.

25 noyabrda Ukraina harbiy-dengiz kemalari Rossiyani Qrim bilan bog‘lab turuvchi ko‘prik ostidan o‘tmoqchi bo‘lganida rus kemalari ularni o‘qqa tutdi. Shundan so‘ng Kiev bilan Moskva o‘rtasidagi munosabatlar yanada taranglashdi.

Rossiya pirovardida Ukrainaning 3 ta kemasi va 24 dengizchisini asir oldi. Xalqaro da’vatlarga qaramay, Moskva ularni hanuz qo‘yib yubormayapti.

AQSh Mudofaa vazirligi “Ochiq osmon shartnomasi”ga ko‘ra, “AQSh bilan ittifoqchilari Ukraina va boshqa sherik mamlakatlar oldida olgan majburiyatlarini tasdiqlash uchun g‘ayrioddiy parvozlarni uyushtirdi”, deb bayonot berdi.

“Ochiq osmon shartnomasi”ni imzolagan 34 ta mamlakat 2002 yildan beri bir-birining hududi ustida kuzatuv parvozlarini amalga oshirib kelmoqda.

Garchi parvozlar oldindan rejalashtirilgan holda amalga oshirilsa-da, ayrim hollarda “favqulodda”, ya’ni rejalashtirilmagan parvozlar uyushtirilishi mumkin. Bunga ikki mamlakat rozi bo‘lishi kerak. Ayni holatda Ukraina bilan AQSh shunga kelishib olgan edi.

AQShning kuzatuv uchoqlari va dronlari Rossiyaning Qora dengiz va Qrim sohili bo‘ylab doimiy tarzda uchib yuradi. Rossiyaning reaktiv uchoqlari har doim kuzatuv uchoqlariga ro‘baro‘ keladi yoki ular ortidan ergashib yuradi.

NATOga a’zo bir necha Qora dengizbo‘yi mamlakati AQSh bilan birga ushbu dengizga patrullik qilish uchun harbiy kemalarini yuborib turadi. Rossiya esa bundan xavotir bildirib keladi.

2008 yil avgustida ro‘y bergan besh kunlik Rossiya-Gruziya urushidan so‘ng AQSh 6-flotining USS Mount Whitney bayroqdor kemasi Gruziya sohili yaqinida ushbu mamlakatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida langar tashladi. O‘sha payt Rossiya kemalari o‘sha erga yaqin joyda suzib yurgan edi.

2003 yildagi shartnomaga muvofiq, Rossiya bilan Ukraina Azov dengiziga birga kirib chiqishga kelishib olgan edi. Ammo 2014 yilgi anneksiya va joriy yilda Qrimga eltuvchi ko‘prik qurib bitirilgandan so‘ng Rossiya ukrain kemalarining u yerga kirishini cheklab qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG