Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 10:09

Qodirovchilar sudi – mahkamaga ikki sudlanuvchi tibbiy zambilda olib kelinmoqda


Rashitjon Qodirov va sheriklari ustidan mahkama Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi binosida o‘tkazilmoqda.

17 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirov va uning jinoiy sheriklari deb ko‘rilayotgan bir guruh sobiq mulozim ustidan 7 yanvar kuni boshlangan mahkama jarayonining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

17 yanvar kungi majlisga, Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ jami 13 nafar sudlanuvchi olib kelingan. Sud majlisida ayblov va himoya tomoni chiqishlaridan so‘ng¸ sudlanuvchilar ko‘rsatmalarini tinglash boshlangan.

Adliya tizimining bu ma’lumotni jamoatchilikka tarqatishga vakolati yo‘qligidan nomi sir qolishini so‘ragan mulozimi Ozodlikka taqdim etgan ro‘yxatda O‘zbekiston Bosh prokuraturasini 2015 yilga qadar 15 yil boshqargan Rashitjon Qodirov; 2013 yilga qadar Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i¸ 2013 yildan prezidentning kuchishlatar tizimlari bo‘yicha davlat maslahatchisi¸ 2018 yil yanvariga qadar Toshkent viloyat prokurori bo‘lib ishlagan Jamshid Fayziev; 2013 yildan Bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Ulug‘bek Sunnatov; Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ramazon Po‘latov¸ Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Xurramov; Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaev; Mirag‘lam Mirzaevning xotini¸ “Yunusobod advokatlar kollegiyasi”si sobiq rahbari Muhabbat Hasanova; Mirzaevning o‘g‘li¸ MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Abdurashid Mirzaev; Mirag‘lam Mirzaevning jiyani¸ MXX Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Mansur Mirzaev va Toshkent shahar prokuraturasining Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi sobiq rahbari Aziz Musashayxovlar nomi bor.

O‘zbekiston Oliy sudi mahkama jarayonining yopiq o‘tayotgani bois unga oid biror ma’lumot¸ xususan¸ sudlanuvchilarning aniq ro‘yxati e’lon qilinmasligini bildirdi.

Oliy sud matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha¸ mazkur ish O‘zbekiston respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 19-moddasining tegishli bandlariga asosan sudga raislik qiluvchi sudyaning qarori bilan yopiq sud majlisida ko‘riladi.

Rashitjon Qodirov va aksar sudlanuvchilar¸ Bosh prokuratura rasmiy xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "Tovlamachilik" (165-moddasi), "Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (205-modda) va "Pora olish" (210-modda) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Oliy sud vakillari¸ sudlanuvchilarga qo‘yilayotgan bu ayblarning davlat siri deb tasniflanish-tasniflanmasligi va sudning yopiq o‘tkazilishi bilan bog‘liq savollarni hozircha javobsiz qoldirdi.

7 yanvar kuni boshlangan mahkama qattiq qo‘riqlanayotgan binoda o‘tmoqda¸ yopiq o‘tayotgan jarayonga sudlanuvchilar yaqinlari ham qo‘yilmayotir.

Ozodlikka Yunusobod tuman sudi tashqarisidagi harakatlarni kuzatayotgan sudlanuvchilar yaqinlarining bildirishicha¸ sudlanuvchilardan ikki nafari sud zaliga Sangoroddan (qamoqxona kasalxonasi) tibbiy zambilda olib kelinmoqda.

Jarayonga bilvosita aloqador Toshkent mulozimlaridan birining aytishicha¸ zambildagilar hibsga olish va tergov jarayonida insultni boshdan kechirgani aytilayotgan Mirag‘lam Mirzaev va Ramazon Po‘latovdir.

Sudlanuvchilardan birining yaqinlariga ko‘ra¸ Sangorodddan olib kelinayotgan bu ikkala sobiq amaldor advokatlari ularni insonparvarlik nuqtai nazaridan ozod qilishni so‘rab¸ sudga iltimosnoma kiritgan. Matbuotga yopiq sud jarayoni haqida gapirishga vakolati yo‘qligini aytgan sudda qatnashayotgan advokatlar¸ bunday ma’lumotga munosabat bildirishni istamadi.

Ayni paytda¸ Jazoni ijro etish boshqarmasi tibbiyot bo‘limiga aloqador mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ Mirag‘lam Mirzaevning xotini ham tergov davomida Sangorodga olib kelingan.

Sochlari oqarib ketgan bu ayolni ham Sangorodda 10 kuncha davolashdi”¸ dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan tibbiyot bo‘limi xizmatchisi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ mahkamada ayblov va himoya tomoni chiqishlaridan so‘ng¸ sudlanuvchilar ko‘rsatma bermoqda. Bu ko‘rsatmalar mazmuni haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Ayni paytda¸ sudlanuvchilarga pora bergan ayrim shaxslarning ham ularga qarshi ko‘rsatma berishi kutilmoqda.

“O‘zbekistonda pora berish jinoyati quroli sanalgan pul va boshqa qimmatbaho ashyolar davlat foydasiga musodara qilinadi. Buni bilgan “jinoiy guruh”ga pora bergan davlat amaldorlari¸ vazirlar¸ hokimlar¸ neft-gaz va paxta sohasini boshqarganlar pora bergani haqida ariza bermadi. Tergov davomida Qodirov va uning sobiq prokurorlariga pora bergani haqida ariza berganlar¸ asosan¸ tadbirkorlar¸ xususiy bank xodimlaridir. Bular¸ albatta¸ bergan pulini qaytarib ololmaydi. Ariza berganlar keltirgan summa sudlanuvchilar olgan poraning 10 foizini ham tashkil etmaydi”¸- dedi Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan tergov jarayonidan bilvosita xabardor huquq tizimi rasmiysi.

Hozircha mahkamaning qancha davom etishi¸ uning qachon hukm chiqarishi haqida noma’lum.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG