Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:32

TheDailyTelegraph: Britaniya joriy etajak sanksiyalar ro‘yxatida Alisher Usmonov ham bor


Britaniya razvedkasi sanksiyalar joriy qilinadigan Kremlga yaqin “oligarxlar” ro‘yxatini tuzganini e’lon qildi.

The Daily Telegraph nashriga ko‘ra, Buyuk Britaniya hukumati Vladimir Putin va uning rejimi bilan bevosita bog‘liq ekani aytilayotgan olti biznesmen, jumladan Alisher Usmonovga tadbirkorlik qilishga to‘sqinlik qiladi.

The Daily Telegraph gazetasi, Britaniya hukumatidagi o‘z manbasiga tayanib, Kremlga yaqin bo‘lgan “rus oligarxlari” ro‘yxati tuzilganini ochiqladi.

Manba MI5 ingliz razvedkasi bergan ma’lumotlar asosida Vladimir Putinga yaqin bo‘lgan olti nafar yirik tadbirkorga nisbatan turli cheklov choralari joriy qilishga hozirlanayotganini sizdirgani aytilmoqda.

Mamlakat bosh vaziri Tereza Mey tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatda, jumladan, Alisher Usmonov, Roman Abramovich, Igor Sechin, Oleg Deripaska, aka-uka Arkadiy va Boris Rotenberglar borligi ma’lum qilindi.

Nashr keltirgan ma’lumotga binoan, bu hujjat hukumat bo‘limlariga tarqatilib, Buyuk Britaniyaning Yevropa va Shimoliy Amerikadagi hamkor mamlakatlar hukumatlariga ham taqdim etiladi.

Britaniya hukumatidagi yuqori lavozimli manba ro‘yxatdagi rus milliarderlarga nisbatan joriy etilayotgan jazo choralari “ularning manevr qilishi, Yevropa, Buyuk Britaniya va boshqa har joyga kelib-ketishiga imkoniyatlarni cheklashga” qaratilganini bildirgan. The Daily Telegraph suhbatdoshi ro‘yxatga “prezident Vladimir Putin bilan o‘ta yaqin professional va moliyaviy munosabatlarda qolayotgan” shaxslar tushirilganini ham qo‘shimcha qildi.

Rasmiy London bu odamlar moliyaviy imkoniyatlaridan Putin va uning hukumatiga yaqin bo‘lgan guruhlar foydalanayotganidan xavotir bildirayotganini ma’lum qildi.

Bu ro‘yxatdagi odamlarga nisbatan choralar – Britaniya hukumatining Solsberida Skripallar zaharlanishiga javobning muhim qismidir”, deya mulozim so‘zlarini keltiradi The Telegraph nashri.

Bu masalada Ozodlikning Alisher Usmonovning vakolatxonasiga qilgan rasmiy murojaati javobsiz qoldi.

Kuzatuvchilar ro‘yxatga kiritilgan rossiyalik yirik tadbirkorlarga nisbatan viza taqig‘i, Britaniya va uning hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarga borishga bo‘lgan cheklovlar hamda ularning Buyuk Britaniyadagi moliyaviy aktivlari va mulklariga bo‘lgan chora-tadbirlar qo‘llanilishi to‘g‘risida gap ketayotganini ta’kidlamoqda.

Ma’lumki, Roman Abramovich va Alisher Usmonov uzoq yillar davomida “Chelsi” va “Arsenal” futbol klublari egalari sifatida tanilgan. 2018 yilning yozida Alisher Usmonov “Arsenal”dagi o‘zining 30 foizli ulushini amerikalik biznesmen Sten Kronkka 550 million funt sterlingga sotgandi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Roman Abramovich ham o‘zi egalik qilib kelayotgan “Chelsi” klubiga xaridor qidirmoqda. Aytish joyizki, Solsberidagi mojaro ortidan Buyuk Britaniya hukumati Roman Abramovichga “uzoq muddatli investorlik vizasi”ni o‘zaytirishdan bosh tortdi va biznesmen Isroil grajdanligini olishga majbur bo‘lgandi.

USM Holdings mulkdori Alisher Usmonov ko‘p marotaba Rossiyaning eng badavlat biznesmeni deb e’tirof qilingan. 2013 yilda Times uni Buyuk Britaniyaning eng boy odami deb e’lon qilgandi. BBC Panorama kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Usmonov Angliyaning “Everton” klubini o‘z nazoratiga olgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar borligini yozgandi.

Oxirgi paytlarda milliarder Alisher Usmonov Rossiyaning o‘zida ham bir nechta moliyaviy va siyosiy mojarolarga tortilgani ma’lum.

2018 yilning dekabr boshlarida Alisher Usmonov Moskva shahar, Basmanniy tuman sudiga kriminal avtoritet Zaxariy Kalashov (Shakro Molodoy) bilan aloqalari mavjudligi iddao qilingan maqolalarni Internetdan olib tashlash talabi bilan murojaat qildi.

Usmonovning advokatlari sudga topshirgan da’vo arizasida “Alisher Usmonov. Maqomi - avtoritet”, “Alisher Usmonov Shakroning ishida” hamda “Usmonovning uyushgan jinoiy guruhlar bilan aloqalari to‘g‘risida”, degan sarlavhalar ostidagi 3 ta maqola tilga olingan. Milliarderning fikricha, bu maqolalarda noto‘g‘ri informatsiya keltirilgan va ular uning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqini buzmoqda.

Joriy yil mayida Alisher Usmonov rossiyalik muxolifat yetakchisi va korrupsiyaga qarshi kurash faoli Aleksey Navalniyni ham sudga bergan edi.

Navalniy o‘z tekshiruvlari natijalariga tayanib¸ Usmonovni 50 million AQSh dollarlik dang‘illama hovlini Medvedevga qarashli jamg‘armalardan biriga “hadya sifatida” berganini jamoatchilikka e’lon qilgan.

Joriy yilning noyabr oxirlarida Vladimir Putin Forbes tadqiqotlari natijalariga ko‘ra 12,5 milliard dollar miqdorida boylikka ega bo‘lgan Alisher Usmonov va uning rafiqasi Irina Viner-Usmonovani “Yurt oldidagi xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlagan edi.

XS
SM
MD
LG