Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 18:53

Manbalar: Mirziyoev o‘z qudasini DXX raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinladi


Mirziyoev DXX binosini borib ko‘rdi

Prezident Shavkat Mirziyoev o‘z qudasi Botir Tursunovni 2 fevral kuni Davlat Xavfsizlik Xizmati (DXX) raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinladi.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan huquq-tartibot tizimlaridagi bir-biridan mustaqil bir nechta manbaga ko‘ra, general Botir Tursunov yangi vazifaga dekabr oxirida bo‘shatilgan Jahongir Egamovning o‘rnini egallagan.

"Korrupsiya"

O‘z xavfsizligidan cho‘chib Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan 3 fevralda gapirgan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi manbaga ko‘ra, 46 yashar Jahongir Egamovga qarshi DXXning bir guruh yuqori lavozimli xodimlari qatorida "korrupsiya ishi figuranti" sifatida jinoyat ishi ochilgan.

Ayni paytda, bu manba ham, Ozodlik suhbatlashgan boshqa manbalar ham Jahongir Egamov ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tafsilotlaridan xabardor emasliklarini ma’lum qildi.

Ularning qo‘shimcha qilishicha, Jahongir Egamov prezident Shavkat Mirziyoev 25 dekabr kuni DXX xodimlari ishtirokida o‘tkazgan kengaytirilgan yig‘ilish paytida vazifasidan bo‘shatilgan.

Biroq, mahalliy nashrlar bu haqda hozirga qadar hech qanday rasmiy xabar tarqatgani yo‘q.

Ozodlikning ayni masalada yuzasidan bergan savollariga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi javobi qisqa bo‘ldi:

"Bu borada rasmiy ma’lumot yo‘q".

Sobiq adliya maslahatchisi, Jahongir Egamov DXXda bor-yo‘g‘i o‘n bir oy muqaddam - 2018 yil fevralida ish boshlagan edi.

"Quda"

72 yashar general Botir Tursunov O‘zbekiston ichki ishlar va xavfsizlik xizmatida eng taniqli shaxslardan biri hisoblanadi.

O‘z faoliyatini o‘tgan asrning 80- yillarida KGBda boshlagan Botir Tursunov keyinchalik ko‘p yillar davomida ichki ishlar tizimida turli vazifalarni ijro etdi.

U 1990-yillar oxirida bir muddat Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishladi.

Shavkat Mirziyoev 2016 yilda prezident etib saylangach, Botir Tursunov O‘zbekiston Milliy Gvardiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Botir Tursunovning o‘g‘li - Oybek Tursunov prezident Shavkat Mirziyoevning to‘ng‘ich kuyovidir.

XS
SM
MD
LG