Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2020, Тошкент вақти: 07:31

Tojikistonda fohishalar xizmati 25-30% ga arzonladi


So‘nggi vaqtlarda Tojikistonda fohishalar xizmati 25-30%ga arzonladi. Huquq himoyachilarga ko‘ra, bunga sabab fohishalar xizmatidan foydalanuvchi erkaklarga jazoning kuchaytirilishidir. Oqibatida fohishalar xizmatidan foydalanuvchilar soni kamayib ketgan.

Idorasi Bishkekda joylashgan Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiyadagi fohishalar huquqlarini himoya qiluvchi «Shax-ayim» tarmog‘ining bayonotiga qaraganda, so‘nggi yillarda Tojikistonda fohishalar xizmat haqi keskin kamayib ketgan. Bu mamlakatning turli mintaqalarida faoliyat yurituvchi fohishalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlardan ma’lum bo‘ldi.

«Shax-ayim» tarmog‘ining vakillari 10 yanvar kuni Ozodlik radiosi bilan suhbatda, fohishalarning xizmat haqi turlicha bo‘lib, haq miqdori ularning yashash joyi va yoshiga ham bog‘liq ekanini aytishdi.

Shu bilan birga, «Shax-ayim» tarmog‘i vakillarining so‘zlariga qaraganda, "xizmatlar narxi mamlakatning hamma joyida bir xil kamaymayapti: bu boradagi gaplarni, shimolga qaraganda, janubda ko‘proq eshitasiz".

Qishloqqa nisbatan shaharda fohishalar xizmati qimmatroq turadi, xizmatlar narxi fohishalarning yoshiga ham bog‘liq. "Bu kabi xizmatlar hozirda bir soati 50-80 somoni ($5-$8)dan 30-35 somoni ($3-$3,6)gacha arzonlashdi», - dedi huquq himoyachilari.

«Shax-ayim» tarmog‘i vakillarining ta’kidlashlaricha, fohishalar xizmatining arzonlashishiga militsiya reydlari va erkak-mijozlarning bu xizmatdan foydalanishdan voz kechayotgani ta’sir ko‘rsatdi.

Poytaxtda yashovchi 29-yoshli Farangisning aytishicha, ba’zida u fohishalik bilan shug‘ullanib turadi. Uning so‘zlariga qaraganda, hozir erkaklar ancha ehtiyotkor bo‘lib qolgan, chunki ular ijaraga olingan xonadon yoki boshqa inshootga videoapparaturalari bilan kirib kelib, jinoyat ustida suratga olishi mumkin bo‘lgan militsiya xodimlaridan xavfsirashadi.

Tojikiston IIV ma’lumotlariga qaraganda, 2018 yilning 9 oyi mobaynida huquq-tartibot idoralari tomonidan 6 mingga yaqin fohisha ro‘yxatga olingan, ularning 32 nafari balog‘at yoshiga yetmaganlar, 1500 nafari esa18 dan 30 yoshgacha, qolganlarining yoshi esa 30 dan oshgan.

So‘nggi yillarda Tojikistonda fohishalikning oldini olish uchun “tushuntirish ishlari” bilan bir qatorda ularga nisbatan jazo choralari ham kuchaytirilmoqda.

Masalan, birinchi marta huquq-tartibot organlari qo‘liga tushgan fohisha 500dan 2 ming somoniy ya’ni 220 AQSh dollargacha jarima to‘laydi.

Agar bu ayol bir yil ichida ikkinchi marta qo‘lga olinsa 15 kunga qadar hibsga olinishi mumkin.

2018 ning dekabri boshida Tojikiston parlamenti Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritib, fohishaxonalar tashkil etganlarga yoki qo‘shmachilik qilganlarga jazoni kuchaytirdi.

Tojikiston parlamenti quyi palatasining Qonunchilik va inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi Baxtovar Safarzoda Ozodlik bilan suhbatda mazkur o‘zgartishlarni quyidagicha izohlagan edi:

“Jinoyat kodeksning 239- moddasiga kiritilgan o‘zgartirish asosida fohishaxonalar tashkil etganlar yoki qo‘shmachilik qilganlar 100 ming somoniy (11 ming dollar) jarima yoki 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosiga hukm etiladi”.

Fohishalikka qarshi kurash O‘zbekistonda ham kuchaytirildi.

Bu ish bilan shug‘ullanganlar eng kam ish haqining uch baravaridan etti baravarigacha jarimaga tortiladi.

Bu me’yor prezident Mirziyoev 9 yanvarda imzolagan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunda belgilab qo‘yildi.

Qonun matni "Xalq so‘zi" gazetasida 10 yanvarda e’lon qilindi va kuchga kirdi.

Shu paytgacha fohishalik uchun jarima miqdori eng kam oylik ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha edi.

Ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa eng kam ish haqining yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Shu paytgacha eng kam oylik ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha jarima edi.

XS
SM
MD
LG